Tashqi savdo vazirining yangi oʻrinbosari tayinlandi

11:28 20 Dekabr 2018 Siyosat
432 0

Foto: Tashqi savdo vazirligi

Oʻzbekistonning Latviya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimini egallagan Badriddin Abidov Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirining oʻrinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Badriddin Nuriddinovich Abidov Toshkent avtomobil yoʻllari instituti va Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutini tamomlagan. U rus, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Badriddin Abidov diplomatiya, tashqi iqtisodiy faoliyat va xalqaro huquq sohasida katta tajribaga ega. Oʻz faoliyatini 1992 yilda Toshkent avtomobil va yoʻllar institutida stajyor-izlanuvchi sifatida boshlagan. 1993 yildan 2013 yilgacha Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik missiyalari tarkibida turli lavozimlarda ishlagan. Xususan, 2003 yildan 2013 yilgacha Oʻzbekistonning Jenevadagi BMT boʻlinmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasida 1-kotib, Vakolatxona rahbari vazifasini bajarib kelgan.

2014 yilda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazining Inson huquqlari boʻyicha xalqaro hamkorlik boʻlimi mudiri etib tayinlandi. Keyinchalik “Oʻzpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, boshqarma boshligʻi, 2016-2018 yillarda esa Tashqi ishlar vazirligi Yevropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasi birinchi kotibi, Yevropa Ittifoqi va NATO tuzilmalari bilan hamkorlik boʻlimi boshligʻi vazifasini bajaruvchi vazifalarida faoliyat olib borgan.

Vazir oʻrinbosariga Oʻzbekiston Respublikasi Jahon savdo tashkiloti (JST)ga aʼzo boʻlishi boʻyicha masalalarni olib borish, shuningdek, tashqi savdoda bojxona va tariflarni tartibga solish, importni optimallashtirish, transport koridorlarini rivojlantirish va eksport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish vazifalari yuklatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?