Tashqi qarz jahon moliya tashkilotlarining mamlakatimizga ishonchi yuqoriligini koʻrsatadi — Aktam XAITOV

16:07 15 Sentyabr 2020 Siyosat
408 0

Davlat tashqi qarzini qaysidir maʼnoda davlatga boʻlgan “ishonch miqdori” deb ham tushunsa boʻladi. Axir qarz (yoki investitsiya) duch kelgan odamga yoxud davlatga berilavermaydi-ku? Avval uning ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari tekshiriladi.

Shuningdek, qarzlarning ayrimlari uzoq hamda oʻrta muddatlarga olinadi, imtiyozli davrda foiz stavkasi toʻlanib, qarz summasi toʻlanmaydi.

Koʻpchilikka yaxshi maʼlum, Oʻzbekiston davlat qarzi, xususan, tashqi qarz va uning tarkibi boʻyicha rasmiy maʼlumotlar eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida ayrimlar tomonidan vaziyatni toʻgʻri baholamasdan turib, tanqidiy fikrlar bildirilmoqda.

Aslida bu ham ijobiy holat. Chunki yangilanayotgan Oʻzbekistonda har qanday sohada ochiqlik, shaffoflik alohida mezon sifatida belgilangan. Lekin davlat va xalq manfaatlari bilan bogʻliq masalalarda munosabat bildirish yoki xabar tarqatishdan oldin kun tartibidagi masalani atroflicha tahlil qilib, keyin munosabat bildirilsa toʻgʻri boʻlardi.

Mavjud vaziyatni inobatga olib, Moliya vazirligi tomonidan qancha qarz olindi, qaysi sohalar boʻyicha, kimlardan va qaysi valyutalarda, qanday loyihalar moliyalashtirilyapti, uning ijrochilari kim, barchasi boʻyicha aniq maʼlumot berilishi kutilmoqda. Tashqi qarzning maqsadli hamda samarali foydalanilishi boʻyicha keng va aniq maʼlumotlarning taqdim etilishi bu borada muhim qadam, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Tashqi qarz dunyoning har qanday mamlakatida mavjud boʻlib, u davlat tomonidan xorijdan mablagʻ jalb qilish natijasida vujudga keladigan majburiyatlar yigʻindisi hisoblanadi. Davlat tashqi qarzini muhtojlik tufayli olingan oddiy qarz maʼnosida tushunmaslik kerak. Ushbu tushuncha maqsadli kreditlar, sarmoyalar va boshqa mablagʻlarning mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelishini bildiradi.

Xalqimizning farovon hayotini va barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash uchun, avvalo, infratuzilmani rivojlantirish talab etiladi. Aholining yashashi, ishlab chiqarish hamda tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun zarur boʻlgan energetika, suv taʼminoti, transport va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish uchun Hukumat tomonidan katta miqdordagi sarmoyalar talab etiladi.

Ichki imkoniyatlar cheklangan holatda, davlat tashqi qarzi, asosan, infratuzilma, sanoat va qishloq xoʻjaligi loyihalariga yoʻnaltirilmoqda. Xususan, 2020-yilning 1-yarim yilligi yakuni boʻyicha jami davlat tashqi qarzining 29,4 foizi yoki 5,1 mlrd, dollari energetika sohasiga, 13,0 foizi yoki 2,2 mlrd, dollari transport infratuzilmasiga, 12,9 foizi yoki 2,2 mlrd, dollari uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalariga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Bir narsani tushunib olishimiz kerak. Birinchidan, Oʻzbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarz miqdori juda ham past darajada, deb hisoblanadi. Buni oʻlchashning oʻziga yarasha metodikasi bor, masalan, YAIMga nisbatan ulushini olish mumkin. Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 1-iyul holatiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldigʻi dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etadi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi Oʻzbekiston tashqi qarzini YAIMga nisbatan 55 foizgacha jalb etishni moʻtadil yoki barqaror, deb baholashini maʼlum qilgan.

Ikkinchidan, tashqi qarz xavotirga tushadigan narsa emas. Agar bu qarz notoʻgʻri sarflansa yoki shaffof boʻlmagan jarayonlar orqali oʻzlashtirilsa, ana shundagina har qanday xavotir oʻrinli va asosli boʻladi.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida juda katta vazifalarni amalga oshirishga bel bogʻlangan. Xususan, kelgusida investitsiyalarni barqaror jalb etish ham ana shu muhim vazifalar sirasiga kiradi. Bilamiz, investitsiya oʻz-oʻzidan kirib kelmaydi. Buning uchun mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish zarur.

Shu maʼnoda, qarz olib, uni aql bilan, ilmga asoslanib, aniq hisob-kitoblar bilan sarflab, keyinchalik qarzni bosqichma-bosqich qaytarish juda ham toʻgʻri yoʻldir. Pirovard maqsad bitta — xalqimizning bugungidan-da farovon va baxtli yashashini taʼminlash. Oʻzbekistonning biznes yuritish hamda investitsiya kiritish uchun eng jozibador mamlakatlar qatoridan oʻrin olishini taʼminlash ham oldimizda turgan eng muhim vazifadir. Zero, jahonning rivojlangan davlatlari tajribasiga qaraydigan boʻlsak ham mazkur amaliyot oʻzini toʻla oqlagan.

Bu borada bizga ishonch bagʻishlaydigan yana bir jihat shundaki, Prezidentimiz shu yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida: “Byudjet mablagʻlarining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yana-da kuchaytirish zarur. Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablagʻlarni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy eʼtibor qaratiladi”, degan edi. Bu tashqi qarzni makroiqtisodiy koʻrsatkichlar holatini inobatga olgan holda jalb etishga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganini koʻrsatadi.

Shuni qayd etish kerakki, ayni paytda Oʻzbekistonning tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki jalb qilinayotgan davlat tashqi qarzlari energetika, transport va transport infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, kimyo, taʼlim hamda sogʻliqni saqlash singari muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga yoʻnaltiriladi. Agar chetdan mablagʻ jalb etilmasa, islohotlarni Davlat byudjetidan amalga oshirishga toʻgʻri keladi.

Shu nuqtayi nazardan, tashqi qarzni, birinchi navbatda, davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, tashqi qarzning maqsadli hamda samarali foydalanilishi boʻyicha shaffoflikni taʼminlash, bu boradagi axborotlar keng jamoatchilikka maʼlum qilinishini ham ijobiy qadam sifatida baholash zarur.

Umuman olganda, tashqi qarzlarni nufuzli xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizga boʻlgan ishonchi, deb baholashimiz joiz. Takror boʻlsa-da taʼkidlash oʻrinli, negaki, qarz har qanday davlatga ham berilavermaydi. Avvalo, qarz oluvchining ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari obdan koʻzdan kechiriladi.

Mavjud tahlillar, mamlakatimizning ichki resurs hamda imkoniyatlarini, qolaversa, yangi islohotlar samarasidan kelib chiqib shuni ishonch bilan aytish mumkinki, davlat tashqi qarzi borasida tushkunlikka yoki xavotirga tushishga hech qanday asos yoʻq. Jarayon aniq tahlil va hisob-kitoblarga tayangan holda olib borilyapti.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?