Taraqqiyot va farovonlikning muhim sharti

18:23 30 Iyul 2020 Siyosat
159 0

Illyustrativ foto

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Jahon hamjamiyatining globallashuvi sharoitida respublikamizning undagi oʻrni haqida aniq tasavvurga ega boʻlish keyingi taraqqiyotning aniq yoʻnalishlarini belgilash imkonini beradi, boshqaruv borasidagi toʻgʻri qarorlar qabul qilinishiga xizmat qiladi. Xalqaro reyting va indekslar ham aynan shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Pirovardida islohotlarning bizga zarur natijasi – xalq farovonligi, el roziligiga erishiladi.

Har qanday islohotlarning samarasini taʼminlashda institutsional muhitni shakllantirish zarur boʻladi. Yaʼni, islohotlarni amaliyotga tatbiq etish har bir sohadagi muayyan institutlar zimmasiga yuklatiladi. Ushbu muhitning sifatini baholashda iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida jahon hamjamiyati tomonidan qabul qilingan asosiy vosita ham xalqaro reyting va indekslardir. Ular islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy siyosat samaradorligi mezoni sifatida jahon miqyosida qoʻllanib kelinadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil oʻzgarishlar tufayli Oʻzbekistonning bir qator nufuzli reytinglardagi oʻrni yuksalib bormoqda. Bu – xalq farovonligi yoʻlida qoʻyilayotgan qadamlarning muhim va tabiiy natijasi aslida. Shuningdek, yurtdoshlarimiz ongi oʻsib, fuqarolik jamiyati rivoj topayotgani, davlat ham bu yoʻnalishda barcha imkoniyatlarni ishga solayotgani, yurtimizda aholi turmush farovonligini oshirish, jamiyatimizda ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash borasidagi xayrli ishlarning samarasi hamdir.

Jumladan, yaqinda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkilotining ­(YUNIDO) “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi” boʻyicha hisoboti chop etildi. Unda mamlakatimiz ilk marotaba aks ettirilib, 152 ta mamlakat orasida 92-oʻrinni, MDHga aʼzo davlatlar orasida 5-oʻrinni, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida 2-oʻrinni egalladi.

2020-yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” indeksida 76-oʻrindan 69-oʻringa koʻtarildik, “Transparency International”ning Korrupsiyani qabul qilish indeksi hamda “World Justice Project”ning Qonun ustuvorligi indeksida ham mamlakatimiz oʻrni yaxshilandi. Bu raqamlar ortida davlat boshqaruvining barcha boʻgʻinlarida olib borilayotgan izchil yangilanishlar, iqtisodiyotda davlatning rolini kamaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash bosqichma-bosqich islohotlar samarasidir.

Jumladan, Davlatimiz rahbarining joriy yil 2-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda OʻZbekistonning jahon hamjamiyatidagi oʻrnini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da jadallashtirishda muhim qadam boʻldi. Unga koʻra Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tuzilib, sohada parlament nazorati oʻrnatildi. Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva rahbarligida faoliyat yuritayotgan respublika kengashi oʻzining ilk tashkiliy majlisidayoq kelgusi ishlariniing aniq yoʻnalish, maqsad va rejalarini belgilab oldi. Zero, bu borada hali bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar bisyor. Davlatimiz rahbarining farmoni asosida davlat organlari faoliyati natijadorligini oliy, yaʼni parlament darajasida nazorat qilish belgilanganidan maqsad — bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining masʼuliyatini oshirishdan iboratdir.

Xalqaro reytinglar davlat boshqaruvi organlari faoliyatini baholash vositasi sifatida koʻrib chiqilishi mumkin va davlat faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shu jihatdan reytinglardagi oʻrnimiz yuksalishi qonun hujjatlarining joylardagi ijrosi bilan chambarchas bogʻliq. Buni hisobga olgan holda kengash tarkibiga mahalliy hokimlar kiritildi. Bu oʻz navbatida reytinglar bilan ishlashda yuzaga kelayotgan muammolarni vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish imkonini beradi.

Zamonaviy bozor iqtisodiyotida xalqaro reytinglarning roli aynan keyingi oʻn yillikda ancha ortdi. Bu vaqt mobaynida ularning dunyo mamlakatlari rivojlanish darajasini baholashning texnik vositasidan mamlakatning iqtisodiy faoliyat subyektlari uchun jozibadorligi indikatorlariga aylandi.

Shu jihatdan ulardagi oʻrnimizning yuksalishi kelgusidagi iqtisodiy oʻsishga bevosita taʼsir qiladi. Bu esa oʻz navbatida bu yoʻnalishda ishlash zaruratini ustuvor vazifalar qatoriga qoʻyadi. Shu maʼnoda har bir vazirlik va idora bu yoʻnalishdagi masʼuliyatni his qilgan holda oʻz tarkibida reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha alohida tarkibiy boʻlinmaga ega boʻlishi kerak. Uning xodimlari esa tegishli sohada chuqur bilimlar olib, ulardan foydalana bilishlari, tegishli metodologiyani qunt bilan oʻrganib, toʻgʻri talqin qilib, amaliyotda qoʻllashi lozim. Buni hisobga olgan holda, shu kunlarda Oliy Majlis Senati shafeligi ostida reyting agentliklarining metodologiyalarini oʻrganish maqsadida mahalliy hokimliklar hamda vazirlik va idoralar masʼullari uchun maxsus treninglar tashkil etilishi yoʻlga qoʻyildi.

Galdagi vazifa – mavjud reytinglarda Oʻzbekistonning oʻrnini yuksaltirish bilan bir qatorda mamlakatimiz hali eʼtirof etilmagan indekslarni zabt etishdan iborat. Albatta, buning oʻziga yarasha sabablari bor. Xususan, Jahon iqtisodiy forumining “Global raqobatbardoshlik indeksi”ga mamlakatimizni kiritish masalasi yuzasidan Moliya vazirligi olib borgan muzokaralar natijasida indeksga kirish jarayoni 2 yil muddatni talab etishi maʼlum boʻldi. Dastavval tashkilot tomonidan Oʻzbekistonda rasmiy soʻrovnoma oʻtkazish uchun hamkor, yaʼni nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari tanlab olinadi va soʻrovnoma oʻtkaziladi. Ikkinchi yilda soʻrovnoma natijalaridan kelib chiqib, Oʻzbekistonning indeksdagi norasmiy oʻrni belgilanadi hamda ularning Oʻzbekiston koʻrsatkichlarining haqiqiy tendensiyalari bilan qay darajada mos kelishi tekshirib koʻriladi. ­Tendensiyalar maxsus ekspertlar tomonidan 2 yil mobaynida muntazam kuzatilib boriladi va tahlil qilinadi.

Xalqaro byudjet hamjamiyatining “Byudjet ochiqligi indeksi”ga kirish – bu yana bir dolzarb vazifa. Mazkur indeks boʻyicha mamlakatda tadqiqot oʻtkazish uchun zarur resurslar, shu jumladan mablagʻlar faqatgina xalqaro nodavlat tashkilotlar va institutlar hisobidan amalga oshiriladi.

Hamjamiyatning asosiy talablaridan biri — tadqiqot oʻtkazishdagi mahalliy hamkor sifatida mustaqil fuqarolik jamiyati institutlari (nodavlat notijorat tashkilotlar) boʻlishi zarur. Mazkur indeks hisobotida mamlakatimizni aks ettirish boʻyicha yakuniy qaror tashkilotning joriy yil avgust oyidagi yigʻilishida koʻrib chiqilishiga kelishilgan.

Shuningdek, iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi”, qolaversa, Kornell universiteti, Xalqaro intellektual mulk tashkilotining “Global innovatsiyalar indeksi”da mamlakatimiz oʻrnini aks ettirish masalasida muzokaralar oʻtkazilmoqda. Hozir bu yoʻnalishda zarur statistik maʼlumotlarni jamlash boʻyicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Tan olish joizki, hozirgi kunda mamlakatimiz bir qator muhim xalqaro reyting va indekslarda quyi pogʻonalarda qolmoqda. Buning obyektiv sabablari bor, albatta. Qator sohalardagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq qonunchilikning jadal rivojlanishi ayrim hollarda amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan koʻplab normalarning vujudga kelishiga sabab boʻldi. Shuning uchun ham qonunchilikni tubdan qayta koʻrib chiqish, uni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ijrosi monitoringini takomillashtirish maqsadida Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu yoʻnalishda kelgusi yillarda juda ham katta ishlarni amalga oshirishimiz zarur boʻladi. Natijada mamlakatimiz past pogʻonalarni egallab turgan siyosiy-huquqiy reyting va indekslarda oʻrnimizni yuksalishiga erishamiz.

Toʻgʻri, global miqyosda davom etayotgan pandemiya sharoiti Oʻzbekiston xalqaro reyting va indekslarda oʻsib kelayotgan oʻrniga taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi. Lekin, iqtisodiyotni tiklash va oshirish, xalq farovonligini yuksaltirish, karantin sharoitida iqtisodiy va ishbilarmon faollikning yangi shakllarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar albatta oʻz natijasini bermay qolmaydi. Pirovard natijada mamlakatimiz nufuzi yuksalib, iqtisodiyotimizga yangidan yangi resurs va investitsiyalar kirib keladi, demakki, mamlakatimiz ravnaqi davom etadi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?