Tasviriy sanʼat, foto va dizayn yoʻnalishi boʻyicha ijodiy ishlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi

20:42 22 Avgust 2019 Madaniyat
122 0

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Har yili mustaqillik bayrami arafasida ijodkorlar oʻrtasida “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanlovini oʻtkazish anʼanaga aylangan. Tanlov doirasida Toshkent Fotochilar uyida tasviriy sanʼat, foto va dizayn ustalarining “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” nomli ezgu gʻoya oʻzida mujassam etgan ijodiy ishlaridan tashkil topgan koʻrgazma boʻlib oʻtdi. 

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Ushbu koʻrgazmaga qoʻyilgan ijod namunalarida soʻnggi yillarda bunyodkorlik ishlari, xalq farovonligi, ijobiy oʻzgarishlarning yurtdoshlarimiz hayotida oʻz ifodasini topayotgani kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

  • Koʻrik-tanlovga bu yil qabul qilingan suratlar avvalgilardan ancha farqli. — deydi Oʻzbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Boshqaruvi raisi Isfandiyor LATIPOV. — Bu yilgi suratlarda nafaqat siyosiy-ijtimoiy oʻzgarishlar, yutuqlar, gʻalabalar aks etgan, balki ularda shukronalik aksini ham koʻrish mumkin. qolaversa, ijodkorning ichki olamini ochib beruvchi, ilohiyotga yoʻgʻrilgan tasviriy sanʼat asarlari ham koʻrgazmadan joy olgan.
    Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.

Maʼlumotlarga koʻra, “Eng ulugʻ, eng aziz” koʻrik-tanloviga tasviriy sanʼat, foto va dizayn boʻyicha viloyatlardan jami 100 dan ortiq muallif 500 dan ortiq ijodiy ishlar bilan ishtirok etib, respublika bosqichida 50 ta muallif ishtirok etdi. Ularning 370 ta ijodiy asarlari koʻrib chiqildi. Shundan tavsiya etilgan 82 ta tasviriy sanʼat, 170 ta dizayn, 87 ta foto asarlari tanlab olindi.

Foto: Hakim Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”.
  • Men ushbu koʻrik-tanlovga ilk bor ijodiy ishlarimni taqdim etdim. — deydi foto yoʻnalishi ishtirokchisi Feruza NAZAR. — Tanlov orqali boshqa foto ustalaridan yangi gʻoyalarga ega boʻldim, yana bir karra tajriba orttirdim desam adashmayman. Koʻrgazmadan “Navqiron barkamollik” nomi ostidagi turkum suratlarim oʻrin olgan. Bunda subhidamdagi ulugʻ qadamjolar manzarasi aks ettirilgan.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?