Tarbiya fan sifatida oʻquv jarayoniga kiritiladi

18:08 11 Sentyabr 2020 Siyosat
248 0

2020-yil 11-sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Yoshlarni tarbiyalashda umuminsoniy, milliy qadriyatlar va huquqiy madaniyatning roli” mavzusida davra suhbati videokonferensiya tarzida oʻtkazildi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, taʼlim muassasalarining mutasaddi rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur davra suhbatidan koʻzlangan maqsad – joriy oʻquv yilida taʼlim muassasalari uchun kiritilayotgan yangi – Tarbiya fanining oʻquv jarayoniga tatbiq etilishi va ushbu fanning bugungi kunda dolzarbligi, unda milliy va umuminsoniy qadriyatlarning uygʻunligini taʼminlash yuzasidan deputatlar, ekspertlar, mutaxassislar hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida takliflar ishlab chiqish, shuningdek fikr va mulohazalar almashishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, tahlillar milliy gʻoya turkumiga kiruvchi fanlarga amaldagi oʻquv rejada yiliga 339 soat belgilangan boʻlsa-da, shundan 203 soati yillar davomida turli oʻquv kurslariga (“Konstitutsiya olamiga sayohat”, “Salomatlik” darslari, “Ekologiya”, “Hayot xavfsizligi asoslari”, “Iqtisod” va “Soliq alifbosi”, “Oila asoslari” va boshqalar) ajratilganligi, faqatgina 136 soati milliy gʻoya turkumiga kiruvchi fanlarning oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilganligi sababli oʻqitish samaradorligi pasayib ketganligini koʻrsatdi.

Tadbirda qayd etilganidek, 2020-yilning avgust oyi davomida Milliy teleradiokompaniya bilan hamkorlikda “Onlayn-maktab” loyihasi doirasida telekanallar orqali mutaxassislar tomonidan Tarbiya fanini oʻqitadigan oʻqituvchilar uchun onlayn malaka oshirish darslari tashkil etildi.

Shuningdek, tadbirda bugungi kundagi dolzarb, sohaga tegishli bir qancha Prezident qarori loyihalari hamda Prezident maʼruzalarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi ham qoʻmita aʼzolari tomonidan muhokama etildi.

Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganidek, hozirgi vaqtda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash har bir davlatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu kosmopolitizm mafkurasiga qarshi kurashishning yagona usulidir. Vatanparvarlik ruhi milliy gʻoyaning asosini tashkil qiladi. World Values Surney xalqaro soʻrovnoma tizimi maʼlumotlariga koʻra, oʻz vatani himoyasi uchun jonini fido qilishga tayyor fuqarolar Osiyo davlatlarida koʻplab istiqomat qilishi maʼlum qilingan. Yurtimizning mazkur roʻyxatdagi “Vatanparvarlik yuqori davlatlar” guruhida ekani quvonarlidir. Ammo bu holat mazkur masalada bizda muammo yoʻqligini anglatmaydi. Shu nuqtayi nazardan mutaxassislarimiz tomonidan bir qator davlatlardagi vatanparvarlik tuygʻusini tarbiyalash tajribasi oʻrganib chiqildi.

Qayd etilganidek, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlari maktablarida tarbiyaga oid fanlar haftasiga 25 soat oʻqitilib, mazkur fanlar doirasida oʻquvchilarga maktab va oila hamkorligining ahamiyati, jamoa boʻlib ishlash koʻnikmalari, maqsadlarga erishish yoʻllari, oʻquvchilarning shaxsini shakllantirish orqali, jamoa masʼuliyatni oshirish va milliy qadriyatlarni asosiy oʻringa qoʻyish kabi jihatlarga alohida eʼtibor qaratilishi natijasida taʼlim-tarbiya jarayonida yuqori samaraga erishilgan.

Singapur davlati maktablarida oʻquvchilarni tarbiyalash jarayonida ularda yaxshi va yomonni farqlash, maʼnaviy qadriyatlarni eʼzozlash, oʻzgalar bilan doʻstlashish va ularning manfaatlarini oʻzinikidan ustun qoʻyish, jamoat ishlariga masʼuliyat bilan yondashish, jamoada ishlash va oʻzgalar yordamini qadrlash, Vatanni sevish, uning tarixini bilish va oʻz mamlakati kelajagiga qatʼiy ishonish, mamlakatni kelajakda boshqarish uchun qanday xislatlarga ega boʻlish kabi hayotiy koʻnikmalar shakllantiriladi.

Tadbirda toʻplangan milliy va xorijiy tajribalar asosida Tarbiya fanining Konsepsiyasi ishlab chiqilganligi ham eʼtirof etildi.

Davra suhbatida Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan yoshlarni tarbiyalashda umuminsoniy, milliy qadriyatlar va huquqiy madaniyatni rolini kuchaytirish boʻyicha qoʻmita aʼzolari tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar taʼlim sohasiga tegishli mutasaddi tashkilotlarga taqdim etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?