“Tashkent City”da quriladigan eng baland bino loyihasiga nega oʻzgartirish kiritildi?(Foto)

15:07 29 Avgust 2019 Jamiyat
1052 0

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazida “Osmon hamma uchun” shiori ostida bunyod etiladigan ulkan inshoot loyihasiga oʻzgartirish kiritildi. Bunga investorlar — mahalliy “Murad Buildings” kompaniyasi hamda Turkiyaning “Ozguven Architecture” arxitektura byurosi rahbarlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida izoh berdi.

Gap shundaki, dastlab Oʻzbekistondagi birinchi osmonoʻpar binoning balandligi 215 metrdan oshishi aytilgan edi. Ammo qurilish ishlari olib boriladigan bir yarim gektar maydondagi yer qatlami, tuproq tahlili, shuningdek, boshqa sinovlar natijasi binoni yanada baland qilib tiklashga undadi. Yaʼni unga yana 51,5 metr qoʻshilib, 266,5 metrga yetkazishga qaror qilindi.

Zamonaviy majmuaga “Nest One” nomi berildi. 51 qavatli ulkan inshootdan “lyuks” tasnifiga kiruvchi 746 ta xonadon oʻrin oladi.

— “Nest One” nafaqat oʻzining mahobati, balki besh yulduzli mehmonxonalar darajasidagi qulayliklari bilan ham aholini mamnun qila oladi, — deydi “Murad Buildings” kompaniyasi rahbari Murod Nazarov. — Inshoot zamonaviy meʼmoriy yechimlarga ega boʻlib, bu yerda yashovchilar uydan tashqariga chiqishga deyarli ehtiyoj sezishmaydi. Mehmonlarni kutib olish uchun muhtasham restoranlar, biznes muloqotlar uchun konferensiya zallari, sport majmualari, qoʻyingki, bugungi tezkor hayot uchun zarur barcha sharoit muhayyo etiladi. Bu kabi qulayliklardan bir xonali uy sotib olganlar ham bemalol foydalanishlari mumkin.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga teng. Biroq hali xonadonlarning bahosi eʼlon qilingani yoʻq. Investorlarning aytishicha, bu haqda shu yilning 15-sentyabrida aniq maʼlumotlar taqdim etiladi. Chunki oʻsha kuni xonadonlar savdosi boshlanadi.

Koʻpchilikni ulkan majmuaning mustahkamligi, ayniqsa, zilzilaga qanchalik bardoshli boʻlishi qiziqtirayotgani bor gap. Xoʻsh, binoning xavfsizligi qay darajada taʼminlanadi?

— Yer silkinishiga bardoshlilik sinovlari Turkiyada oʻtkazildi va bino 9 ballik zilzilaga dosh berishiga ishonch hosil qildik, — deydi “Ozguven Architecture” arxitektura byurosi direktori Ozgyur Onur Ozgyuven. — Bundan tashqari, baland binolarga jiddiy xavf tugʻdiradigan shamolga qarshi sinovlar ham oʻtkazildi. U Germaniyada olib borildi. Shuningdek, qurilishda har bir jihatga alohida eʼtibor qratilmoqda. Masalan, poydevor oʻta mustahkam boʻlishi uchun “Barret” tizimi qoʻllanildi. “M800” markali betondan foydanishga qaror qildik va buning uchun 4 million AQSH dollari imqdorida investitsiya kiritilib, Toshkent atrofida maxsus beton zavodi qurilmoqda. Xullas, biz bunyod etadigan bino barcha xavfsizlik talablariga toʻliq javob beradi.

“Tashkent City” xalqaro ishbilarmonlik markazining koʻrki va ziynatiga aylanadigan “Nest One” majmuasi 2021-yilda foydalanishga topshirilishi moʻljallanmoqda.

Said RAHMONOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?