Tarixi mushtarak, ildizi tutash, urf-odati o‘xshash

12:52 05 Iyul 2018 Jamiyat
567 0

Har bir inson uchun tug‘ilib o‘sgan, kamolga yetgan maskanidan aziz va qadrli joy yo‘q. Yaqinlar, qarindosh-urug‘, do‘st-yorlar, qo‘ni-qo‘shnilarning mehr-oqibati o‘z Vataning — ko‘z ochib ko‘rgan zaminingga bo‘lgan muhabbatni yanada oshiradi, mustahkamlaydi. Ayniqsa, xalqimizning bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, oqibat, tavoze kabi o‘lmas xislatlari borki, ulardan bahramand bo‘lib yurgan odam, daf’atan chet elga borib qolsa, o‘zini yolg‘iz, begonadek his etishi mumkin. Zero, mashoyixlar aytganidek: “O‘zga yurtning bog‘i bilan bog‘chasi, o‘z yurtingning yantog‘icha bo‘lolmas”.

Ammo biz xizmat safari tufayli dini bir, madaniyati, san’ati, urf-odatlari o‘xshash Ozarbayjonda bo‘lganimizda, o‘zimizni xuddi O‘zbekistonda yurgandek his qildik.

Buning boisi shundaki, ozarlar yurtdoshlarimizdek mehmondo‘stligi bilan alohida ajralib turar ekan. Shunchalik e’tibor va hurmat ko‘rsatishadiki, bunday e’zozdan ko‘nglingiz tog‘dek ko‘tariladi. Ularning bir-birlariga bo‘lgan munosabati, chuqur ehtiromini ko‘rib, dil yayraydi. Yoshi ulug‘larga “Muallim” deb murojaat etishidan esa o‘rnak olsa, arziydi.

“O‘zbekistonliklarga havas qilaman!”
“525-Qazet” — Ozarbayjonda haftada besh marta chop etiladigan rasmiy nashr. Asosan, parlament hayotini yoritadigan mazkur gazeta bosh muharriri Rashod Majid bizga hamrohlik qildi. Uni nafaqat taniqli jurnalist, balki yozuvchi sifatida ham yaxshi bilishadi. Rashod Majidning bir qator asarlari, jumladan “10-sentyabr” deb nomlangan qissasi muallifni xalqaro miqyosda tanitdi. Ochig‘i, biz dastlab uning Ozarbayjonda katta hurmatga egaligini bilmagandik. Biroq oradan bir kun o‘tar-o‘tmas, angladikki, yozuvchini yurtdoshlari juda qadrlashar ekan. Yoshlar, adabiyot ixlosmandlari, hatto, uning mashinasidan bilishar, shuning uchun bo‘lsa kerak, svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turganimizda ham undan dastxat so‘rayotgan yigit-qizlarni ko‘rib, havasimiz keldi. Rashod Majid samimiyati bilan bizda shunchalik katta taassurot uyg‘otdiki, xuddi u bilan avvaldan tanishdek tutdik o‘zimizni.

— Men O‘zbekistonga, o‘zbekistonliklarga havas qilaman, — deydi u. — Xalqingiz ochiq ko‘ngil, samimiy va mehribon. Sofdil odamlar bor yurtda qut-baraka, fayz bo‘lishi muqarrar. Mehnatkash, irodasi kuchli, tanti o‘zbek xalqining tolei kulgan ekanki, bugun uzoqni ko‘ra oladigan, dono siyosatchi — Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda ulkan yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda. U kishining har bir chiqishini imkon qadar kuzatib boraman. Tinim bilmaydigan, xalq manfaatini o‘ylab, yuksak azmu shijoat va jasorat bilan hayotga tatbiq etayotgan islohotlari hozirdanoq o‘z samarasini berayotganini eshityapmiz, ko‘ryapmiz. Yoshlarni kitob o‘qish, Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalar merosini o‘rganishga da’vat etishi, to‘g‘risi, meni hayratlantirdi. Bugungi murakkab davrda, globallashuv zamonida, dunyo ma’naviy hamda moliyaviy tanazzuldan “oh-voh” chekib, turli ijtimoiy muammolar avj olayotganda, Shavkat Mirziyoyevning yosh avlod tarbiyasi va ma’naviyati haqida qayg‘urishi, uzoq hamda yaqin mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga bosh-qosh bo‘lib, boshqa davlatlar rahbarlarini ham ana shu ezgu tashabbusga chorlayotgani chinakam ibrat timsolidir. Qani edi, shunday liderlar ko‘p bo‘lsa.

Dunyo mardni tan oladi. O‘z xalqining farovon turmushini o‘ylab, bu yo‘lda dadil yangilanishlarning ko‘zga tashlanishi xalqaro miqyosda ham o‘z e’tirofini topayotgani bejiz emas. Do‘st va qardosh ozarbayjonliklar bu o‘zgarishlarni boshqalardan ko‘ra teranroq anglab, xuddi o‘zlarining muvaffaqiyatlaridek qabul qilishlaridan behad ta’sirlandik. Binobarin, Nizomiy hamda Navoiyni, Fuzuliy va Boburni, Nasimiy hamda Mashrabni, Voqifu Furqatni o‘qib, uqqan ikki xalqning asl maslagiyu maqsadi ham bitta: ahil-inoqlikda hamkorlik qilish. 

“Ota ekkan daraxtni farzand o‘stiradi”
Turli yo‘nalishlarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash xususida so‘z borar ekan, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Hamid Boboo‘g‘li shunday deydi:

Hamid Boboo‘g‘li. Foto: “Xalq so‘zi”.

— Bizda “Ota ekkan daraxtni farzand o‘stiradi”, degan naql bor. Bu ajdodlar merosini avlodlar e’zozlashiga ishoradir. Shu ma’noda, o‘zbek va ozarlarning tarixiy ildizi, kelib chiqishi, qadriyatlari, urf-odatlari, ma’raka-marosimlari bir xil ekanligini e’tiborga olsak, ikki xalqni xuddi aka-ukalardek bir-biriga yaqin deyishimiz mumkin. Bobokalonlarimiz ham bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashgan, har bir masalada o‘zaro hamjihat bo‘lishgan. Bugun ushbu munosabatlar yangicha mazmun-mohiyat bilan boyib, yuqori bosqichga ko‘tarilayotganidan har birimiz mamnunmiz. Biz, bir guruh Parlament a’zolari 2017 yilning kuz faslida O‘zbekistonda bo‘ldik. Safar davomida nafaqat hukumat vakillari, balki eng chekka qishloqlarda yashovchi odamlar bilan ham muloqot qildik. Har bir suhbat va uchrashuv esda qolarli kechdi. Dillashuvga aylanib ketgan bu suhbatlarda anglaganimiz shu bo‘ldiki, xalqning davlatga ishonchi keskin ortgan, Prezident Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatda kattayu kichikning mehriyu e’tiborini qozongan. Bu nimadan dalolat? Albatta, xalqchil siyosat, odamlarning dardini tinglash, ularning muammosiga quloq tutish tufaylidir. Davlat rahbarining: “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan g‘oyasi bugun O‘zbekistonning barcha hududini qamrab olgani e’tiborlidir. Mazkur g‘oya o‘z xalqini hurmat qilgan, uning buguni va ertasi uchun kechani kecha, kunduzni kunduz demay fidoyilik ko‘rsatayotgan yetakchining vatanparvarligi, insonparvarligidan dalolat beradi.

Boku shahrida “Buxoro karvonsaroyi”
...Ozarbayjon poytaxti — Boku ko‘chalari bo‘ylab sayr qilar ekansiz, bu yerda juda ko‘plab sayyohlarni uchratasiz. Bu bejiz emas. Zero, Ozarbayjon — eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan mamlakatlardan biri. Tarixiy obidalari, diqqatga sazovor maskanlari bilan turistlarni jalb qilib, dengiz bo‘yi ko‘chalari va haykallari hamda turli shakllari bilan dovruq qozongan favvoralar maydonida sayr etishning zavqi o‘zgacha. Shuningdek, u yerda lazer shoulari ham o‘tkaziladi. Bayroq va davlat ramzlarini Davlat bayrog‘i maydonida ko‘rish mumkin. Bu yurtga nafaqat bahor hamda yozda, kuz va qishda ham kelish mumkin. Chunki u o‘z mehmonlari uchun har faslda yangi, betakror ko‘rinishda namoyon bo‘laveradi.

Ozarbayjonga qadam ranjida qilgan kishi borki, albatta, tarixiy manzil — Icheri shaharga boradi. Bu joy Shirvonshohlar, Oqquyunlilar, Qoraquyunlilar, Temuriylar, Safaviylar, Afsharlar hamda boshqa ko‘plab sulolalar davrida shahar hududida bunyod etilgan ko‘plab masjidu madrasalar, hammom va ko‘priklar, karvonsaroylarni o‘zida mujassamlashtirganki, ular hali-hamon o‘tmishning shonli shohidlari sifatida qo‘r to‘kib turibdi.

Icheri shahardagi qadimiy obidalardan yana biri “Buxoro karvonsaroyi” deb nomlanadi. Hozir bu obida ichida milliy taomlar tayyorlanadigan maxsus restoran joylashgan. Karvonsaroy qurilishi, me’moriy ko‘rinishi jihatidan, rostdan ham, Buxorodagi tarixiy yodgorliklarni yodga soladi. Aytishlaricha, Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon xalqlari orasida azaldan nafaqat madaniy, diplomatik, balki savdo-sotiq borasida ham muayyan aloqalar o‘rnatilgan. Jumladan, bu borada Buxoro bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Buxorolik savdogarlar, asosan, shu yerda qo‘nim topishgani uchun karvonsaroyga ham Buxoro nomi berilgan bo‘lishi mumkin.

Bu yerda, shuningdek, hammamiz sevib tomosha qiladigan ko‘plab filmlar tasvirga olingan. “Brilliant qo‘l”, “Qaynona”, “Arshin mol-olon”, “Odam amfibiya” ana shular jumlasidandir. “Brilliant qo‘l” kartinasi suratga olingan torko‘chadagi hovli hamisha sayyohlar e’tiborini tortadi. Hamma narsa asar suratga olingan 1968 yildagidek saqlanib qolgan. Xuddi shu hovlida ochilgan “Brilliant qo‘l” qahvaxonasida bir stakan choy ichib, beixtiyor o‘zingizni o‘sha mashhur filmda rol ijro etayotgandek, xuddi betakror aktyor Yuriy Nikulin bilan ko‘rishgandek his qilasiz.

Samarqand va Xiva hayrati
Tarixiy shaharlar — Ganja, Shusha, Gobuston, Naxichevandagi ko‘hna obidalar ham doim sayyohlar bilan gavjum. Kaspiy dengizi esa mehmonlarning eng sevimli maskanlaridan biridir. Sohilda qad rostlagan shinam va ko‘rkam mehmonxonalar, restoranlar, sanatoriylar, pansionatlar, hordiq maskanlari, milliy taomlar oshxonalaridan, bir kun bo‘lsa-da, odam arimaydi. Bularning barchasi Ozarbayjon iqtisodiyotini mustahkamlovchi muhim omillardan biri — turizm taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.

Hamrohlarimiz bizni o‘sha ma’lumu mashhur Kaspiy dengizi bo‘ylab tomoshaga taklif etishdi. Kitoblarda o‘qib, kinolarda ko‘rganimiz — Kaspiy dengiziga yetib borganimizda, uning jozibasidan bir hayratlansak, suv tarkibida inson organizmi uchun juda ko‘plab foydali elementlar borligini eshitib, qiziqishimiz yanada ortdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu o‘lkada sayyohlikning tibbiyot yo‘nalishi, ayniqsa, rivojlangan. Mezbonlardan biri, Ozarbayjondagi “Tibbiyot turizmi” kompaniyasi prezidenti, Ozarbayjon turizm va menejment universiteti o‘qituvchisi Ruslan Guliyev dunyoning 60 dan ortiq mamlakatida bo‘lganini, 30 dan ortiq davlatdagi sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilishini aytar ekan, unga ayniqsa, Belarus, Janubiy Koreya, Iordaniya, Tunis, Xorvatiya ma’qul kelganini ta’kidladi.

Ruslan Guliyev. Foto: “Xalq so‘zi”

Ruslan Guliyev,
Ozarbayjondagi “Tibbiyot turizmi” kompaniyasi prezidenti,
Ozarbayjon turizm va menejment universiteti o‘qituvchisi:

— O‘zbekiston mutlaqo boshqacha. Shuncha mamlakatdan olgan taassurotlarim bir tarafu Samarqand, Xiva, Buxorodagi hayratlar bir taraf. U yerdagi tarixiy obidalarning salobati, ulug‘vorligi, sinoati odamni sehrlab qo‘yadi. Amir Temur maqbarasida bo‘lib, ul zotning ruhi poklariga duolar qildik. Registonni kezib, go‘yo moziyga safar aylagandek bo‘ldik. Labi Hovuzda o‘tmish va bugunning uyg‘unligidan zavq olgan bo‘lsak, Yetti pir ziyoratidan butun vujudimizu ruhiyatimizda yengillik paydo bo‘lganini his qildik. Yana shu narsadan hayratlandikki, yurtingizda odamlar tinmay ziyoratga oshiqar ekan. Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq o‘ijduvoniy majmuasiga oqib kelayotgan odamlarni ko‘rib, benihoya ta’sirlandik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning turizm sohasidagi islohotlari, kirish hamda ichki turizmni rivojlantirishga oid tashabbusi bejiz emasligini anglab yetdik. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish esa ikki tomon uchun ham birdek manfaat keltiradi.

“Alisher Navoiy asarlari Ozarbayjonda mehr va muhabbat bilan o‘qiladi”

Bokudagi Alisher Navoiy haykali. Foto: “Xalq so‘zi”

O‘zbek hamda ozar xususida so‘z ochilsa, avvalo, adabiyotimiz va san’atimiz tilga olinadi. Toshkentda Nizomiy nomidagi universitet faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Bokuda Alisher Navoiy haykali bor. Mana shuning o‘ziyoq adabiyotimiz ildizlari ham o‘zaro tutash ekanligini anglatadi. Bu bejiz emas. Negaki Ozarbayjon adabiyotshunosligida navoiyshunoslik sohasi alohida o‘rin tutadi. Jumladan, Faridunbey Ko‘charli, Hamid Orasli, Panoh Xalilov, Jannat Nagiyeva, Xalil Rza Uluturk, Komil Vali Narimono‘g‘li, Ramiz Asqar, Tarlon Quliyev, Olmos Ulvi singari taniqli olimlarning Navoiy ijodi bilan bog‘liq tadqiqotlari nafaqat ozarbayjon, balki o‘zbek adabiyotshunosligi uchun ham juda muhimdir. Nizomiyning Navoiyga adabiy ta’siri qancha katta bo‘lsa, Fuzuliyga Navoiyning ta’sirini ham ana shu mezon bilan baholash xato bo‘lmaydi. Bu adabiy hamkorlik asrlar va yillar davomida rivojlanib bordi. Sobiq sho‘rolar hukmronligi davrida ham mazkur hamkorlik aslo to‘xtab qolgani yo‘q. Bu tahlikali damlarda ham Navoiy ijodi ikki xalqni doimo birlashtirib, o‘zaro do‘stlik hamda qardoshlik rishtalarini mustahkamlab bordi.

Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishda taniqli navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, akademik Hamid Oraslining xizmatlari beqiyosdir. Uning “Nizomiy va Navoiy”, “Navoiy va Ozarbayjon adabiyoti”, “Alisher Navoiy”, “Alisher Navoiy va uning adabiy merosi”, “Navoiy va Fuzuliy”, “Buyuk shoir” singari maqolalari Navoiy ijodiy merosini o‘rganishdagi qimmatli manbalardan bo‘lib kelmoqda. Hamid Oraslini O‘zbekistonda ham yetuk navoiyshunos sifatida bilishadi. Olim Navoiy ijodiga yuksak baho beradi: “Alisher Navoiy asarlari Ozarbayjonda

XV asrdan boshlab mehr va muhabbat bilan o‘qib kelinmokda. Asrlar davomida xalqimiz Navoiyni o‘z shoirlari qatorida ko‘rib keladi. U bilan zamondosh Kishvariy, Xulqiy singari ozar shoirlari Navoiyning ta’siri ostida kamol topganlar. Buyuk Fuzuliy ham o‘z “Layli va Majnun” asarining muqaddimasida uning nomini Nizomiy hamda Abu Nuvos singari Sharqning buyuk shoirlari qatorida zikr etadi”.

“Oqqan daryo oqaveradi”, deydi xalqimiz. Bugun navoiyshunos olim Hamid Oraslining qizi Nushoba Orasli ham otasining izidan borib, bobokalonimiz hayoti va ijodi xususida izlanmoqda.

— Hazrat Alisher Navoiy asarlariga muhabbat menga otamdan meros, — deydi Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot instituti professori Nushoba Orasli. — Otam, yirik navoiyshunos olim Hamid Orasli O‘zbekistonga har yili tashrif buyurardi. O‘zbekistonni tabarruk diyor, deya alohida e’zoz hamda iftixor bilan tilga olardi. Ne baxtki, menga ham mana shunday muazzam yurtga borish ko‘p bor nasib etgan. Ulug‘ Navoiy ijodiga bo‘lgan qiziqish tufayli ko‘plab o‘zbek olimlari bilan tanishdim, do‘stlashdim. Alisher Navoiy insoniylik, tinchliksevarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini betakror san’atkorlik bilan tarannum etgan buyuk ijodkordir. Shu jihatdan u jahon adabiyotining eng yorqin siymolari Homer va Dante, Rudakiy hamda Firdavsiy, Nizomiy va Sa’diy qatoridan munosib o‘rin olgan. Ozarbayjon shoiri Fuzuliy Alisher Navoiy ijodiga yuksak baho berib, uni “Sultoni salotini shu’aro” deb atagani bejiz emas. Mana, qariyb olti asrdirki, qomusiy bilimlarni o‘zida mujassamlashtirgan bu ulug‘ mutafakkir shoirning jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egallagan o‘lmas asarlari yangidan-yangi avlodlarga xizmat qilib kelmoqda. Shuning uchun ham Navoiy asarlari ham makon, ham zamon bilan doimo hamohangdir. Quvonchimiz shundaki, bobokalonlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda hamkorlik aloqalari bugun yangicha mazmun-mohiyat kasb etib bormoqda. O‘zbekiston va Ozarbayjon ikki ko‘z kabi bir-biriga yaqin, aziz hamda mukarramdir.

Adabiyot ezgulikka chorlaydi
Istiqlol tufayli har ikki davlatda olimlarning badiiy va ilmiy merosini tiklash, ularni keng targ‘ib qilish imkoniyati tug‘ildi. Ko‘plab noyob durdonalar qayta tiklandi, xalqqa qaytarildi. Nabi Xazri, Xalil Rza Uluturk, Mammad Oraz, Baxtiyor Vahobzoda, Qobil, Kabir Navro‘z, Yusuf Samado‘g‘li, Ag‘amali Sodiq, Anor, Elchin, Fikrat Xo‘ja, Zalimxon Yoqub, Hidoyat, Huseyn Kurdo‘g‘li, Mamad Aslan, Ramiz Ravshan, Rustam Berudi hamda boshqa ozarbayjon shoir va yozuvchilarining asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, kitobxonlar hukmiga havola etildi. Shuningdek, ko‘plab o‘zbek adiblari asarlari ozarbayjon tiliga tarjima qilindi. Bu an’ana bugungi kunda ham davom etib kelmoqda.

Anor, Ozarbayjon xalq yozuvchisi. Foto: “Xalq so‘zi”

Anor, Ozarbayjon xalq yozuvchisi, Yozuvchilar birligi raisi:
— Adabiyot — ulkan bog‘. Bu bog‘da meva ham, soya ham, chiroy ham bor. Shu bois u hammani o‘ziga chorlab, qalblarni ezgulikka da’vat etadi. Do‘stlikni mustahkamlashda, azaliy rishtalarni chandon kuchaytirishda uning o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Tarixga e’tibor qaratsak, ota-bobolarimiz boshqa bir mamlakat haqida, avvalo, uning shoir va yozuvchilari, ularning she’ru g‘azallari orqali bilishgan. Bizda, masalan, Navoiy, Bobur, Mashrab haqida shunchalik ko‘p afsona va rivoyatlar borki, istalgan maktabga kirib, so‘rasangiz ham, o‘quvchilar ana shu mumtoz shoirlar to‘g‘risida gapirib berishadi. Xuddi shuningdek, O‘zbekistonda ham Ozarbayjon zaminida ulg‘aygan Nizomiy, Fuzuliy, Voqif, Notavon kabi adiblarni yaxshi bilishlariga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Ne baxtki, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti har bir chiqishida kitob o‘qish haqida gapirmoqda. Adiblarga ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatyapti, ularning moddiy va ijtimoiy ahvoli haqida qayg‘urayotir. Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 aprelda imzolangan “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa tarixiy hujjat bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan tanishib, o‘zbek adiblariga chin dildan havas qildim. Havas qilmay bo‘ladimi? Axir unda ko‘zda tutilgan har bir vazifa ortida ulkan e’tibor, yuksak e’zoz turibdi. Masalan, hujjatda ijodkorlarni uy-joy bilan ta’minlash, salomatliklarini tiklash uchun sharoit yaratish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, Is’hoqxon Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf nomlari bilan atalgan ijod maktablarining o‘quv dasturlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish kabi vazifalar borki, bu nafaqat adiblar, balki butun mamlakat ahlini quvontirgani, shubhasiz. Ayni paytda yana bir jihatni aytmasam bo‘lmaydi. Ya’ni uyushma tasarrufidagi nashrlarga alohida homiylar biriktirilgani ayni muddao bo‘libdi. Men o‘zbekistonlik adiblarga havasim va hurmatimni izhor qilgan holda aytmoqchimanki, endi faqat ijod qiladigan davr kelibdi, tabriklayman.

Ko‘plab asarlari, jumladan, “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” romani bilan dunyo miqyosida tanilgan adibning samimiyat ila bildirgan bu fikrlaridan mamnun bo‘ldik. Zero, mehru havasga, ezgulikka oshno qalbda ana shunday fikrlar tug‘yon uradi, haqiqiy do‘st o‘ziga yaqin bo‘lgan insonlarga shu tarzda muvaffaqiyat tilaydi.

Sog‘inchga aylangan xayrlashuv
Ayting, bu qadar shirinsuxanlik, izzat-ikromdan keyin o‘zbek boshqa, ozar boshqa degingiz keladimi? To‘g‘ri, bizni masofa ajratib turar, ammo dinu diyonat, tilu zabon, yuz-chehramizdagi o‘xshashlik azaldan to abadga qadar etu tirnoqligimiz, bir-birimizga xayrixohligimizdan darak.

Tabiiyki, har bir mehmon Ozarbayjonni o‘zicha kashf etadi. Har galgi tashrif chog‘ida bu maftunkor diyor o‘zining yangi-yangi qirralarini namoyon etaveradi. Zotan, mazkur zamin hali insoniyat to‘la anglab yetmagan sir-sinoatlar maskanidir. Biroq do‘stona munosabatlarni, mehrni, oqibatni aniqlash uchun tadqiqotlar, so‘rovnomalar o‘tkazishga zarurat yo‘q. Tasavvur qiling: uch-to‘rt kun boshqa mamlakatda bo‘ldingizu qaytar chog‘ingizda sizga hamrohlik qilgan odam bag‘rini ochib, ko‘ziga yosh olsa, qanday ahvolga tushasiz. Haydar Aliyev nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelganimizda, qisqa safar davomida bizni o‘ziga tamoman bog‘lab qo‘ygan hamrohimiz — oddiy haydovchi Ilkin Salahov quchoq ochib, qulog‘imizga shivirlaydi: “Sizni hozirdan sog‘ina boshladim!”
Biz bu so‘z, bu iliqlik, bu qadrdonlik O‘zbekiston va Ozarbayjondagi har bir inson qalbiga ko‘chishini chin dildan istab, jonajon yurtimizga qaytdik.
Maqsud JONIXONOV,
“Xalq so‘zi” maxsus muxbiri.
Toshkent — Boku — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?