Tarixiy obidalar atrofidan yer ajratilmaydi!

11:55 05 Iyul 2019 Madaniyat
376 0

Foto: "Xalq so'zi"

Bugun Samarqand shahrining Yoshlar markazida viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari: muammo va takliflar masalalari boʻyicha ochiq muloqot shaklida konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda 500 dan ortiq korxona va tashkilotlar va tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Konferensiyani viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ochib berib, barcha tadbirkorlarga oʻz faoliyatiga doir duch kelayotgan muammolarini ochiq va oshkora bildirishlarni aytdi.

- Hozir tadbirkorlar tomonidan bildirilayotgan har qanday murojaat va taklif eʼtiborsiz qoldirilmaydi, balki shu yerning oʻzida roʻyxatga olinadi va qatʼiy nazoratga olinadi. Shaffoflik, oshkoralik, vaziyatga adolatli yondashuv — jamiyatimizda demokratik qarashlarni shakllantiradi, - dedi Erkinjon Turdimov.

Shundan soʻng viloyat soliq boshqarmasi boshligʻining hisoboti tinglandi. Unda soliq tizimiga oid preferensiyalar va imtiyozlar haqida soʻz bordi. - Men Pastdargʻom tumanilik tadbirkorman. Menga tuman Milliy bank tomonidan asalarichilikni rivojlantirish boʻyicha 85 million kredit ajratish boʻyicha muammo boʻlyapti.

Viloyat hokimi mazkur bank masʼullariga 3 kun ichida tadbirkorning muammosini hal qilishlari uchun muddat berdi. Tadbirkor, mabodo muammosi hal etilmasa oʻzining telegram sahifasiga xabar qoldirishi mumkin ekanligini bildirdi.

- Men Samarqand shahridagi Registon maydonidan zamonaviy hojatxona qurishga ruxsat ololmayman deydi samarqandlik fuqaro. - Registon maydoni tarixiy obida deya, javob berdi viloyat hokimi. Shu oʻrinda sizlarga eng muhim bir fikrimni aytmoqchiman: Samarqand shahrida bundan buyogʻiga birorta qurilish, u xoh uy-joy boʻlsin, xoh tadbirkorlik inshooti boʻlsin mutlaqo ruxsat berilmaydi. Samarqand shahrida turizm va servis rivojlanadi. Tarixiy va madaniy meroslarga daxl qilmaydigan mumtoz mehmonxonalar quriladi. Noqonuniy qarorlar toʻxtatiladi, bekor qilinadi. Samarqanddagi tarixiy joylarga hech kimning haqqi yoʻq.

- Men Kattaqoʻrgʻon tumanida tikuvlik kichik korxonasi rahbariman. 30 ta ishchim bor. Muammom shundaki, tumandagi boʻsh turgan binolardan biri ajratilsa. Barcha murojaatlarim samarasiz boʻlmoqda. Uch oydan beri sarsonman. Agar masalam hal boʻlsa, 100 dan ortiq yangi ish oʻrni yarataman.

Viloyat hokimi masʼul rahbarlarga mazkur murojaat boʻyicha muddatli topshiriq berdi. Oshkora savollar va aniq javoblar ishtirokchilarda katta taassurot uygʻotdi. Tadbirkorlarni qiziqtirgan koʻplab dolzarb va muammoli murojaatlar oʻz yechimini topdi.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“ muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?