“Tashabbus –2018”: Yana ikkita nominatsiya qoʻshildi

17:18 10 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
529 0
Foto: “Xalq Soʻzi Online”

“Xalq Soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Tashabbus –2018” koʻrik-tanlovining Guliston shahridagi Amfiteatr maydonida boʻlib oʻtgan Sirdaryo viloyati bosqichida ana shu haqda maʼlumot berildi. Yaʼni bundan buyon tanlov gʻoliblari avvalgidek 3 ta emas, beshta yoʻnalishda aniqlanadigan boʻldi. Bular: “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi tadbirkori, “Yilning eng yaxshi fermeri” hamda “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalaridir.

Foto: “Xalq Soʻzi Online”

Viloyat bosqichida tuman-shahar bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 52 nafar ishtirokchi qatnashdi. Oqoltin tumanilik yosh tadbirkor, “Bahodir oʻgʻli Doniyor” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Doniyor Toshpoʻlatov tuyaqush boqish bilan shugʻullanayotganligi bu yilgi tanlov tadbirida oʻziga xos yangilik boʻldi. Doniyorning aytishicha, tuyaqushlarining 25 tasi Afrikaning oʻzidan, yovvoyi tabiati bilan dunyoga mashhur hisoblanmish Kalaxaredan keltirilibdi. Qolgan 28 tasini esa Rishton tumanidagi tadbirkor yetkazib beribdi. “Tuyaqushning nafaqat goʻshti yoki tuxumi, balki patidan tirnogʻigacha daromad keltiradi. Bilishimcha, tirnogʻi olmosga ishlov berishda qoʻllanilar ekan. Shu bois menda ana shu foydali parrandani boqish hamda koʻpaytirish boʻyicha qiziqish uygʻondi va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlar tufayli loyihamni amalga oshirdim”, deydi Doniyor Toshpoʻlatov.

Yakunda barcha nominatsiyalar boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlandi. Ularga qimmatbaho sovgʻalar va diplomlar tantanali ravishda topshirildi.

Foto: “Xalq Soʻzi Online”

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?