Tashabbus-2018: Ilgʻor tajribalar maydoni

09:42 15 Noyabr 2018 Jamiyat
538 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar oʻrtasida anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan “Tashabbus — 2018” respublika koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi boshlandi.

Avvalo, shuni aytish joizki, mazkur nufuzli tanlov bu yil yangicha formatda tashkil etilgani bilan koʻpchilikka manzur boʻlmoqda.

Gap shundaki, ilgari gʻolib va sovrindorlar nomi uchta asosiy yoʻnalish boʻyicha aniqlangan boʻlsa, endilikda nominatsiyalar yana ikkitaga koʻpaydi. Tabiiyki, bu kabi yangiliklar unga boʻlgan qiziqishni yanada kuchaytirdi, ishtirokchilar soni keskin ortdi.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Darhaqiqat, koʻrik-tanlovning mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilgan quyi bosqichlarida 6 mingdan ortiq tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar qamrab olindi. Ular orasida yoshlarning koʻpligi, ayniqsa, quvonarlidir. Binobarin, “Tashabbus”dan koʻzlangan asosiy maqsad ham yurtdoshlarimizning tadbirkorlik isteʼdodini yuzaga chiqarish, yoshlar va xotin-qizlarni biznesga kengroq jalb etish, eng asosiysi, izlanuvchan ishbilarmonlar orasidan eng ilgʻorlarini ragʻbatlantirishga qaratilgandir. Shu maʼnoda, koʻrik-tanlovning har bir bosqichi oʻziga xos iqtisodiy forum maqomiga ega boʻldi. Misol uchun, salkam bir oy davom etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida 915 nafar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti, fermer va hunarmand ishtirok etdi. Ular orasidan esa eng ilgʻor, eng tashabbuskor va eng iqtidorli deb topilgan 69 nafar nomzod tanlovning yakuniy bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdilar.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Tashabbus — 2018” respublika koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi qatnashchilarining mahsulotlari namoyishi chinakam koʻrgazma-savdo tusini oldi.

“Namangan momiq sochiqlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yaxshi bilishadi. Sababi, bu yerda tayyorlanayotgan momiq sochiqlar, kattalar va bolalar xalatlari, trikotaj mato va boshqa tayyor mahsulotlarning 70 foizi eksport qilinadi. Birgina 2018 yilning oʻtgan davrida 6,9 million AQSH dollarilik tovarlar chet ellik buyurtmachilarga yetkazib berildi.

Korxona rahbari Gʻiyosiddin Boboxonovning aytishicha, ayni paytda shu yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan yana bir yirik quvvat ustida ishlamoqda. Qiymati 200 milliard soʻmlikdan ziyod boʻlgan mazkur loyiha doirasida qariyb 1000 ta ish oʻrni ochilib, eksport salohiyati 15 million AQSH dollariga ortishi kutilmoqda.

Eksportchilar safidan mustahkam joy egallayotgan “Nil-Granit”, “Bukhara Brilliant Silk”, “Toshrabot Textile”, “Surxon KSP-Grand” va boshqa tadbirkorlik subyektlari faoliyatida ham shunday yangiliklar koʻpligiga guvoh boʻlish mumkin.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Respublikamiz agrar sohasining yetakchi kuchiga aylangan fermer xoʻjaliklari faoliyatiga innovatsion ishlanmalar, ilm-fan yutuqlari izchil qoʻllanilayotgani muvaffaqiyatlar eshigini keng ochmoqda. Aytaylik, tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan qishloq mulkdorlarining deyarli barchasi koʻp tarmoqli boʻlib, ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan toʻldirishga munosib hissa qoʻshayotir.

— Dehqonchilikdan tashqari, baliqchilik, chorvachilik, yilqichilik, parrandachilik tarmoqlarini yoʻlga qoʻyganmiz, — deydi Qiziltepa tumanidagi “Nargiz-Diyor” fermer xoʻjaligi rahbari Dilshod Rahmonov. — Bundan tashqari, goʻsht va sutni qayta ishlash, umumiy ovqatlanish, ekoturizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyganmiz, shuningdek, 5 gektar maydonda issiqxonamiz bor. Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, fermer xoʻjaliklarini koʻp tarmoqliga aylantirishga eʼtibor kuchaytirilgani bejiz emas ekan. Chunki u qishloq mulkdorini mavjud imkoniyatdan oqilona foydalanish, qoʻshimcha daromad manbaini izlab topish, yangi ish oʻrinlari yaratishga undaydi. Shuning uchun biz kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirish, xususan, klaster usulida baliqchilikni rivojlantirish niyatidamiz.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Tashabbus — 2018” tanloviga “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” yoʻnalishi kiritilgani mazkur soha fidoyilari xizmatini eʼtirof etish, ularning ilgʻor tajribasini ommalashtirish, yangi tadbirkorlarni kashf etish imkonini bermoqda. Xususan, sirdaryolik Barchinoy Usmonova jurnalistlarni uchun zoʻrgʻa vaqt ajratdi. Sababi, uning nodavlat maktabga taʼlim muassasasi faoliyati respublikamizning boshqa hududlaridan kelgan tadbirkorlarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Aslida, uning xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan “Sevinch” bolalar bogʻchasini tashkil etganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. U shu yilning aprel oyida jajjilarga bagʻirini ochgan. Shunday boʻlsa-da, ingliz, koreys, rus va xitoy tillaridan taʼlim-tarbiya beriladigan muassasa tezda tilga tushdi. Ayni paytda bogʻcha toʻliq quvvat bilan ishlamoqda. 150 nafar bolajon asosiy mashgʻulotlardan tashqari, 12 ta toʻgarakka jalb etilgan.

— Xizmatimizga boʻlgan talabning ortishi, ota-onalarning eʼtirofi bizni yangi loyihalar ustida ishlashga ruhlantiryapti, — deydi Barchinoy Usmonova. — Ayni paytda faoliyatimizni kengaytirish, boshlangʻich sinfni tashkil etish harakatidamiz.

Hunarmandlar mahsulotlari namoyish etilayotgan boʻlim ham odamlar bilan gavjum. Chunki koʻrgazma sanʼat asari darajasiga koʻtarilgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishish, mohir ustalar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun qulay fursatdir.

Oʻzbekiston RespublikasiSavdo-sanoat palatasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Hunarmand” uyushmasi, Yoshlar ittifoqi tomonidan tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan “Tashabbus — 2018” respublika koʻrik-tanlovi ishtirokchilari orasidan gʻoliblar beshta asosiy — “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” yoʻnalishlari boʻyicha aniqlanadi. Shuningdek, oʻnga yaqin qoʻshimcha nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlar ragʻbatlantirilishi diqqatga sazovordir.

Tanlov gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi 17 noyabr kuni boʻlib oʻtadi.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?