Tashqi ishlar vaziri YEHXT bosh kotibi bilan muhim masalalarni muhokama qildi

18:32 11 Iyun 2018 Siyosat
355 0
Foto: TIV axborot xizmati

2018 yilning 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Bu haqda TIV axborot xizmati xabar tarqatdi.

TIVdagi suhbat davomida YEXHTning barcha uch o‘lchamlarida hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Qayd etilganidek, amalga oshirilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi islohoti, shuningdek, ularning fuqarolar bilan muloqotga ochiqligi O‘zbekistonni siyosiy rivojlanishning mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi va YEXHT bilan hamkorlikni kengaytirish uchun aniq imkoniyatlar yaratdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi minbarida bildirgan tashabbuslarini tatbiq etish doirasida bugun Toshkent shahrida o‘z ishini boshlayotgan xalqaro konferensiyaning mavzusi dolzarbligi ta’kidlandi. Bugungi kunda yoshlar insoniyatning ikki milliardli avlodi bo‘lib, ertangi kunimiz, qolaversa sayyoramizning farovonligi ham ularga bog‘liq.

Uchrashuvda 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlari nuqtai-nazaridan mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda YEXHT loyihalarining O‘zbekistondagi koordinatori Jon MakGregor ishtirok edi.

Ma’lumot uchun, T.Greminger va delegatsiya a’zolari YEXHT bilan o‘tkaziladigan “Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?