Tarbiyasi ogʻir yoshlar 3 kun askarlardek yashadi

12:17 20 Iyun 2019 Jamiyat
226 0

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrugi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlar uchun Nishon tumanidagi harbiy qismlardan biriga 3 kunlik harbiy-sport sogʻlomlashtirish kunlari tashkil etildi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir ishtirokchilari 3 kun davomida askarlarning harbiy hayoti bilan yaqindan tanishdi, jangovar va taktik mashgʻulotlarini bevosita kuzatib, harbiy qurol-aslahalarning kelib chiqish tarixi, ularning turlari va foydalanish usullari haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldi. Aqliy hamda jismoniy salohiyat talab etadigan harbiylik kasbining naqadar sharafli ekanligini his etishdi.

“Vatanimiz sarhadlarini qoʻriqlashda jonbozlik koʻrsatib, yuksak natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv hamda psixolog maslahatlar menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda xatolarim ustida ishlashni oʻrgandim. Ayniqsa, ota-onamning oʻrni juda bilindi”,— deydi mayda oʻgʻirlik bilan vaqtincha hisobga tushib qolgan A.D.

Ushbu “Harbiy-sogʻlomlashtirish kunlari” ijobiy natijalarni beraversa, har yili tashkil etish rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?