Taʼtilga kelgan fuqarolarning navbatdagi guruhi Janubiy Koreyaga charter reys orqali joʻnab ketdi

13:14 30 Iyun 2020 Jamiyat
81 0

Pandemiya sababli mamlakatlar oʻrtasida aviaqatnovlarning vaqtincha toʻxtatilishi oqibatida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat taʼtili olib Oʻzbekistonga kelgan koʻplab fuqarolar ish joyiga qaytib keta olmayotgan edi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan olib borilgan oʻzaro muzokaralar natijasida mehnat taʼtiliga kelgan ana shunday fuqarolardan navbatdagi guruhi – 29 nafari tashkillashtirilgan holda Koreya Respublikasidagi oʻz ish joylariga charter reys orqali joʻnab ketdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, pandemiya davrida Koreya Respublikasiga kirib borishga ruxsat olish uchun rozilik bitimini toʻldirishdan oldin ish beruvchi bilan karantinda saqlash joyini aniqlashtirish (ish beruvchi xabarsiz qolmasligi kerak) hamda haqqoniy maʼlumotlarni rozilik bitimiga kiritish, karantin joyi korxona joylashgan hududda (shaharda) koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Ish beruvchining mehnat migrantini chaqirish haqidagi yozma rozilik xati qoʻllab-quvvatlanadi.

Notoʻgʻri berilgan maʼlumotlar fuqaroning Koreya Respublikasiga kirib borolmasligiga hamda ushbu mamlakat hududiga kirish uchun taqiq qoʻyilishiga sabab boʻlishi mumkin.

Eslatib oʻtmiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ushbu xizmatlari bepul amalga oshirilmoqda.

"Firibgarlik yoki ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida biror noqonuniy xatti-harakatlar haqida maʼlumotga ega boʻlsangiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga 71 202 33 55 (ichki raqam 41, 46, 11) telefon raqami orqali xabar berishingiz soʻraladi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati ruxsatiga ega boʻlmagan 8 nafar fuqaro (D.Usmanov, B.Mahmudov, M.Umarov, M.Barotov, T.Haitov, B.Latifov, A.Azimov, M.Ziyatov) aviachipta sotib olgan, oqibatda aviakompaniya ularga parvoz bortiga kirishga ruxsat bermagan.

Natijada fuqarolarning ushbu harakatlari ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarga sabab boʻlgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda Koreya Respublikasidan taʼtilga kelgan fuqarolarni navbati bilan oʻz ish joylariga qaytarish borasidagi ishlarini davom ettiradi", deyiladi agentlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?