Taqiqdagi avtotransportlarga soxta hujjatlar tayyorlangan

13:58 08 Oktyabr 2019 Jamiyat
807 0

“Oʻzsanoatqurilishbank” Namangan mintaqaviy filiali tomonidan viloyat markazida faoliyat koʻrsatuvchi “Axsin tex servis” MCHJga aylanma mablagʻini toʻldirish va aholini isteʼmol tovalarga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida 12 oy muddatga 1 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratilgan.

Ushbu kredit evaziga A.Ismatullayevga tegishli “Bobur avtonaqlservis” jamiyatiga qarashli 4 dona “HOWO”, “SHAANXI” rusumli avtotransport bank tomonidan garovga va taqiqga qoʻyilgan.

Bank olingan kredit mablagʻlari oʻz vaqtida qaytarilmagani uchun sudga murojaat etadi.

Namangan shahar iqtisodiy sud tomonidan kredit mablagʻlarini majburiy undirish boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingan.

A.Ismatullayev bank filiali garovga qoʻygan va taqiqga olingan transport rusumlarini sotib yuborish xayoliga kelib turli “gʻoya”larni oʻylab topadi.

Birinchi navbatda bank mansabdor shaxslari imzosini soxtalashtiradi. Keyin filial shtamp va muhrlarini qalbakilashtirib, soxta yozuvlar kiritadi.

Natijada, goʻyoki bank tomonidan olingan kredit mablagʻlari toʻlab boʻlingani haqidagi hujjatlar tayyor boʻladi. Shundan soʻng A.Ismatullayev qabih niyatini davom ettirib, taqiqga olingan avtomashinalarni taqiqdan chiqarishga erishadi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

U “hech kim bilmaydi” qabilida ishini davom ettirib, endi garovga qoʻyilgan transport vositalarini sotib yuboradi va davlat manfaatlariga 771 mln. 191 ming 371 soʻm zarar yetkazadi.

Mazkur holat yuzasidan A.Ismatullayevga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228 moddasi 1 va 3 qismi hamda 233-moddalar bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?