“Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumiga tayyorgarlik qanday ketmoqda?

15:25 22 Aprel 2019 Jamiyat
336 0

Shu yilning 25 apel kuni Toshkentda mamlakatimiz tarixida ilk bor “Tashkent Law Spring” I xalqaro yuridik forumi oʻz ishini boshlaydi.

Mazkur forumda mahalliy va xorijdagi yurisprudensiya sohasida faoliyat yuritib kelayotgan mingdan ziyod vakillar, jumladan, dunyoning 37 mamlakatidan qariyb 240 nafar delegatlarni ishtirok etishi kutilmoqda.

Xoʻsh, Adliya vazirligi va qator tashkilotlar hamkorligida ilk marotaba oʻtkazilayotgan bunday yirik forumga tayyorgarlik ishlari qanday ketmoqda? Uning doirasida qanday tadbirlar, aksiya va loyihalar tashkil etilishi koʻzda tutilgan?

Forum oldidan uyushtirilgan matbuot anjumanida ushbu savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

“Huquq — jadal modernizatsiya davrida” mavzusida oʻtkaziladigan ushbu forumning amaliy dasturi “Sifatli boshqaruv”, “Sud ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish”, “Faol investitsiyaviy siyosat” yoʻnalishlari boʻyicha 17 ta sessiyani oʻz ichiga oladi.

Tadbir doirasida “Sud ekspertizasi” va “Notariat” mavzulariga oid ikkita davra suhbati, Oʻzbekiston investitsiya muhiti, davlat xizmatlari va fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi islohotlar boʻyicha taqdimotlar, “Yuridik kompaniya boshqaruvi: muvaffaqiyat sirlari” va “Investitsiya loyihalarini boshqarish” boʻyicha mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Yilning eng yaxshi advokati”, “Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi”, “Eng yaxshi korporativ yuridik xizmat” kabi nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi ham oʻtkaziladi.

Qisqasi, “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumi yirik professional bayramga aylanishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlarning yurisprudensiya sohasi vakillari jonli muloqot va qulay sharoitlarda dunyodagi murakkab hamda qiziqarli masalalarni, bugungi kunda sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va ularga qaratilgan chaqiriqlar boʻyicha muhokama qilish imkoniga ega boʻladilar.

Maʼlumot uchun: forum jarayonlarini yoritish uchun milliy va xorijiy OAVlarning 90 nafardan ortiq vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Forum AQSHning xalqaro rivojlanish boʻyicha agentligi (USAID), BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (UNODC), “Hududiy muloqot” xalqaro tashkiloti,“Gazprombank” AJ va boshqa tashkilotlar tadbirning asosiy homiylaridir.

Rahim ShЕRQULOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?