Tarixiy hujjat imzolandi: Paxta boʻyicha majburiy davlat xaridlari bekor qilindi

13:30 06 Mart 2020 Iqtisodiyot
312 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmoni ijrosini taʼminlash, davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, paxta xom ashyosi yetishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, ushbu yoʻnalishda fermer xoʻjaliklari manfaatdorligini oshirish hamda qishloq xoʻjaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaror qabul qilindi.

Unga koʻra,

birinchidan, 2020-yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;

paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;

paxta xom ashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi;

sertifikatlangan urugʻlik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi hamda bosqichma-bosqich Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urugʻchilik klasterlari va elita urugʻchilik xoʻjaliklari, paxta toʻqimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

Ikkinchidan, Paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xoʻjaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.

Koorperatsiyaning asosiy vazifalari:

kooperatsiya aʼzolari tomonidan, texnika, uskuna, transport vositalaridan, paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish;

kooperatsiya aʼzolarini qishloq xoʻjaligi texnikasi, yonilgʻi-moylash materiallari, oʻgʻit, urugʻlar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan taʼminlash;

ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishni tashkillashtirish;

qishlok xoʻjaligi birlashmalari aʼzolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni koʻrsatish.

Uchinchidan, paxta xom ashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.

2020-yil 15-martdan boshlab:

a) paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta umumiy qiymatining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 %, 60 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10% stavkadan (shundan bank marjasi 2%) oshmagan mikdorda kreditlar ajratiladi.

Bunda:

kredit oluvchilar agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablagʻlaridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi;

paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablagʻlarining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat kredita sifatida qayta rasmiylashtiriladi;

b) yetishtirilgan paxta xom ashyosini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha paxta yigʻim-terimi hamda yakuniy hisob-kitob uchun tijorat kreditlari ajratiladi.

Bunda:

milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 % punktidan koʻp boʻlmagan qismiga;

xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 % punktidan koʻp boʻlmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan kompensatsiya beriladi.

2021-yil hosilidan boshlab paxta xom ashyosini yetishtirishni kreditlash tartibi fermer xoʻjaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (yer maydoni toʻliq klasterga berilgan hududlar bundan mustasno)

Toʻrtinchidan, “Oʻzpaxtasanoat” AJni tugatish choralari koʻriladi.

Bunda:

kooperatsiya tashkil etiladigan hududlarda paxta tozalash zavodlaridagi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiya (ulush) paketlarini belgilangan tartibda kooperatsiyalarga yoki tadbirkorlik subyektlariga sotish;

“Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik” birlashmalarining paxta tozalash zavodlaridagi aksiya (ulush) paketlari sotilishiga qadar, ushbu zavodlar tomonidan paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) koʻrsatish nazarda tutiladi.

Beshinchidan,

Jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1-dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar eʼlon qilinishini hamda bozorlardagi narxlar oʻzgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi;

paxta yetishtiruvchilarning daromad olishlarini taʼminlash maqsadida paxta yigʻim-terimi mavsumidan oldin qoʻlda terilgan 1 kg paxta xom ashyosini terish haqining tavsiyaviy miqdorining ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borilishi taʼminlanadi.

Paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlangʻich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlangʻich narx shakllanishida 10 % chegirma qoʻyish bekor qilinadi.

Respublika hududlarida “Oʻzpaxtasanoat” AJ va uning tizimiga kiruvchi korxonalar ishtirokida tikuv-toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga moʻljallangan majmualarni klasterlar tomonidan tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi.

Fermer xoʻjaliklariga ekin mavsumi boshlanishidan oldin narxlar eʼlon qilib borilishi xoʻjaliklarga paxta yetishtirishning iqtisodiy natijasini koʻrish, kerak boʻlsa, ularga oʻz biznes-rejasini toʻgʻri tuzish imkonini beradi va qolaversa, ularni oʻz xarajatlarini maqbullashtirishga undaydi.

Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlangʻich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlangʻich narx shakllanishida 10 % chegirma qoʻyish bekor qilinadi.

Manba: review.uz


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?