Tashabbus yoshlarga baxsh etar qanot

16:05 18 Iyun 2019 Jamiyat
443 0

Onalar teta-poya qila boshlagan goʻdaklarini suyub-erkalash barobarida badantarbiya (sport) bilan shugʻullanishga, rasm chizishga, sanʼatga oshno etishga, uydagi mayda-chuyda ishlarga qoʻl solishga oʻrgatadi. Hozirgi davr goʻdaklari mobil telefoni, yaʼni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan koʻz uzmasdan ulgʻayayotganlari ham bor gap. Bularning barchasi kichkintoylar dunyoqarashini shunga yarasha shakllantirmoqda, fikrlashga oʻrgatmoqda. Shu tariqa kamolga yetayotgan oʻgʻil-qizlar hayotda munosib oʻrnini topishidan umidvormiz. Oiladagi bu tarbiya maktabda izchil davom ettirish uchun nima qilmoq kerak? Bu savolga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus gʻoyasidan aniq javob topamiz. Bu tashabbuslar zamirida qanchalik ezgu maqsadlar mujassam ekanini uning mohiyatini toʻgʻri tushunganlar teran his etadi.

Besh tashabbusga koʻra yoshlarni munosib ravishda kamolga yetkazish uchun ularni madaniyat va sanʼatga, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish, kompyuter texnologiyalari hamda internetdan samarali foydalanishlariga imkoniyatlar yaratish, kitobxonlikni keng targʻib qilish, har bir hududga badiiy, tarixiy, ilmiy, ommabop mavzulardagi kitoblar yetkazib berish, qizlarni tikuv-trikotaj va boshqa xayrli ishlar bilan band etish zarur.

Oila tarbiyasining mantiqiy davomi hisoblangan ana shu 5 tashabbusni toʻlaqonli amalga oshirish uchun nima qilmoq kerak? Televizor, radio yoki gazeta orqali faqat targʻib-tashviq qilish bilan amalda kutilgan natijaga erishib boʻlmaydi. Demak, yeng shimarib amaliy ishga kirishmoq zarur.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24-may kuni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida bir guruh olimlar va talabalar bilan suhbatini OʻzMU professor-oʻqituvchilari Madaniyat saroyi katta zalida ulkan ekran orqali eʼtibor bilan tingladilar. Butun jamoa besh tashabbusning mazmun-mohiyatini, undan koʻzlangan maqsadlarni teran anglab yetdi.

Xoʻsh, bundan qanday xulosaga kelindi?

– Yurtboshimiz ilgari surgan besh tashabbusni toʻla amalga oshirishni biz ziyolilar oʻz zimmamizga olishimiz zarur, – dedi OʻzMU rektori Avazjon Marahimov. – Bugun oʻzini jamiyat taraqqiyoti uchun burchliman, degan inson uygʻonmasa boʻlmaydi! Uygʻoqlik – jamiyat hayotiga befarq boʻlmaslik, loqayd yashamaslik demakdir! Bu borada qilishimiz zarur boʻlgan ishlarimiz koʻp. Bugun kimdandir koʻrsatma kutib oʻtiradigan davr oʻtdi. Har bir professor-oʻqituvchi qalb amri ila oʻzi harakat qilmogʻi zarur. Davlatimiz rahbarining “Ziyo nuri – oliygohdan boshlanadi” degan soʻzlarini oʻzimizga shior qilib olishimiz darkor. Biz ham 5 besh tashabbus asosida oʻz rejalarimizni ishlab chiqdik. Bugundan eʼtiboran Olmazor tumanidagi mahallalar, maktablar va boshqa muassasalar bilan hamkorlikda ishga kirishimiz lozim. Joylarda 5 tashabbus mazmun-mohiyatini tushuntirish barobarida uni amalga oshirishga oʻz hissamizni qoʻshmogʻimiz zarur.

Rektorning soʻzlarini qizgʻin qoʻllab-quvvatlagan OʻzMU professor-oʻqituvchilari Olmazor tuman maktablarida 5 tashabbusni amalga oshirishga koʻmaklashishga bel bogʻladilar. Bu boradagi rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirila boshlandi. Oʻqish va jamoat ishlarida faol talabalar, yaʼni, boʻlgʻusi pedagoglar maktab oʻquvchilarining yozgi oromgohlariga jalb etildi.

Talabalar maktab oʻquvchilari bilan mashgʻulotlarni ana shu 5 tashabbus asosida amalga oshiradilar. Birinchi galda oʻquvchilar madaniyat va sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga jalb qilinadi. Kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishga oʻrgatiladi. Bu jarayonda oʻquvchilar eng avvalo savodxon boʻlmoqlari, toʻgʻri fikrlab, bexato yozishga oʻrganmoqlari zarur. Har bir maktabda, oromgohlarda tashkil etilgan kutubxonalarda tez-tez “Kitobxonlik soatlari” tashkil etilib, bu maʼrifiy tadbirlarga adib va shoirlar taklif etiladi.

Qizaloqlar goʻdakligidayoq qoʻgʻirchoqlariga chiroyli koʻylakchalar tikib kiygizishga qiziqishlarini kuzatganmisiz? Demak, ularda bu kasb-hunarga boʻlgan ishtiyoq “qon bilan kirgan” boʻladi. Tashabbusning beshinchisi aynan shu masalaga qaratilgan. Voyaga yetayotgan qizlarning tikuv-trikotaj ishlari bilan band etish, buning uchun zarur imkoniyatlar yaratish lozim.

Bu saʼy-harakatlarning barchasi maktab oʻquvchilarini munosib tarbiya qilishga, ularning yetuk inson boʻlib kamolga yetishlariga xizmat qiladi.

OʻzMU jamoasi ana shu reja asosida ishga kirishdi.

Olmazor tumanida joylashgan respublika zaif eshituvchi bolalar 106-maktab-internatidamiz. Bu maskanda imkoniyati cheklangan, yaʼni, eshitishi qiyin boʻlgan oʻgʻil-qizlar tarbiyalanishadi. Hayotda tabiatan mana shunday imkoniyati cheklangan bolalarning boshqa jihatdan qobiliyati kuchli boʻladi.

– Maktab internatimizda taʼlim-tarbiya olayotgan 357 nafar oʻquvchi ham ertaga hayotda munosib oʻrnini topishi kerak,– dedi manaviy-marifiy ishlar boʻyicha derektor oʻrinbosari Feruza Madaminova.– Ular hozirdanoq turli kasb-hunarlarga juda qiziqadilar. Yurtboshimiz ilgari surgan 5 tashabbus boʻyicha biz alohida toʻgaraklar tashkil etdik.

Biz ham ana shu toʻgarak ishlariga yaqindan yordam berishga jazm qildik. Avvalo shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdik. Ochigʻi, bu borada ancha ishlar qilingan, erishilgan natijalar ham chakki emas.

Birinchisi, sport toʻgaragi oʻquvchilarning chinakam chiniqish maktabiga aylangan. Bolalarning sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun zarur jihozlar keltirilgan. Shu tariqa 10 ta sport toʻgaragiga eng tajribali oʻqituvchilar jalb etilgan. Buning natijasida “Sport – mustahkam oilamiz poydevori” shiori ostida Olmazor tumanida oʻtkazilgan sport musobaqasida maktab-internat oʻquvchilari faxrli 2-oʻrinni egallashdi. Shaxmat-shashka boʻyicha oʻtkazilgan musobaqa ham faxrli 2-oʻringa munosib koʻrildi.

Ikkinchisi, sanʼatning qator turlari boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan. Oʻquvchilar darsdan boʻsh paytlarida rasm chizish, naqqoshlik, ganch-oʻymakorlik ishlari bilan mashgʻul boʻladilar. Kuy, qoʻshiq va raqs sanʼati toʻgaragida zaif eshituvchi oʻquvchilarga maxsus eshitish moslamasi beriladi. Yaʼni, ular ohanglarni qisman maxsus apparatlar vositasida tinglasa, asosan tegishli dastur asosida tayyorlangan imo-ishoralar orqali anglab yetadilar. Shu asnoda ular sogʻlom tengdoshlari kabi kuy-qoʻshiqlarni maroq bilan tinglash, zavq olish imkoniga ega boʻladilar va ohanglarga hamohang raqsga tushadilar. Rasm chizish va ijodiy ishlar boʻyicha “Vatan mening nigohimda” deb nomlangan musobaqada ular tumandagi tengdoshlari oʻrtasida gʻolib deb topilib, shahar bosqichiga yoʻllanma olgan.

Uchinchisi, oʻgʻil-qizlar qaysi kasb-hunarga qiziqishini oʻrgangan holda pazandachilik, hunarmandlik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan. Unda biror kasbni oʻzlashtirayotgan bolalarga alohida eʼtibor qaratiladi. Har bir oʻquvchini ragʻbatlantirish choralari koʻriladi. Shu asnoda “Balli qizlar va shunqorlar” deb nomlangan tadbirlar oʻtkazib turiladi. Tadbirda oʻquvchilar oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan turli shartlar boʻyicha bellashdilar.

Toʻrtinchisi, maktab-internat kutubxonasi turli kitoblar bilan boyitilmoqda. Oʻquvchilarda kitobga mehr va qiziqish uygʻotish uchun tez-tez maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi. “Kitob mening doʻstimsan” deb nomlangan navbatdagi davra suhbatida dunyo tarixida yaralgan birinchi kitob – “Avesto”ning bosh gʻoyasi: ezgu fikr, ezgu soʻz va ezgu amal mohiyati izohlab berildi. Oʻz davrida “Avesto”ni oʻqigan ulugʻ ajdodlarimiz Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Toshkent kabi meʼmoriy obidalarga boy shaharlarni bunyod etganlari haqidagi fikrlar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Oʻtmishda buyuk shaxslar kitoblar yozib oʻz zamondoshlarining ilmiy tafakkuri va maʼnaviy olamini boyitganlarini teran anglagan oʻquvchilar bunday durdona asarlarga oʻzgacha mehr bilan qaraydilar.

Beshinchisi, Barkamol avlod bolalar ijodiyot uyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan toʻqish, bichish, tikish, naqsh va munchoqli bezaklar yasash kabi toʻgaraklarida chevar qizlar roʻzgʻorbop faoliyat turlarini oʻrganadilar.

Bu dargohda raqs toʻgaragi rahbari Mehribon Abdullayeva, pazandalik sirlari toʻgaragi rahbari Nargiza Sobirova, duradgorlik toʻgaragi rahbari Oybek Qilichev, chilangarlik toʻgaragi rahbari Yoʻldosh Qosimov Yosh tabiatshunoslar toʻgaragi rahbari Nasiba Rasulova, yosh matematik toʻgaragi rahbari Ulugbek Shokirov, rus tili toʻgaragi rahbari Muhayyo Saminjanova, yosh akterlar toʻgaragi rahbari Mukambar Yusupovalarning shogirdlariga havasing keladi. Har bir oʻquvchi oʻz iqdoriga yarasha ana shu toʻgaraklarda qiziqqan sohalari sir-asrorlarini mukammal egallamoqdalar. Albatta, bu toʻgaraklar faoliyatini takomillashtirishda OʻzMU professor-oʻqituvchilari hamisha kamarbasta.

Insonning eng katta baxti – hayotidan rozi boʻlib yashashidir. Tabiatan zaif etishuvchi oʻgʻil-qizlar hayotda sogʻlom insonlar qatorida baxtiyor yashashi uchun mazkur maskanda koʻp xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz ilgari surgan 5 tashabbus asosida amalga oshirilayotgan xayri ishlar ularga yanada qanot baxsh etmoqda.

Tabiatan zaif eshitadigan oʻgʻil-qizlarning bu maskanda taʼlim-tarbiya olish barobarida hayotda munosib oʻrnini topish uchun astoydil intilayotgani kishida umid uygʻotadi. Ularning orzu-intilishlari, saʼy-harakatlarini koʻrib, shoirning quyidagi satrlari yodga tushadi:

Insonga avvalo berilgan sabot,

Tashabbus yoshlarga baxsh etar qanot.

Oʻqigan, intilgan adashmas yoʻlda,

Poyondoz toʻshaydi baxtdan bu hayot!

Olmazor tumanidagi 11- va 29-maktablarda oʻtkazilgan tadbirlar ham oʻquvchilarda 5 tashabbusga boʻlgan ishtiyoqi va qiziqishini orttirdi. OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Najmiddin Qodirov, Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi Abror Xidirov, Olmazor tuman hokimligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Muazzam Aliboyeva va boshqalar yoshlarni munosib kamolga yetkazishga qaratilgan besh tashabbus mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritar ekan, bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq joylarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarni tahlil qildilar. OʻzMU rektori Avazjon Marahimov xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashiga shu hududdan deputat etib saylanganidan buyon “Xislat” mahallasida va mazkur maktabda qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilayotgani, xalq bilan muloqot jarayonida oʻrganilayotgan muammolar tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ijobiy hal etilayotgani taʼkidlandi.

Aytish oʻrinliki, Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlagangan beshta tashabbusning barchasi mazkur maktabda mujassamlashgani quvonarli holdir. Bu maskanda zamonaviy kutubxona hamda kitob oʻqish uchun sokin joylar, kompyuter oʻyinlari uchun maydonlar tashkil etilgan.

Maktab sahnasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ommalashtirishga qaratilgan badiiy chiqishlar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. OʻzMU Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabalari Safiya Abdurahimova, Shohsanam Azamova, Ulugʻbek Ravshanov, Bahodir Oʻlmasov, Fayyozbek Gʻaniyev, Farruh Soliyevlarning chiqishlari oʻquvchilarda sportga qanchalik ishtiyoq uygʻotgani ularning chaqnoq koʻzlarida aks etib turardi.

Yoshlarni toʻgʻri tarbiyalash, hayotda munosib oʻrnini topishlari uchun ularga puxta bilim berish, turli sohalarga qiziqtirish gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Buning uchun ularni OʻzMUdek ulugʻ dargohlarga taklif etib, turli zamonaviy jihozlarga ega boʻlgan laboratoriyalarda, oʻquv xonalarida suhbat qilish maqsadga muvofiqdir. Yoshlikda olingan bilim – toshga oʻyib yozilgan kabi mustahkam boʻladi, degan hikmat bejiz aytilmagan. Navbatdagi ana shunday tadbirda Toshkent tumanidagi 2-sonli umumiy oʻrta maktabning 9-10-11 sinf oʻquvchilari ishtirok etdilar.

“Harakatlar strategiyasi” xonasida oʻtkazilgan ochiq muloqotda OʻzMU rektori Avazjon Marahimovning Milliy universitet tarixi va bugungi istiqbollari, rivojlangan davlatlarning universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, talabalar almashinuvi, ikki davlat universitetida tahsil olgan iqtidorli talabalarga qoʻshma diplom berilishi haqidagi fikrlari maktab oʻquvchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Tadbir davomida oʻquvchilar Milliy universitet maʼrifat oʻchogʻiga aylangan “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston doimiy ekspozitsiyasi”, “Oʻzbekiston qahramonlari” ekspozitsiyasi, kutubxonalar, kompyuter xonalari bilan tanishdilar.

OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Najmiddin Qodirov, Maʼnaviyat va maʼrifat, iqtidorli yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Abror Xidirov, respublika Yoshlar ittifoqi Oʻzbekiston Milliy universiteti kengashi raisi Shukurillo Anvarov ilm har doim insonni yuksaklikka chorlashi, OʻzMUda 100-yildan buyon qancha akademik, olimlar, atoqli adib va shoirlar, ziyolilar yetishib chiqqanlari, jahonda eʼtirof etilgan ilmiy maktablari, xalqaro aloqalar doirasida talabalar, yosh tadqiqotchilar xorij oliy taʼlim muassasalarida bilim va malakalarini oshirayotganlari, chet ellik professor-oʻqituvchilar boʻlgʻusi mutaxassislarga saboq berayotganlari, soʻnggi yillarda bu dargohdan yetishib chiqayotgan xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari haqida atroflicha soʻz yuritdilar.

Qiziqarli davra suhbatiga aylangan tadbirda Prezident stipendiyasi sohibi, 2-bosqich magistri Ozodbek Rajabov, Navoiy nomidagi davlat mukofoti sovrindori Feruza Bekmurodova, Taekvondo va sport faoliyati fakulteti 1-kurs talabasi, Kombat Aykido sport turi boʻyicha jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, ikki karra Oʻzbekiston chempioni, sport ustasi Amirbek Olimov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Bahora Abdusattorovalar ilm-fan sirlarini puxta egallash yoʻlida ustozlaridan qanday saboq olayotganlari, kelgusida qanday marralarni koʻzlayotganlari, orzu-intilishlari haqida soʻzlab berdilar. Ularning asl orzusi – kelgusida ona yurtimiz shuhratini mudom dunyo qadar koʻtarish ekanligi maktab oʻquvchilarida ham katta qiziqish uygʻotdi.

Oʻquvchilar Tarix fakulteti “Arxeologiya muzeyi”da noyob topilmalar, asori-atiqalar hamda Biologiya fakulteti “Zoologiya muzeyi”da ona tabiat moʻjizalari sanalmish turli qushlar, jonivorlar bilan tanishar ekanlar, bir olam taassurot olganlari yuz-koʻzlarida aks etib turardi.

Tashabbus faqat keng quloch yoyaversin, degan purmaʼno hikmat bejiz aytilmagan. Yurtboshimizning yoshlar kelajagiga qaratilgan 5 tashabbusi to abad farzandlarimizga qanot baxsh etaveradi.

Toʻlqin Eshbek, OʻzMU Jurnalistika fakulteti dotsenti


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?