Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi sobiq rahbariyati uzoq muddatlarga qamaldi

21:10 20 Avgust 2019 Jamiyat
142 0

Illyustrativ foto

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq rahbarlari uzoq muddatlarga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

2018-yilning noyabr oyida agentlik rahbarlari katta miqdorda pora olganlikda ayblanib qoʻlga olingan edi. Baʼzi manbalar 14-20-noyabr kunlari Migratsiya agentligining 20ga yaqin rasmiysi Koreyaga ishga ketayotganlardan 20 million dollar pora olganlikda gumonlanayotgani haqida yozgan edi. Mazkur xabarni oradan bir necha kun oʻtgach, Bosh prokuratura tasdiqlagan.

Oliy sud xabar berishicha, agentlikning sobiq rahbarlari firibgarlik, pora berish, kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanishda aybdor topilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudining 19-avgustda chiqargan hukmiga koʻra:

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining sobiq boshligʻi Rovshan Ibragimov – 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Agentlik boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlagan Ulugʻbek Nazarov – 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Agentlikning Fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish masalalari departamenti Chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlganlarni topish va roʻyxatga olish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan Alijon Abdullayev – 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Agentlikning Joʻnab ketishdan oldingi moslashtirish va oʻqitish markazi direktori lavozimida ishlagan Ozod Maxsudov – 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 210 (pora olish), 211 (pora berish), 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) va 2782 (kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?