Tbilisi Silk Road Forum: Yangi Ipak yoʻli mamlakatlari oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

14:00 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
202 0

Gruziyada oʻtkazilgan “Tbilisi Silk Road Forum” xalqaro tadbirida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Mazkur forumning maqsadi Yangi Ipak yoʻli mamlakatlarining yuqori martabali siyosatchilar, ishbilarmonlar va hamjamiyatlar yetakchilari oʻrtasida koʻp tomonlama muloqot uchun xalqaro platforma sifatida xizmat qilishdan iboratdir. Bu esa, oʻz oʻrnida, mintaqa va dunyo iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi masalalarning umumiy yechimini topish imkonini beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Faxriddin Davrukov ham ushbu xalqaro darajadagi tadbirning 21-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan “Turizm sohasidagi texnologik imkoniyatlar uchun Yangi Ipak yoʻlining salohiyati” yalpi sessiyasida qatnashdi. Unda turizm sohasiga doir texnologik yutuqlarga doir videomateriallar namoyish qilindi. Xalqaro forum doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi hamda Gruziya Turizm milliy maʼmuriyati rahbari Mariam Kvrivishvili va turistik kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv oʻtkazilib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Oʻzbekiston iqtisodiyotida turizm sektorining tutgan oʻrni, sayyohlar oqimini oshirish hamda investorlarni jalb qilishga oid qabul qilinayotgan hujjatlar va choralar, yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, Hukumat tomonidan viza rejimini soddalashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, mamlakat turistik salohiyatining faol targʻiboti haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston tomondan ikki davlatning turistik faoliyat subyektlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning muhim ekani taʼkidlanib, Gruziya va Oʻzbekistonning salohiyatli sayyohlari uchun aralash turlarni tashkil qilish taklif etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tomon Gruziya Turizm milliy maʼmuriyati rahbariyati va turistik kompaniyalarini 13-15-noyabr kunlari poytaxtimizda oʻtkaziladigan XXV Toshkent xalqaro turistik yarmarkasida qatnashishga taklif qildi. Gruziya tomon Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aviareysning ochilishi ikki tomonlama sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishiga umid bildirdi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston tomon Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Gruziya Turizm milliy maʼmuriyati oʻrtasida biznes, eko, togʻ va gastronomik turizm turlari boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, shuningdek kadrlar malakasini oshirish, oliy taʼlim muassasalarida foydalaniladigan darsliklar, uslubiy qoʻllanmalar, dasturlar va boshqa materiallar almashinuvini koʻzda tutuvchi idoralararo hamkorlik memorandumini imzolashni taklif qildi.

Bunga javoban Gruziya tomon turizmning alohida turlarini rivojlantirish, mehmon uylarini qurish va ekspluatatsiya qilish, shuningdek sayyohlarga xizmat koʻrsatish uchun tegishli ekspertlarni jalb qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Shuningdek, Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha qator yangi hujjatlar qabul qilinayotgan bir davrda ikki tomonlama hamkorlik qilishga doir yangi tahrirdagi Hukumatlararo kelishuvni muvofiqlashtirish masalasini tezlashtirishga qaror qilindi.

Tadbir yakuniga koʻra, Gruziyada Oʻzbekistonning turistik salohiyatini namoyish qilish maqsadida yetakchi OAV vakillarini jalb qilgan holda promo-tadbirlar tashkil qilish, shuningdek ikki mamlakat turistik faoliyat subyektlari uchun “V2V” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazishga doir kelishuvga erishildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?