“Tarozu” siri: Poyabzal terisiga ishlangan san’at asari

12:20 10 Avgust 2018 Jamiyat
171 0
Foto: Ahmadali Shernazarov / “Xalq so'zi”

Musavvirlarning fikricha Oy nurining fazo kengliklariga yoyilgan yolqinlarini to‘laligacha tasvirlash ancha mushkul ish.

O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, sirdaryolik minatyurachi rassom Bahodir Bobonazarov “Tarozu” asaridagi ana shu shu’laviy yoyilmalar effekti ustida ko‘p bosh qotirdi. Garchi, bo‘yoqlar qorishmasidan hosil bo‘layotgan manzara o‘sha samoviy rangdorlikka mos kelsa-da, ammo baribir uning ko‘ngli to‘lmadi. Va bir kuni onasining eski etigiga ko‘zi tushib qoldi. Shunda musavvir beixtiyor “Nihoyat topdim” deya hayqirib yubordi.

Gap shundaki, asli jigarrang bo‘lgan etik qo‘njining uniqqan qismida ayni u izlagan effekt bor edi. Shunday qilib, musavvir inson hayotining gunohi-savoblari hisob-kitobi muqarrarligini ifoda etgan “Tarozu” asarini onasining etigi qo‘njiga tushirdi. Lekin, buni haligacha san’atshunoslar ham, tomoshabinlar ham bilishmasdi. Ya’ni rassom asarining poyabzal terisiga ishlanganini ilk bor “Xalq so‘zi” muxbiriga ma’lum qildi.

“Tarozu” Foto: Ahmadali Shernazarov / “Xalq so‘zi”

Ma’lumot uchun: mazkur asar 2004 yili O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi, YUNЕSKO, Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston Milliy banki shafeligida nashr qilingan “O‘zbekiston zamonaviy san’ati” kitob-albomiga kiritilgan. Shuningdek, “Amir Temur tuzuklari”miniatyurasi 1996 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tgan Buyuk Sohibqironning 660 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida namoyish etilgan va ushbu ko‘rgazma ishtirokchilarining asarlari to‘plamidan, “Bahrom ovda” monumental(devoriy) surati esa 2014 yilda chop qilingan, eng sara san’at namunalari jamlangan “Go‘zallik yaratishga intilib” kitob–albomidan joy olgan.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?