Tanzila Norboyeva: “Sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislariga minnatdorlik bildiramiz!”

11:41 21 Mart 2020 Jamiyat
90 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament qoʻyi palatasi deputatlari va Senati aʼzolari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva nutq soʻzladi:

“...Soʻnggi uch yilda koʻplab islohotlar amalga oshirilgan boʻlsa-da, yillar mobaynida barcha sohalar, xususan, ijtimoiy sohalarda muammolar yetarlicha toʻplanib qolganligiga guvoh boʻlyapmiz.

Ayniqsa, sanitariya-epidemiologiya xizmati toʻgʻrisida nafaqat qonunchilikni takomillashtirish, balki hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. Bunga davlat rahbari ham urgʻu berib, ushbu tizim yillar davomida eʼtibordan chetda qolganligi, kadrlar salohiyati yetarli darajada emasligi, moddiy-texnika bazasi oʻz holiga tashlab qoʻyilganligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan, hozirda nafaqat sanitariya-epidemiologiya xizmati, balki sogʻliqni saqlash tizimini tubdan qayta isloh qilish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.

Kecha Prezidentimiz videoselektorda alohida qayd etdilarki, shu qisqa vaqt ichida poytaxtimizda uchta shifoxona qurilib, foydalanishga topshiriladi. Albatta, bu muassasalar karantinga qabul qilish uchun qilinayotgan boʻlsa-da, keyinchalik boshqa tibbiy maqsadlarda ham ishlatilishi mumkin.

Biz, parlament aʼzolari, eng avvalo, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash boʻyicha ishlarni tubdan qayta koʻrib chiqishimiz zarur. Bunda asosiy eʼtiborni kadrlar salohiyatini oshirish va ularni qoʻllab-quvvatlashga ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.

Prezidentimiz ushbu soha mutaxassislarining oyligiga qoʻshimcha haq toʻlab berilishi, qoʻllab-quvvatlanishini ham qayd etdilar. Chunki tibbiyot xodimlari nafaqat karantinga olinganlarga yordam beryapti, balki oʻz hayotini xavf ostiga solib, oʻz ishini sidqidildan bajarmoqda. Shu oʻrinda sogʻliqni saqlash tizimi mutaxassislariga minnatdorlik bildiramiz”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?