Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari faoliyati tanqidiy tahlil qilindi

09:45 23 May 2018 Siyosat
265 0
Foto: ru.sputniknews-uz.com

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida TIV tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda TIVning mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlarini tatbiq qilishga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklidagi yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning xorijdagi barcha muassasasi rahbarlari qatnashgan yig‘ilishlarda O‘zbekistonga sherik davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni sifatli hamda o‘z vaqtida tatbiq etish doirasida joriy topshiriqlar va elchixonalar hamda konsulxonalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga doir boshqa dolzarb masalalar batafsil muhokama qilindi.

Diplomatik missiyalar rahbarlari tashqi iqtisodiy manfaatlarni ilgari surish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, milliy tovar hamda xizmatlarni jahon bozorlariga olib chiqish va mamlakatimizga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston rahbariyati topshiriqlarini bajarish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdilar.

Xorijiy investitsiyalar hamda ilg‘or texnologiyalarni mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilish bo‘yicha chet ellardagi vakolatxonalarimiz olib borayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Joriy yilning birinchi choragida diplomatik missiyalar tomonidan O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, boshqa tuzilmalar, jumladan, mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda xorijda jami 450 ta tadbir o‘tkazildi va jahon hamjamiyati yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda respublikaning xalqaro tashabbuslari to‘g‘risida keng xabardor qilindi. Xorijdagi yetakchi OAVda O‘zbekistondagi investitsion imkoniyatlar va biznes muhiti to‘g‘risida 200 dan ortiq maqolalar chop etildi.

O‘zbekistonga 350 dan ortiq xorijiy delegatsiyalar (xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, rasmiy hamda biznes doiralar va OAV vakillari) tashrifi tashkillashtirildi. O‘zbekistonning 95 ta delegatsiyasining (rasmiy hamda biznes doiralar vakillari) xorijiy davlatlarga tashrifini amalga oshirishda yordam ko‘rsatildi. Tashriflar yakunlariga ko‘ra, 40 ta hujjat, xususan, Yevropa ittifoqi davlatlari bilan 12 ta, Osiyo — Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari bilan — 16 ta, MDHga a’zo davlatlar bilan — 8 ta bitim va shartnomalar imzolandi.

Alohida e’tibor tashqi iqtisodiy munosabatlarni xorijiy sheriklar bilan yanada rivojlantirish, yangi sotish bozorlarini qidirish, milliy tovarlarni eksport qilishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish hamda ularning tashqi bozorlarga chiqishini oshirish masalalariga qaratildi. Shu o‘rinda topshiriqlarni bajarish doirasida diplomatik missiyalar tomonidan turli darajalardagi xorijiy delegatsiyalarning (rasmiy, shaxsiy va aralash) O‘zbekistonga 106 ta tashrifi tashkillashtirildi hamda mamlakatimizda ishlab chiqariladigan mahsulotlarni import qilish, standartlashtirish va metrologiya sohasida hamkorlik, mamlakatimiz hududida qo‘shma korxonalarni yaratish hamda uning tovarlarini uchinchi davlatlarga eksport qilish masalalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.

MDH (Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkmaniston), Yevropa (Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Polsha, Chexiya), Osiyo (Afg‘oniston, Bangladesh, Eron, Hindiston, Koreya Respublikasi, Malayziya, Pokiston, Tailand, Xitoy, Yaponiya), Yaqin Sharq (BAA, Misr) mamlakatlariga turli darajalardagi O‘zbekiston delegatsiyasining 60 dan ortiq tashriflari amalga oshirildi. Tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari ishtirokida BAA, Gretsiya, Hindiston, Kipr, Ozarbayjon, Pokiston, Turkmaniston, Xitoy hamda boshqa davlatlarga mahalliy tovarlarni yetkazib berishga doir jami 58,4 million AQSh dollari va 24 million yevrolik eksport shartnomalari imzolandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, davlat hamda xususiy tuzilmalar bilan hamkorlikda 21 biznes forumi o‘tkazildi, shulardan 13 tasi xorijiy davlatlarda (Buyuk Britaniya, Eron, Gretsiya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Latviya, Pokiston, Xitoy, Yaponiya) bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy kompaniyalar hamda korxonalar vakillarining AQSh, Ozarbayjon, Rossiya, Germaniya, Gruziya, Belgiya, Bangladesh, Hindiston, Italiya, Malayziya, Latviya, Xitoy, Janubiy Koreya, Chexiya, Tailand va BAAda tashkillashtirilgan xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishiga ko‘mak ko‘rsatildi. Ularning yakuniga ko‘ra, jami 83,5 million dollarlik savdo hujjatlari imzolandi.

Diplomatik missiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda turistik firmalar bilan yaqindan hamkorlikda mamlakatimizga kelayotgan xorijiy turistlar sonini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berdilar.

Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari uchun viza bekor qilinishi, shuningdek, qator davlatlar fuqarolari uchun viza olish tartibining soddalashtirilishi natijasida sayyohlar sonining bir necha barobar oshishi kuzatilmoqda.

O‘zbekistonning turistik salohiyatini xorijda keng yoyish doirasida 100 dan ortiq taqdimotlar o‘tkazildi hamda 36 davlatning 150 ta matbuot va elektron nashrlarida maqolalar chop etish tashkillashtirildi. 34 ta tasvirga olish guruhi tashriflarini uyushtirishda yordam ko‘rsatildi hamda 13 ta davlatning 29 ta telekanalida O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlandi.

Yig‘ilish doirasida “Yo‘l xaritalari”, qator dastur va investitsiyaviy loyihalarning ba’zi bandlarini hayotga tatbiq qilishning muammoli jihatlari qayd etildi hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni idoraviy muvofiqlashtirish, qayta aloqani yo‘lga qo‘yishni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bayon qilindi.

Diplomatik missiya rahbarlariga “Yo‘l xaritalari”ning ayrim bandlarining amalga oshirilishi sifati yuzasidan tanqidiy mulohazalar bildirildi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shu o‘rinda yangi topshiriqlar qo‘yilishi hamda ularni amalga oshirishdagi intensivlik sharoitlarida bajarilayotgan ishlar samaradorligi va sifati, mamlakatimizning yetakchi muassasalari bilan muvofiqlashtirish darajasining tahlili diplomatik vakolatxonalarning qator xodimlari kasbiy tayyorgarligini oshirish lozimligini ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan zaruratdan kelib chiqib, TIV bilimdonlikni oshirish hamda yuqori darajadagi kasbiy yetuklikni ta’minlash bo‘yicha xodimlar malakasini tizimli yuksaltirishning amaliy dasturini hayotga bosqichma-bosqich tatbiq etishga kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?