Tarixiy tashrifga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda ​

10:48 12 May 2018 Siyosat
550 0

Vashingtondan maxsus muxbirimiz Shavkat ORTIQOV xabar qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 15 — 17 may kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlariga amalga oshiradigan ilk rasmiy tashrifi ayni paytda jahon ommaviy axborot vositalari, xususan, AQSh matbuoti, internet nashrlarida asosiy mavzuga aylangan.

Masalan, Oq uy rasmiy veb-saytida mazkur tashrif tarixiy, deya atalib, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari shu asosda yangi bosqichga ko‘tarilishi ta’kidlangan.

Haqiqatan ham, tashrif dasturi keng qamrovli hamda Amerikada mazkur uchrashuvga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston — AQSh hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, xalqaro hamda mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan. Vashingtonda davlatimiz rahbari, shuningdek, AQSh Kongressi, Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti hamda Jahon bankida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Rasmiy tashrif yakunida ikki mamlakat Prezidentlari “O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” deb nomlangan Qo‘shma bayonotni imzolashi, turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamining qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ana shu jarayon AQShning “CNN”, “ABC” kabi nufuzli telekanallari, mamlakatimizning 80 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yoritib boriladi. Shuningdek, tashrif arafasida AQShda bir qancha tadbirlar, uchrashuvlar, taniqli ekspertlar, siyosatchilar bilan muloqotlar o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi ofisida iqtisodiy hamkorlikka oid ikki tomonlama hujjatlar imzolash, “O‘zbekneftgaz” hamda “O‘zkimyosanoat” kompaniyalari bilan “Honeywell” kompaniyasi rahbariyatining muloqoti, “Human Rights Watch” tashkiloti vakillari brifingi, “O‘zbekistonning yangi qiyofasi” kitobining taqdimoti, “McDermott Will & Emery LLP” yuridik kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv, Kennan instituti, muzeylar faoliyati bilan tanishish va boshqa ko‘plab anjumanlar shular sirasidandir.

Qisqasi, bu boradagi dastur ham boy. Ular bilan gazetamizning kelgusi sonlarida tanishtiramiz. Keling, endi safarimizdan orttirgan ilk taassurotlar hamda AQSh bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarga e’tiboringizni qaratsak.

Okeanortidagi mazkur davlat hamisha katta qiziqishga sabab bo‘lgan. Dunyoning istalgan nuqtasida AQShni, bir marta bo‘lsa-da, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni orzu qiladiganlar ko‘plab topiladi. Aksariyatimiz AQSh manzarasi, osmono‘par binolariyu aholi turmushi haqida, asosan, filmlardan qisman bilamiz. Xo‘sh, ushbu davlat salohiyatining asosi nimalar bilan bog‘liq? O‘zbekistonning AQSh bilan hamkorlik munosabatlari qaysi jabhalarda rivojlanib borayapti? Diqqatga sazovor joylarining o‘ziga xosligi nimada? Safar davomida ana shu kabi savollarga javob topishni maqsad qilib olganmiz.

Ilk taassurotlar
...10470 kilometr, 12 soatu 
10 daqiqa. Bu — Toshkentdan Nyu-York shahrigacha qilgan uzluksiz parvozimizning masofasi va vaqti. Ilgarilari okeanortiga, umuman, bunday uzoq manzillarga samolyotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchmasdi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi parki “Boeing-787 Dreamliner” samolyotlari bilan to‘ldirilayotgani natijasida ana shunday imkoniyat yuzaga keldi. “Orzu layneri” deb olgan mazkur havo kemasi, haqiqatan ham, orzulardagidek. Uning misolida AQSh aviasanoati imkoniyatlari to‘g‘risida ham tasavvur hosil qilish mumkin.

O‘zbekiston hamda AQSh vaqtlaridagi tafovutning kattaligi safar davomida yaqqol bilinadi. E’tibor bering: biz 10 may kuni Toshkentdan erta tongda havoga ko‘tarilgan bo‘lsak, Nyu-Yorkdagi aeroportga yana shu kuni tongda, 9:50 da qo‘ndik. Manzilga yetib kelganimizda O‘zbekistonda kechki payt soat 18:50 edi. Ya’ni kun bilan birga harakatlandik, desak ham bo‘ladi. Nyu-Yorkda havo harorati 14 daraja iliq atrofida ekan. Borishimiz kerak bo‘lgan manzil Vashington shahriligi uchun darrov yo‘lga chiqdik. Taxminan 4-5 soatlik ushbu safar davomida yo‘llar, yon-atrof, shaharlar manzarasi haqida qisman tasavvur hosil qilish mumkin bo‘ldi. Magistrallar keng va ravon. Ko‘plab ulkan ko‘priklar mavjud. Avtomobillar bir tekis harakatlanadi. Bir-biriga xalal berish yo‘q. Ochig‘i, bu yerga kelmasdan avval bunday yirik shaharlarda mahobatli binolar qurishga ahamiyat qaratib, yashillikka ko‘pam e’tibor berilmasa kerak, degan tasavvur bor edi. Aslida unday emas ekan. Nyu-York shahridagi biz o‘tgan ko‘chalarning deyarli barchasining ikki tarafi yam-yashil daraxtlar bilan qoplangan. 

Vashingtongacha ham shunday manzara ko‘zga tashlanib turdi. Yana bir jihat e’tiborni tortdiki, bu odamlarning davlat bayrog‘iga hurmati, mehri bilan bog‘liq holat. Qayerdan o‘tmaylik, yo‘l bo‘ylari, binolar peshtoqi, uylar tomi, qurilish uchastkalari maydoni, umuman, deyarli ko‘p joyda tez-tez AQSh bayroqlariga ko‘zimiz tushdi. Bilasiz, Amerika filmlarida ham davlat bayrog‘iga alohida urg‘u beriladi. Demak, bu bejiz emas. Hayotda shunday.
Vashingtonga yetib kelganimizda kunning ikkinchi yarmi edi. Bu shahar ham o‘ziga xos bo‘lib, Nyu-Yorkdan farqli o‘laroq, inshootlari u qadar baland emas. Uning arxitekturasi muallifi kelib chiqishi fransuz bo‘lgan mutaxassis Per Lanfandir. Aksariyat rasmiy idoralar aynan Vashingtonda joylashgan. Jumladan, Oq uy, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki bosh qarorgohlari, elchixonalar, muzeylar hamda boshqa diqqatga sazovor joylar mavjud. Oq uy AQSh rahbarining rasmiy qarorgohi hisoblanadi. Bu binoning loyihasi irlandiyalik arxitektor Jeyms Xoban tomonidan ishlangan. Inshoot 2007 yilda e’lon qilingan “Amerikaning sevimli arxitekturasi” ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda qayd etilgan.

Har jihatdan mustahkam asos
Shu o‘rinda AQSh tarixi, parlamenti faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Shimoliy Amerikada joylashgan ushbu davlat 1776 yilning 4 iyulida o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Umumiy maydoni 9,5 million km2 bo‘lib, hududi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Aholisi 327 million nafardan ortiq. Bu borada jahonda uchinchi pog‘onada. Ma’lumotlarga qaraganda, fuqarolarning taxminan 82 foizi shaharlar yoki shahar atrofida yashaydi. Ma’muriy-hududiy bo‘linishi 50 ta shtat va bir Kolumbiya federal (poytaxt) okrugidan iborat.

AQSh sotsial-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, o‘rtacha oylik ish haqi, aholi soniga nisbatan yalpi ichki mahsulot hajmi hamda boshqa jihatlar bo‘yicha dunyoning yetakchi davlatlari safida turadi. Jahon yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelishi ham uning imkoniyatlari, salohiyati qay darajada ekanini ifodalaydi. AQSh ilmiy tadqiqot hamda texnologik innovatsiyalar bo‘yicha ham ilg‘or hisoblanadi. Tabiiy zaxiralarga boy davlat.

Har bir mamlakat muvaffaqiyatida, albatta, huquqiy asoslar muhim o‘rin tutadi. AQShning hozir amalda bo‘lgan Konstitutsiyasi 
1787 yilda qabul qilingan bo‘lib, dunyodagi eng ko‘hna konstitutsiyalardan biri sanaladi. Hokimiyatlar bo‘linishi tizimida AQSh Konstitutsiyasi birinchi o‘ringa oliy qonun chiqaruvchi organ — Kongressni qo‘yadi. Kongress ikki palatali — Senat va Vakillar palatasidan iborat. Senat qonun chiqaruvchi organ sifatida shtatlarning manfaatini ifoda etadi. Senator 6 yil muddatga saylanadi. Har ikki yilda Senat tarkibi uchdan bir qismga yangilanadi. Mamlakat vitse-prezidenti Senat majlislarida raislik qiladi. Vakillar palatasi qonun chiqaruvchi organ sifatida butun xalq manfaatlarini ifoda etadi hamda unga majoritar saylov tizimi bo‘yicha umumiy ovoz berish yo‘li bilan ikki yil muddatga saylanadilar. Hozirgi paytda Vakillar palatasida 435 deputat bor.

Ijro etuvchi hokimiyat boshlig‘i — Prezident. Davlat rahbari saylovchilar tomonidan vitse-prezident bilan birga ikki darajali saylov asosida to‘rt yil muddatga ikki marta saylanish huquqiga ega. Prezident Senatning roziligiga ko‘ra, hukumat a’zolarini lavozimiga tayinlaydi. Tashqi ishlar vaziri vazifasini Davlat kotibi bajaradi.
Mamlakat sud hokimiyatining yuqori organi — AQSh Oliy sudi hisoblanadi.

Faol muloqot, izchil hamkorlik
Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar 2002 yilda imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik asoslari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga muvofiq rivojlanmoqda. Tomonlar bir qator xalqaro hamda mintaqaviy muammolar bo‘yicha mushtarak pozitsiyaga ega bo‘lib, xavfsizlik tahdidlari, ya’ni giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishi, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishiga qarshi kurash, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash sohalarida faol hamkorlik qiladi.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda o‘zaro hurmat, ishonch hamda bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqligi ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yil mart oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti davlatimiz rahbariga Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub yo‘lladi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqotlar o‘zaro tashriflarning muntazamligi bilan ham ajralib turadi. O‘zbekistonga AQSh ma’muriyatining asosiy idora vakillari va turli darajadagi delegatsiyalari muntazam ravishda tashrif buyuradi hamda O‘zbekiston — AQSh munosabatlarining dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashish mexanizmi — yillik siyosiy maslahatlashuvlar tashkil etiladi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi ikki tomonlama tashriflar faollashgani siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda o‘zaro fikr hamda tajriba almashish imkonini bermoqda. Masalan, o‘tgan yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi AQShga tashrif buyurdi. Noyabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kelli boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Oliy Majlis Senatida uchrashuv o‘tkazdi.

Joriy yilning aprel oyida esa AQSh Davlat kotibi yordamchisining inson huquqlari, demokratiya va mehnat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rendi Berri boshchiligidagi delegatsiya parlamentimiz yuqori palatasida muzokara o‘tkazdi. Muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy asosini mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlashda parlamentlararo hamkorlik alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlik faol rivojlanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi muhim ahamiyat kasb etadi. AQSh hamda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida imzolangan savdo va investitsiyalar bo‘yicha bitimning amalga oshirilishi Amerika bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekistonda AQShning dunyoda taniqli bir qator yirik kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, “General Motors” korporatsiyasi ishtirokida yengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “GM Powertrain Uzbekistan” zavodi faoliyat ko‘rsatmoqda. “Boeing” kompaniyasi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasini zamonaviy avialaynerlar, xususan “Boeing-787-8 Dreamliner” rusumidagi yangi avlod samolyotlari bilan ta’minlovchi asosiy hamda doimiy hamkor sanaladi.
“General Electric” korporatsiyasi O‘zbekistonning neft-gaz va aviatsiya sektorlarida, shuningdek, salomatlik hamda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi asosiy sherigidir. AQShning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan kompaniyalari ichida “Exxon Mobil”, “CNH Industrial”, “Hyatt”, “John Deere”, “Honeywell”, “Caterpillar” hamda boshqa jahonga taniqli korporatsiyalarni ham uchratish mumkin.

Madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlar ham izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekistonga AQShning ixtisoslashtirilgan muassasalari va tashkilotlari ekspertlari muntazam ravishda muzokaralar va amaliy tadbirlar o‘tkazish maqsadida tashrif buyuradi hamda o‘zbek mutaxassislari AQShning turli ilmiy va ta’lim dasturlarida ishtirok etadilar. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish doirasida O‘zbekistonning bir qator oliy ta’lim muassasalari hamda AQShning Ogayo va Michigan universitetlari, Boston yuridik kolleji, Amerika va Jorjtaun universitetlari kabi oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkentda Vebster universiteti filialini ochish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. AQSh tibbiyot muassasalari hamda O‘zbekiston ixtisoslashtirilgan klinika va shifoxonalari o‘rtasida, jumladan, jarrohlik, kardioxirurgiya, urologiya, akusherlik hamda ginekologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi yo‘nalishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatildi.

Shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kelgusi haftada AQShga bo‘ladigan ilk rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni yuksak pog‘onaga olib chiqadi.

Muallif olgan suratlar.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?