Tariximizni qaytarib bering! Abdullaxon II kim boʻlgan?

12:11 24 Iyul 2019 Madaniyat
383 0

Yaqinda hamma narsaga qiziqaveradigan oʻgʻlim Bunyodbek, “Oqchopsoy suv inshootini nega “Abdullaxon bandi” deyishadi? Abdullaxon oʻzi kim boʻlgan?“ deb soʻrab qoldi. Oʻylanib qoldim. Tabiiyki, u bu savollarga darsliklardan javob topolmaydi. Bizga ham oʻqitishmagan. Buning ustiga yaqinda u “Ertugʻrul“ nomli turk serialini koʻrib, Jaloliddin Manguberdi vayron boʻlgan xorazmshohlar imperiyasini mamlakatning janubiy-gʻarbiy qismida qachon oʻrnatganiga oid savoliga, oʻqituvchisidan Amir Temur davri haqida javob eshitib xunob boʻlib kelganini eslab vujudimni ranj va alam egalladi.

Bugun tarixiy koreys, xitoy, turk seriallarini koʻrib, oʻsib-ulgʻayayotgan avlod nahot tarixda imperiyalar qurgan, markazlashgan ulkan davlatlar barpo etgan ulugʻ ajdodlarining afsonalarga burkangan hayotidan, yuz va yuz yillardan ziyod dunyo sahnida hukmronlik qilgan xorazmiylar, shayboniyxonlar, ashtarxoniylar tarixidan bexabar qolaverishsa. Mayli u moziyning kir va qora kunlariga borib taqalsin, lekin u bizning tariximiz. Shoʻrolar zamonidaku, hatto Jaloliddinni ham bizdan sir tutishdi, boshqalarini uzoqdan “olaboʻji“ qilib koʻrsatishdi, vatan himoyachilariga esa “bosmachi“ degan yorliq yopishtirishdi. Endichi...?

Mashhur venger sayyohi Herman Vamberining “oʻtmishi koʻmilgan millatning, istiqboli ham zulmat ostidadir“ degan soʻzlari xuddi bizning bugungi fojbamiz haqida aytilgandek. Yashirib nima qildik, bugungi baʼzi odamlardagi maʼnaviy qashshoqlik, oʻzining buguni va ertasiga bu qadar loqaydlik, mutelik oʻtmishimizdan uzilib qolganimiz, shonli tariximizdan bexabarligimiz kasofati emasmi?! Darsliklarda ochiq qolgan, oʻqilmagan, toʻgʻrirogʻi, oʻqitilmagan sahifalar Krilov masalidagi “tarix toʻgʻrisida qolaylikda jim, ertak soʻylaylik quloq ber shunga“ degan mashhur jumlalarni eslatadi. Bu borada tarixchi va adabiyotshunoslarimizdan oʻpka-ginamiz koʻp. Ular tarixni bor boʻy-basti bilan gavdalantirishda, gardanlaridagi qarzlarini uzishganlari yoʻq. Hatto Jaloliddin Manguberdidek ulugʻ siymo tarixini yoritishda Foud Koʻprulu, Oydin Tonariy singari turk, Ziyo Bunyodov singari ozarbayjon olimlari ularga nisbatan koʻp ish qilishdi.

Xoʻsh, Oqchopsoy toʻgʻoni va suv ombori qachon va kim tomonidan qurilgan. Manbalardan maʼlum boʻlishicha, Qoʻshrabot tumanidagi Beklarsoy (umumiy nomi Oqchopsoy) darasida saqlanib qolgan, Shayboniyxon sulolasidan boʻlgan Abdullaxon II tomonidan taxminan 1580-yilda qurilgan. Abdullaxonbandi iborasi mana 440-yildirki tillardan tillarga-dillardan dillarga koʻchadi. Unda chamasi bir million ikki yuz ming kubometr suv toʻplangan. U suvning oqib chiqishi uchun zarur boʻlgan majmua bilan ham taʼminlangan. Abdullaxon toʻgʻoni buzilgan holda boʻlsada uzoq yillar saqlanib turdi. Keyinchalik uning oʻrnida Oqchopsoy suv ombori bunyod etildi.

Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligida dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan. Abdullaxon bandi, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy toʻgʻoni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan koʻplab ariqlar bunyod etilgan. Uning davrida mamlakatda hunarmandchilik ayniqsa rivoj topgan. Mavorounnahrlik kosiblar mohirona turli-tuman metall buyumlar, ip va ipak matolar, aʼlo navli qogʻozlar ishlab chiqarishgan. Birgina Samarqandda hunarning oltmish bir turidan foydalanishgan. U qurdirgan madrasa, kutubxona, shifoxona, hammom, tim, sardoba va rabot singari maʼmuriy, jamoat va tijorat binolari roʻyxati oʻn bir sahifadan yoki soni oʻn mingtadan oshgan. Abulgʻoziy Baxodirxon taʼbiri bilan aytganda, “Mashhuri maʼruf“ Abdullaxon asos solgan kutubxona musulmon olamida mashhur boʻlgan. Buxoro shahridagi “Abdullaxon timi“ nomi bilan mashhur yopiq bozorning bir toqida joylashgan kitob bozori butun dunyoga maʼrifat ziyosi taratgan.

Darvoqe, Shayboniyxonlar oʻzbek meʼmorchiligini rivojlantirishda temuriylardan soʻng eng koʻp hissa qoʻshgan sulola sanaladi. Abdullaxon II bu suloladan etishib chiqqan nafaqat mohir sarkarda, markazlashgan ulkan mamlakat qura olgan davlat arbobi boʻlibgina qolmay, isteʼdodli shoir ham boʻlgan. U “Xon“ taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar bitgan.

Temuriylar va shayboniyxonlar tarixini yoritishda birini ulugʻlab, ikkinchisining yuziga qora boʻyoq chaplash insofdan boʻlmaydi. Bobur va Shayboniyxon ziddiyatiga oliy hakam vaqt allaqachon oʻz hukmini chiqarib boʻlgan. Qolaversa ularning har ikkalasi ham, bizning ulugʻ bobomiz. Ular va avlodlarining mangulikka daxldor badiiy va madaniy merosi xalqimizning maʼnaviy mulkiga aylangan. Shunday ekan, endi bizga, bolalarimizga tarixdan yolgʻon yashiq ertak soʻzlamang. Balki u yuz yildir, balki uch yuz yil, balki undan ham koʻproqdir. Unutilgan va oʻchirilgan tariximizni qaytaring!

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“ muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?