Tashqi savdo vaziriga xorijlik maslahatchi tayinlandi. U Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishiga koʻmaklashadi

10:39 03 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
916 0

Tashqi savdo vazirligi va AQSHning Xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID) oʻrtasida 2018 yil 16 may kuni Vashington shahrida imzolangan Oʻzaro anglashuv memorandum ijrosi doirasida xalqaro savdo huquqi sohasidagi ekspert Yovan Yekich Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi eksport geografiyasini yanada kengaytirishga, xorijiy davlatlarga mahsulot va xizmatlar yetkazish hajmini koʻpaytirishga imkoniyat yaratadi. Maʼlumki, JSTga aʼzo boʻlish jarayoni murakkab va uzoq muddatli jarayondir, va shu oʻrinda xalqaro ekspert tashkilotdagi ishtirokdan eng katta afzalliklarni qoʻlga kiritish maqsadida har tomonlama muvozanatli muzokara oʻtkazish jarayonida bizga koʻmaklashadi”, — deydi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Yovan Yekich xalqaro tijoriy huquq, intellektual mulk himoyasi, bojxona qoida va tartibotlari, savdo siyosatini huquqiy tartibga solish, savdo va investitsion siyosat sohalarida 35 yildan ortiq tajribaga ega. 2001-2017 yillarda Ozarbayjon, Tojikiston hamda Serbiya va Chernogoriya hukumatlariga JSTga aʼzo boʻlish masalalari boʻyicha konsultativ koʻmak bergan. Ekspert Jenevadagi JST Kotibiyati vakillari va tashkilotning boshqa aʼzolari muzokara guruhlari bilan konstruktiv va funksional aloqaga ega.

Yovan Yekichning faoliyatidagi asosiy yoʻnalishlar quyidagilar hisoblanadi:

— JST kotibiyatiga taqdim etish maqsadida respublikaning tashqi savdo tartibini taʼriflovchi asosiy hujjat (Memorandum)ni tayyorlashda amaliy koʻmaklashish;

— JST bitimlari qoidalariga muvofiq respublikaning milliy qonunchiligiga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni tayyorlash;

— xalqaro ekspertning yaqinda JSTga qoʻshilgan boshqa mamlakatlaridagi tajribasi asosida respublikaning xalqaro konvensiyalar va shartnomalarga qoʻshilish boʻyicha takliflarni tayyorlash;

— Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonida muzokaralar oʻtkazish boʻyicha takliflarni tayyorlash, xususan, uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazish masalalari boʻyicha muzokara guruhi aʼzolari bilan davra suhbatlari va mavzuga oid uchrashuvlarni oʻtkazish

— JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha savdo muzokaralarini oʻtkazish masalasida taktikalar va strategiyalar mavzularida seminarlar va davra suhbatlarini oʻtkazish.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?