Tanzila Norboyeva BMTda chiqish qiladi

20:13 12 Mart 2019 Jamiyat
702 0

Foto: Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari va Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi T. Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida BMTning Xotin-qizlar holati boʻyicha Komissiyaning 63-sessiyasida chiqish qiladi. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati rahbari Laylo Rustamova xabar berdi.

Tadbirda BMTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, Tashkilotning hududiy va funksional filiallari, xorijiy mamlakatlarning huquqni himoya qilish tashkilotlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

Foto: Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati.

Oʻzbekiston delegatsiyasining tashrifi dasturida chet ellik hamkorlar, jumladan BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA), “BMT-Xotin-qizlar”, xalqaro xotin-qizlar tashkilotlarining rahbarlari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, sessiya doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari nomidan “Hech kim unutilmasligi kerak”: Markaziy Osiyo davlatlarida ijtimoiy himoya mavzuida maxsus tadbir oʻtkaziladi.

Komissiya BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashining funksional organi boʻlib, ayollarning huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha xalqaro standartlarning bajarilishini koʻrib chiqadi hamda ularni toʻgʻri amalga oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi.

Ushbu sessiyaning asosiy mavzusi “Ijtimoiy himoya tizimlari, davlat xizmatlaridan foydalanish va gender tengligi uchun barqaror infratuzilma hamda ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” boʻlib, unda oliy darajadagi umumiy bahslar, vazirliklarning davra suhbatlari va boshqa uchrashuvlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, uning doirasida ayollar va jamiyatning zamonaviy jamiyatdagi rolini mustahkamlash uchun bir qator masalalar koʻrib chiqiladi.

Sessiya 22-mart kuni oʻz yakuniga yetadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?