Tajriba almashishning foydasi ko‘p

10:44 02 May 2018 Iqtisodiyot
568 0
Foto: sputniknews-uz.com

Toshkent shahrida “O‘zbekistonda go‘sht va sut ishlab chiqarish istiqbollari: erishilgan yutuq va mavjud muammolar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan respublika “Nasl-xizmat” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda Germaniya, Gollandiya hamda Ukrainaning chorvachilik sohasidagi yetakchi kompaniyalari mutaxassislari tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan chorvachilikka ixtisoslashtirilgan sub’ektlar vakillari uchun ma’ruzalar qilinib, o‘zaro fikr almashildi.

Aytish joizki, davlatimiz rahbari viloyatlarga tashriflari davomida chorvachilik sohasini ilmiy asosda tashkil etish, xo‘jaliklarda naslchilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mahsuldorlikni oshirish, shuningdek, banklar tomonidan tarmoq rivoji uchun ajratilgan kreditlarning kelgusida qaytarilishi masalasining muammoga aylanishini oldini olish maqsadida mutasaddilar oldiga rivojlangan davlatlardan olim hamda mutaxassislarni jalb etish vazifalarini qo‘ymoqda. Jumladan, ushbu yo‘nalishda ilmiy-amaliy o‘quv seminarlari uyushtirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish hamda monitoringini olib borish vazifasi Xalq banki zimmasiga yuklatilgan.

— Yurtingizda qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari qatorida chorvachilikka ham katta e’tibor qaratilmoqda, — deydi Gollandiyaning “Trouw Nutrition” kompaniyasi vakili Artur Svirid. — Qishloq mulkdorlarining o‘z ishiga mas’uliyati va ishtiyoqi baland. Shu bois o‘quv seminari davomida bir nechta yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bunday uchrashuvlar fermerlarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish barobarida, hamkorlikni ham rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, bank tomonidan oxirgi ikki yil mobaynida qishloq xo‘jaligining muhim bo‘g‘ini sanalgan ushbu tarmoqni rivojlantirish maqsadida Rossiya, Ukraina, Yevropa davlatlaridan 20 ming 254 bosh naslli qoramol va 3 ming 632 bosh echki olib kelish uchun 241,5 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi. Pirovardida 4500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratildi.

Seminarda qatnashayotgan fermer xo‘jaliklari chorvachilik sohasidagi so‘nggi ma’lumotlarni o‘zlashtirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishmoqda. -Albatta, bu ularning kelgusidagi ish faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘quv seminarlari, shuningdek, Samarqand, Xorazm hamda Andijon viloyatlarida ham bo‘lib o‘tadi. Ularda respublikamizning barcha hududidan fermerlar va tadbirkorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Dilshod ULUG‘MURODOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?