Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari: Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi Oʻzbekiston ­fuqarolarining soni 2,5 milliondan ortiq

16:33 10 Iyul 2020 Jamiyat
765 0

Soʻnggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, huquq hamda manfaatlarini har tomonlama himoyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Erkin Hamroyev bilan suhbatimiz mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar, jumladan, vazirlikning chet ellardagi vatandoshlar bilan hamkorligi xususida boʻldi.

— Erkin Jalilovich, taraqqiyotga erishgan davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratsak, bunda vatandoshlar bilan yoʻlga qoʻyilgan aloqalar muhim oʻrin ­tutishiga guvoh boʻlamiz. Ochigʻi, tan olish kerak, biz uzoq yillar mobaynida ushbu masalaga yetarlicha ahamiyat bermadik. Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari va tashabbusi tufayli oxirgi toʻrt yilda vatandoshlar bilan izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Ayting-chi, mana shunday pragmatik muloqotning ­muhimligi nimada?

— Toʻgʻri aytasiz, hozirgi vaqtda koʻplab vatandoshlarimiz iqtisodiyotimiz, ijti­moiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga, oʻzlarining tarixiy Vatani — Oʻzbekistonning obroʻsini oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan ­munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.

Vatandoshlar bilan hamkorlik qilishning uzoq muddatli va mustahkam tizimini ­yaratish hamda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar ­strategiyasida belgilangan vazifalarni toʻlaqonli amalga oshirish maqsadida ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yilning 25-oktyabr kuni «Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ­hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yana-da takomil­lashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaror qabul qilindi.

Ushbu hujjat asosida Xorijda is­tiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi va ular bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Asosiy maqsad — vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat tomonidan ularni ragʻbatlantirish, salohiyatlarini mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga, davlatimizning xalqaro nufuzini yana-da mustahkamlashga jalb qilishdir.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda xorijiy davlatlardagi Oʻzbekiston ­fuqarolarining soni 2,5 milliondan ortiq (Rossiya Federatsiyasida 1,5 mln.dan, AQSHda 100 mingdan, Qozogʻistonda 140 mingdan, Qirgʻizistonda 13 mingdan, Tojikistonda 5 mingdan ziyod, Yevropa davlatlarida 50 ming, Yaponiyada esa 4 mingga yaqin).

Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlarda 49 000 dan ortiq (Rossiya Federatsiyasida 17 488, Qozogʻistonda 17 000 dan ziyod, Janubiy Koreyada 10 000 ga yaqin, Polshada 1600 dan ortiq, Yevropaning ­boshqa davlatlarida 1000 dan koʻp, ­Yaponiyada 700 dan ziyod) oʻzbekistonlik talabalar tahsil olmoqda.

Taʼkidlash joizki, fuqarolarimizning aksariyati xorijga borganidan soʻng Oʻzbekis­ton Respublikasining diplomatik vakolatxonalari konsullik roʻyxatida turmasligi hamda chet el davlatlardagi shaxsiy maʼlumotlarning qonun tomonidan himoyalanganligi (shaxsning roziligisiz oshkor etmaslik) ular toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar olish, ayrim hollarda huquq va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha tezkor yordam koʻr­satishga toʻsiq boʻlmoqda.

Shu oʻrinda yuqorida aytib oʻtganimdek, xorijdagi koʻplab vatandoshlarimiz respublikamizning rivojlanishida bevosita qatnashish maqsadida Oʻzbekistonga qaytib kelib, oʻzlarining hissalarini qoʻshishmoqda. Xususan, ular safidan yuqori malakali mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasining davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda joylardagi ijro hokimiyati va ­boshqa davlat tashkilotlariga ishga qabul qilindilar. Hozir 130 nafardan ortigʻi rahbar hamda masʼul lavozimlarda faoliyat olib bormoqda.

Bundan tashqari, chet eldagi diplomatik va konsullik vakolatxonalarimiz xorijdagi hamyurtlarimiz tomonidan tuzilgan tashkilotlar, oʻzbek milliy va madaniy markazlari bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan, oxirgi yillarda ular bilan birgalikda 700 dan ziyod tadbirlar — uchrashuvlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, brifinglar, videokonferensiyalar, konsert­lar uyushtirilganini alohida aytib oʻtish oʻrinlidir.

— Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasidan koʻzlangan maqsad haqida ham batafsil toʻxtalib oʻtsangiz.

— Mazkur konsepsiya — davlatning ushbu yoʻnalishdagi siyosatining prinsiplari, maqsadlari va mexanizmlarini namoyon etadigan qarashlarning yagona tizimidir.

Hujjatning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

— xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shart­nomalari asosida chet ellardagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda yordam koʻrsatish;

— Oʻzbekiston madaniy, ilmiy hamda maʼnaviy merosini keng targʻib qilish, uni ­dunyoda oʻrganish va ommalashtirish, istiqomat qilayotgan mamlakatlarida oʻzbek tilini, madaniyatini hamda anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan ­vatandoshlarimizning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularning Oʻzbekistonda taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

— Oʻzbekiston Respublikasining ijti­moiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hamda uning xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishni istagan vatandoshlar hamda ular tomonidan tuzilgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;

— Oʻzbekiston hududida vatandoshlarning kasbiy, shu jumladan, tadbirkorlik, sarmoya­dorlik, ilmiy, maʼrifiy hamda madaniy faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy shart-­sharoitlar yaratish;

— Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining ­xalqaro obroʻ-eʼtiborini yana-da mustahkamlashga vatandoshlar salohiyatini jalb qilish.

Ayni paytda mazkur hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi izchil davom ettirilmoqda.

— Maʼlumki, chet eldagi vatandoshlarni yurtimiz rivoji uchun hissa qoʻshishga jalb qilish maqsadida ularga muayyan yengilliklar yaratib berish koʻzda tutilgan. Xoʻsh, vatandoshlarimizning salohiyatidan foydalanish, ularni ­Vatanga investitsiya kiritishga ragʻbatlantirish boʻyicha qanday rejalar ishlab chiqildi?

— 2019-yil 25-martda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjatga koʻra, vatandoshlarga tasdiqnoma berish uchun imtiyozli tartib joriy etilgan, tasdiqnoma olish uchun toʻlov miqdori kamaytirilgan.

Shu asosda Oʻzbekiston Respublikasi ­Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan vatandoshlarga mamlakatimiz hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berib kelinmoqda.

Qolaversa, 2019-yil 17-aprelda Oʻzbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan xorijda yashayotgan ­vatandoshlar va ularning oila aʼzolarini Oʻzbekistonga taklif etishni rasmiylashtirish, koʻp martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiy­lashtirish boʻlinmalari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi belgilangan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan joriy yil iyun oyida Fargʻona viloyatiga amalga oshirilgan tashrif davomida vatandoshlar bilan tizimli ishlash boʻyicha bir qator vazifalar berildi.

Ushbu topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida 2020-yilning ikkinchi yarmida Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandoshlarimizning investitsion salohiyatini, ularning bilim hamda tajribasini Oʻzbekistondagi taraqqiyot jarayonlariga jalb etish, ular orasidan investorlar, malakali mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim va talabalardan iborat “Oltin daftar” reyestrini shakllantirish, ularga muayyan yengilliklar ­yaratib berish rejalashtirilgan.

— Pandemiya davrida Vatanga qaytish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz bilan bogʻliq ayrim muammolar yuzaga kelgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab murojaatlar paydo boʻldi. Ayting-chi, Oʻzbekistonga qaytishni istagan vatandoshlarimizning hammasi olib kelindimi? Shu haqda maʼlumot bersangiz.

— Dunyo boʻylab COVID-19 pandemiyasi ­tarqalishi bois Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi.

Ushbu komissiyaning tegishli bayoniga muvofiq, 2020-yilning 16-martidan mamlakatimizda tegishli karantin choralari qoʻllanilmoqda. Shular qatorida, Oʻzbekiston Respublikasi boshqa davlatlar bilan doimiy aviaqatnovlarni vaqtincha toʻxtatdi.

Chet ellardagi Oʻzbekistonga qaytish istagini bildirgan fuqarolarimizning oʻsha davlatlardagi Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan tegishli roʻyxati shakllantirilib, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan, charter reyslar orqali respublikamizga olib kelinmoqda. Shu kunga qadar 89 182 nafar (shundan 27 348 nafari charter reyslar, 1 245 nafari temir yoʻl qatnovlari va 60 589 nafari avtotransport orqali) Oʻzbekiston fuqarosi respublikamizga qaytarildi. Ayni vaqtda 90 mingga yaqin fuqarolarimiz Oʻzbekistonga qaytish istagini bildirgan va tegishli roʻyxatga kiritilgan.

Oʻz navbatida, Rossiya, Turkiya va boshqa ayrim davlatlarda COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq karantin choralari bosqichma-bosqich yengillashtirilayotganligi bois ushbu davlatlarga mehnat migranti sifatida ketgan fuqarolarimiz oʻz ish joylariga qaytmoqda va Oʻzbekistonga qaytish qarorini oʻzgartirmoqda.

— Koronavirusga qarshi kurashda xorijdagi vatandoshlarimiz ham oʻz yordamini berayotganini koʻrib, eshitib turibmiz. Mana shu saxovat ishlarida qaysi davlatlardagi vatandoshlarimizni alohida eʼtirof etgan boʻlardingiz?

— Bu koʻrinmas “yov”ga qarshi kurashda kimnidir alohida eʼtirof etish unchalik ham toʻgʻri boʻladi, deb hisoblamayman. Chunki ushbu pandemiya tufayli qiyin va nochor ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizga xorijdagi barcha saxiy vatandoshlarimiz, homiylar, ishbilarmon doiralar vakillari mablagʻlari hamda diplomatik vakolatxonalardagi xodimlarimiz oʻz hisoblaridan koʻmak berilmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, koronavirus pandemiyasi oqibatida qiyin ahvolda qolgan Rossiya Federatsiyasidagi Oʻzbekiston fuqarolariga bir martalik moddiy yordam toʻlanadigan “Mehr” loyihasi joriy qilindi.

Mazkur mablagʻlarning asosiy qismini elchixonaning maxsus ochilgan hisob varagʻiga homiylar tomonidan tushgan mablagʻlar tashkil etadi. Toʻlovlar quyidagi toifadagi fuqarolarga ajratilmoqda. Xususan, nogironligi boʻlganlar, qaramogʻida 2 yoshga toʻlmagan farzandi bor hamda homiladorlik ­muddati 7 oydan oshgan ayollar, COVID-19 tashxisi tasdiqlangan fuqarolar hamda ­Rossiya oliy taʼlim muassasalarining ­kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar.

Shu kabi xayriya aksiyalari Vatanimizning xorijiy davlatlardagi barcha diplomatik va konsullik muassasalarining kundalik ish faoliyatiga aylanib ulgurgan.

Bugungi kunda chet eldagi vakolatxonalarimiz tomonidan homiylik mablagʻlarini jalb qilgan holda 43 mingdan ziyod fuqarolarimizga moliyaviy va moddiy yordam ­koʻrsatildi.

Shu oʻrinda hozirgi vaqtda chet elda boʻlib turgan fuqarolarimizdan sabr-toqatli boʻlishni va oʻzlari turgan davlatlardagi karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilishlarini yana bir bor soʻrab qolamiz.

— Vatandoshlar haqida soʻz yuritganda mehnat migrantlari ­xususida alohida toʻxtalishimiz tabiiy. Bugungi kunda eng koʻp mehnat migrantlari Rossiya Federatsiyasida faoliyat yurityapti. Ularga qulaylik va yengilliklar ­yaratishda yana qanday yangiliklar boʻlishi mumkin? Boshqa mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz ahvoli qanday?

— Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya hududida, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Vladivostok, Qozon, Rostov-Don, Novosibirsk ­shaharlarida hamda Qozogʻiston hududida — Nur-Sulton, Olmaota, Oqtau shaharlarida diplomatik va konsullik vakolatxonalar ­faoliyat yuritib kelmoqda.

Shu bilan birga, Qozogʻistondagi Sari­agʻash hamda Rossiya Federatsiyasining Tula, Samara va Saransk shaharlarida Bosh ­konsulxonalarni ochish masalalari koʻrib ­chiqilmoqda.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya, Rossiyadagi elchixona hamda konsullik muassasalarimizda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillari oʻz faoliyatlarini olib bormoqda. Hozirgi kunda agentlikning Turkiya, Latviya va Finlyandiyada vakolatxonalarini ochish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.

Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Rossiya Federatsiya­siga borgan, ammo mavjud cheklovlar sababli ishsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq hamda erkinliklarini taʼminlash va himoya qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatxonalari konsullik okrugi hududidagi Mehnat vazirliklari, davlat mehnat inspeksiyalari, bandlikka koʻmaklashish markazlari hamda ishchi kuchiga ehtiyoji boʻlgan turli korxona va tashkilotlar bilan doimiy ravishda muzokaralar hamda hamkorlik ishlarini olib borishmoqda.

Qolaversa, vakolatxonalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga oʻz mehnat faoliyatlarini davom ettirayotgan davr mobaynida, ularning moslashishlari, ishga joylashish, hayotiy qiyin vaziyatga tushib qolgan taqdirda mehnat migrantlariga oʻz vaqtida zaruriy yordam koʻrsatish imkoniyatlarini yana-da ken­gaytirish maqsadida “Rossiya migrantlari federatsiyasi” (Federatsiya migrantov Rossii) jamoat tashkilotining hududiy boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining vakolatxonalari tomonidan bir necha bor yuborilgan yigʻma-tahlil maʼlumotlarda «Rabota v Rossii» elektron portali nafaqat Tashqi mehnat migratsiya agentligi tizimida, balki xorijda ishlash istagidagi fuqarolar uchun ochiq boʻlib, toʻliq ishga tushirilishi kerakligi taʼkidlangan. Oʻz navbatida, ushbu elektron portal Rossiya mehnat bozorini, uning doimiy va oʻzgaradigan talablarini tahlil qilishda hamda chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni kasbiy yoʻnaltirilishida imkoniyat berishi maʼlum qilingan.

Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasi hududida karantin choralari bosqichma-­bosqich yumshatilayotgani bois ushbu ­davlatda mehnat faoliyatini davom ­ettirish niyatida boʻlgan fuqarolar Bosh konsulxonalarga boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni olish uchun murojaat qilmoqdalar.

Ishlash istagidagi fuqarolarga «Rabota v Rossii» elektron platformasi orqali ish izlash imkoniyati mavjudligi, ushbu platforma yordamida fuqaroning yashab turgan hududida boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotlarni doimiy ravishda olish mumkinligi maʼlum qilinmoqda.

Shuningdek, boshqa mamlakatlardagi mehnat migrantlarining aksariyati hozirgi pandemiya sharoitida Vatanga qaytish niyatini bildirganini ham aytish oʻrinlidir.

Taʼkidlash joizki, hozirgi kunda ­Tashqi ishlar vazirligida ham konsullik ­xizmatlarini masofadan turib, yaʼni interfaol usulda amalga oshirish yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, ayni paytda chet elda fuqarolik pasportini yoʻqotgan fuqarolarga “Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasi”ni rasmiylashtirish, chet elda yashab turgan fuqarolarimizga doimiy yoki vaqtinchalik konsullik roʻyxatidan oʻtish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, ­keyingi bosqichda fuqarolik holatlari (tugʻilish, nikoh va boshqa guvohnomalar) boʻyicha onlayn xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi.

Omonulla FAYZIYEV
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?