“Taraqqiyot strategiyasi” markazi dunyo “aql markaz”lari reytingida yana eʼtirof etildi

18:33 04 Fevral 2019 Jamiyat
305 0

AQSHning Pensilvaniya universitetining “Tahlil markazlari va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida eʼlon qilib boriladigan nufuzli “Global Go To Think Tank Index Report” dunyo tadqiqot va tahlil markazlari yillik reytingi eʼlon qilindi.

2018 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mazkur reytingning “Best New Think Tanks 2018” nominatsiyasida 27 ta yangi tashkil etilgan “aql markazi” qatorida eʼtirof etildi.

Ahamiyatlisi, ushbu roʻyxatga MDH davlatlari orasidan faqatgina mamlakatimizning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi kiritilgan. Unda, shuningdek, Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” markazi, Germaniyaning “Agora Verkehrswende”, AQSHning “MGM Resorts Public Policy Institute” kabi nufuzli tashkilotlari oʻrin olgan.

Reytingni tuzish jarayonida 2016 va 2017 yillar davomida faoliyati yoʻlga qoʻyilgan “aql markaz”lari oʻrganilib, “TACTSP Global Think Tank Database” maʼlumotlar bazasiga kiritilgan 68 mingdan ortiq nufuzli ekspertlar, jurnalistlar, siyosatchilar hamda iqtisodiy hamda siyosiy tadqiqotlar sohasi mutaxassislari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrov natijalari asosida tuzilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi “aql markazi” sifatida 2018 yilda qator muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirdi. Jumladan, “Aql markaz”larini oʻrganish markazi va Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi tomonidan oʻtkaziladigan Shanxay “aql markaz”lari yillik forumida mamlakatimiz nomidan faol ishtirok etdi. Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida tashkil qilingan “Level Up Prize” tanlovida gʻolib, deb topildi.

Maʼlumot uchun, “Global Go To Think Tank Index Report” tadqiqot va tahlil markazlarining yillik reytingi “Ekspertlik-tahliliy markazlar va fuqarolik jamiyati” dasturi doirasida 2008 yildan buyon eʼlon qilib kelinadi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ushbu reytingga ilk bor 2017 yil yakunlariga boʻyicha yangi tashkil etilgan “aql markaz”lari “top-50”taligiga kiritilgan edi.

O. LUTFULLAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?