Tanzila Norboyeva: Barqaror rivojlanish maqsadlarining Oʻzbekistondagi ijrosi — parlament nazoratida

02:14 15 May 2020 Siyosat
540 0

Soʻngi yillarda Oʻzbekistonning tashqi siyosiy hayotida tub oʻzgarishlar kuzatildi. Pirovardida qoʻshni davlatlar hamda boshqa mintaqalardagi mamlakatlar bilan aloqalar mustahkamlanayotgani, izchil hamkorlik asosida koʻplab ijobiy natijalarga erishilayotganiga bugun barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.

Ayni chogʻda xalqaro moliyaviy institutlar bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli mamlakatimizning turli sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish va bu orqali islohotlarimizni jadal rivoj­lantirishga erishilmoqda. Qator xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilinib, yurtimizda inson manfaatlarini taʼminlash, uning haq-huquqlarini himoya qilish va aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish choralari koʻrilyapti. Buni BMT bilan munosabatlarimiz yangi bos­qichga koʻtarilgani misolida ham koʻrish mumkin. Zero, mazkur tuzilma bilan oʻzaro aloqalarni rivojlantirish yangilanayotgan Oʻzbekiston milliy manfaatlariga har tomonlama uygʻundir.

Mamlakatimizda BMT Bosh Assambleyasi hamda tuzilmalari tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya, konvensiya, deklaratsiya va bayonnomalar samarali ijrosi boʻyicha puxta ish olib borilayotir. Jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga izchil erishish yoʻnalishida ham tizimli tadbirlar yoʻlga qoʻyilganligini mamnuniyat bilan aytmoqchimiz.

BMT Bosh Assambleyasining 70-son rezolyutsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi “2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) sohasida milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish”ni oʻz zimmasiga olgan. Shu maqsadda ­Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Shu hujjatga asosan, milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari rahbarligida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan boʻlib, hozirgi paytda samarali faoliyat olib boryapti.

Shuningdek, Hukumat qarori bilan tegishli “Yoʻl xaritasi” qabul qilingani va hayotga izchil tatbiq etilayotganligi eʼtiborga molik. Yaʼni milliy koʻrsatkichlar (indikatorlar) roʻyxati tasdiqlanib, ular jahon amaliyotiga muvofiq yangilanib kelinmoqda.

Bu masala Prezidentimizning ham doimiy eʼtiborida boʻlib kel­yapti. Xususan, davlatimiz ­rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Oʻzbekistonda mazkur milliy maqsad va vazifalarni samarali amalga oshirish muhimligi alohida taʼkidlab oʻtilgan.

Aytish lozimki, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Shu oʻrinda Barqaror rivojlanish maqsadlarining har biri aniq va manzilli belgilangan 169 ta vazifadan iborat boʻlgan 17 maqsadni oʻz ichiga olganligini qayd etish oʻrinlidir. Xoʻsh, bu vazifa va maqsadlarga erishsak, qoʻlga kiritadigan natijalarimiz qanday boʻladi? Dasturda belgilangan vazifalar va koʻrsatkichlarning 2030-yilgacha samarali ijrosini taʼminlash mamlakatda yuqori iqtisodiy va ijtimoiy ­natijalarga erishish imkonini beradi.

Bu jarayonda Muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzolari mazkur yoʻnalishda yurtimizda olib borilayotgan ishlarni ikki yuzga yaqin milliy koʻrsatkichlar (indikatorlar) asosida baholab borishadi. Ana shunday tizimli ishlarimiz samarasi oʻlaroq, bugun ushbu indikatorlarni amalga oshirish boʻyicha ijobiy natijalarga erisha boshladik. Birgina misol, yurtimiz 2019-yilda Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pogʻonaga koʻtarildi, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha 190 ta davlat orasida 8-oʻrinni egalladi.

Faol investitsiyalar va ijti­moiy rivojlanish yilida respublikada iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ­ishlab chiqarish hajmi 6,6 foiz, eksport 28 foiz koʻpaydi. Eng muhimi, iqtisodiyotimizga jalb etilgan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ­miqdori 2018-yildagiga nisbatan 3,1 milliard dollarga ortdi. “Har bir oila — tadbirkor” dasturi ­doirasida oʻz biznesini bosh­layotgan oilalarga 5,9 trillion soʻm kredit ajratilib, ularning oʻz biznesi, muntazam daromad manbaini yaratishga koʻmaklashildi. Yangi soliq siyosati natijasida rasmiy sektorda ishlayotganlar soni 500 mingtaga koʻpaydi. Qolaversa, olib borilgan iqtisodiy islohotlar sabab oʻtgan yilda koʻplab yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyat boshladi.

Iqtisodiyotning barqaror va tizimli rivoji mamlakatda ijti­moiy sohani rivojlantirishga ham katta turtki boʻldi. Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida ham koʻplab ijobiy natijalar qoʻlga kiritildi. Xususan, sogʻliqni saqlash yoʻnalishida davolash faoliyati turlari 50 tadan 126 taga oshdi, tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasi tubdan qayta mustahkamlanmoqda, tizimda yangi texnologiyalar joriy etilib, kadrlar salohiyatini yuksaltirish borasida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolar hal qilinmoqda. Bundan tashqari, qator imtiyozlar berilgani bois oʻtgan yili 634 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi.

Maʼlumki, bolalarning sogʻlom va bilimli, yetuk kadrlar boʻlib voyaga yetishida maktabgacha taʼlim tizimi juda muhim oʻrin tutadi. Prezidenti­miz ushbu tizimga ham alohida ahamiyat qaratib, bu borada tarixiy hujjatlarni qabul qildi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida Maktabgacha taʼlim vazirligi tuzilib, tizimni kompleks rivojlantirish, bu yoʻnalishda davlat va nodavlat tarmoqni kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, malakali pedagog kadr­lar bilan taʼminlash, taʼlim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish ishlariga alohida eʼtibor berilmoqda.

Qolaversa, maktablarda oʻqitish uslublari, taʼlim standartlari hamda darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yangilash, bilim berishda il­gʻor xorijiy tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy anʼana va qadriyatlarni eʼtiborga olishga alohida ahamiyat qaratilayotir. Zero, innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash bugun xalq taʼlimi tizimining asosiy vazifalaridandir.

Shu bilan birga, oliy taʼlimga yoshlarni kengroq qamrab olish yuzasidan aniq choralar koʻrilmoqda, yangi oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Oliy taʼlim dargohlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, dunyoning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari oʻrnatish, oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy qilish masalalari ham ustuvorlik kasb etgan. Xalqaro standartlar darajasiga mos boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Bundan tashqari, yurtimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishini taʼminlash borasida ham mutlaqo yangi yoʻnalishlar asosida faoliyat yoʻlga qoʻyilgan. Gender masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlari qatoridan oʻrin olgan.

Bundan ikki yil muqaddam, yaʼni 2018-yilda yurtimizda ogʻir sha­roitda yashayotgan 47 mingga yaqin ayollar, shu jumladan, 14,6 ming nogironligi boʻlgan ayollar roʻyxati tuzildi. Ulardan 14 ming nafariga tibbiy yordam, 13,5 ming nafari uchun ish joylari yaratib berildi, 22 ming nafariga moddiy yordam koʻrsatildi. Kam taʼminlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard soʻmdan ziyod boshlangʻich badal toʻlab berildi. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettiril­moqda.

Bugungi kunda ham ayollar bandligi masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida aniq qilib belgilangan. Unga koʻra, 2025-yilgacha yurtimizda 295 ta tikuvchilik korxonasi ishga tushiriladi va natijada 44 ming nafar xotin-qizning bandligi taʼminlanadi.

Bular shunchaki raqamlar emas. Aslida, ularning ortida nafaqat ayollar, balki oilalar taqdiri mujassam. Ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning qobiliyatini ragʻbatlantirish siyosatining zamirida ham oilalarning tinchligi, farovonligini taʼminlashdek ezgu maqsad yotibdi.

Bu borada, ayniqsa, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha yurtimizda dadil qadamlar qoʻyildi. Oʻtgan yili parlamentimiz tomonidan ikkita muhim hujjat, yaʼni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Endilikda respublikada ishlab chiqi­layotgan barcha normativ hujjatlar loyihalari gender ekspertizasidan oʻtkazilishi Hukumatning maxsus qarori bilan belgilanadi.

Shularga mos holda respublikamizda Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya, Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha qoʻmita tuzildi. Ayollarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroklari ham sezilarli darajada kuchaymoqda. Ularning deputat, senator, vazir, hokim kabi masʼuliyatli lavozimlarga qoʻyilayotgani buning yaqqol hayotiy tasdigʻidir.

Oʻz navbatida, davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida BRM sohasidagi maqsad va vazifalarni bajarish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, davlat bilan jamiyat oʻrtasida yana-da yaqin aloqalarni oʻrnatish uchun parlament, Hukumat hamda fuqarolik jamiyati ins­titutlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ayniqsa, ushbu masala boʻyicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik muhokamalarini oʻtkazishni taklif qildi. Shu tashabbus asosida Oliy Majlis palatalari Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha parlament komissiyasini va uning reglamentini tasdiqladi.

Ushbu komissiyaga senator va deputatlar aʼzo boʻlib, unga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Qonunchilik palatasi Spikeri ham rahbarlik qiladi.

Komissiya zimmasiga juda zalvarli vazifalar yuklanmoqda. Avvalo, u BRMni bajarishda parlament, Hukumat va fuqarolik jamiyati ­institutlari amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masalada muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish, har bir inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan faoliyatni olib boradi.

Parlament komissiyasi BRM sohasida olib borilayotgan ishlarni oʻrganadi va tahlil qiladi. Shu asosda milliy maqsadlar va vazifalarning manzilli ijrosi boʻyicha yuzaga kelgan muammolar, ularning yechimiga oid tegishli xulosa va tavsiyalar ishlab chiqadi.

Bugungi kunga kelib yangi par­lament Hukumat bilan birgalikda BRM doirasidagi vazifalarni bajarishga qattiq kirishgan. Senator va deputatlardan iborat Parlament komissiyasining eng asosiy vazifalaridan biri, bu — BRMga erishishda ijro hokimiyatining, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar faoliyatlari samaradorligini oshirishdan iborat. Shu maqsadda Parlament komissiyasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi, nazorat qiladi va unga koʻmaklashadi. Oʻzbekiston Respublikasini ­barqaror rivojlantirish sohasidagi maqsadlar va vazifalarning bajarilishini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari hamda normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tizimli monitoring qilishni ham yoʻlga qoʻyadi.

Aytish joizki, shu kunlarda butun dunyo hamjamiyatini oʻylantirayotgan COVID-19 infeksiyasi, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmadi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish davlatimizning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi hamda bu borada Hukumatga aniq vazifalar topshirildi. Bundan tashqari, Prezidentimizning bir qator Farmon va qarorlari pandemiyaning xatarli taʼsirining oldini olishga qaratilgan boʻlib, ushbu hujjatlar aholining sogʻligʻini muhofaza qilish, uning turmush tarzini yaxshilash, tadbirkorlarimizning faoliyati barqarorligini, aholining bandligini taʼminlashda dasturilamal boʻlmoqda.

Mazkur sharoitda parlament aʼzolari ham oʻz oldiga aniq vazifalarni belgilab oldi. Qisqa muddatlarda pandemiya tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadigan qonunlar qabul qilindi. Ushbu qonunlarning hayotga tatbiq etilishida, aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarining olib borilishida deputatlar va senatorlar faol qatnashmoqdalar.

Shu bilan birga, mazkur murakkab vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan Oliy Majlis palatalari Kengashlari qoʻshma qarori qabul qilindi, parlament palatalari aʼzolaridan iborat ishchi guruhi tomonidan aholiga tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha har tomonlama amaliy yordam beriladi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan ilk marotaba yurtimizda kambagʻallar borligi ochiq tan olinishi va ularga oid raqamlar keltirilishi ham ijro hokimiyati, shu jumladan, bizning oldimizda naqadar muhim vazifalar turganligidan dalolatdir. Kambagʻallikni bartaraf etish masalasi BRMning ham asosiy maqsadlaridandir. Shulardan kelib chiqib, BMT bilan hamkorlikda kambagʻallikni keskin kamaytirish yuzasidan tegishli qonunlar, dasturlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni takomillashtirish uchun Parlament komissiyasi har chorakda Hukumatning Muvofiqlashtiruvchi kengashi va masʼul vazirliklar, hokimliklar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi. Amaliy muloqotlar davomida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Yuzaga kelgan muammoli holatlarni bartaraf etish uchun, zarurat boʻlgan taqdirda, milliy BRMga taalluqli boʻlgan masalalarda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ­ishlab chiqish boʻyicha takliflar ­tayyorlash ham koʻzda tutilgan.

Parlament komissiyasi zimmasiga Hukumat tomonidan taqdim etiladigan yillik byudjet parametrlari qay darajada belgilangani va milliy BRMni Oʻzbekistonda amalga oshirish boʻyicha rejalariga mosligini koʻrib chiqish vakolati ham yuklanmoqda. Zarurat boʻlganda, Davlat byudjeti va Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartishlar kiritish yuzasidan ham takliflar ishlab chiqilishi mumkin.

Bundan tashqari, parlamentimiz bu sohada ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, xalqaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishni ham maqsad qilgan. Chet el parlamentlari va nufuzli parlamentar tuzilmalar bilan muloqotlar bu masalaga oid tajribalarni oʻrganish va yurtimizda muvaffaqiyatli tatbiq etishga ham hissa qoʻshadi. Par­lament komissiyasi aʼzolari Oʻzbekistonning BRM sohasidagi yutuqlarini keng yoritish maqsadida, jumladan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (EKOSOS) yuksak darajadagi siyosiy forumida ­Ixtiyoriy milliy sharhlarni muhokama qilishda va taqdimotida qatnashadi. Bu kabi nufuzli taqdimotlar ham yurtimizda olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng ­yoritish, xalqaro maydonda Oʻzbe­kistonning ijobiy imijini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.

Albatta, bu ishlar Oʻzbekistondagi BMT tuzilmalari vakolatxonalari yordamida amalga oshirilmoqda. Ular bilan birgalikda ­xalqimizning kelajak taqdiriga daxldor boʻlgan koʻplab muhim loyihalar yoʻlga qoʻyilganligini ham aytish zarur. Shular qatorida “BRMning milliy integratsiyasini jadallashtirish va chuqurlashtirish boʻyicha parlament jarayonlarini kuchaytirish” konsepsiyasi BMT Taraqqiyot dasturi bilan birgalikda ­ishlab chiqildi. Muhimi, asosiy eʼtiborni islohotlarni amalga oshirish jarayonidan ularning natijadorligini taʼminlashga qaratish lozim.

Shuningdek, mazkur yoʻnalishda parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish ham ­talab etiladi. Bundan tashqari, ­davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mahalliy Kengashlar deputatlari vakolatlarini tubdan kuchaytirish mexanizmlari joriy etiladi. Chunki aynan ular joylarda bu borada olib borilayotgan ishlar ustidan deputatlik nazoratini amalga oshiradilar.

Joylardagi deputatlar tomonidan mahalliy ijro organlarining BRMni bajarish yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari nazoratga olinadi. Oʻzbekistonda belgilangan har bir maqsadga oid koʻrsatkichlar mahalladan tortib respublika darajasigacha qanday bajarilayotgani ­tanqidiy va tahliliy oʻrganib chiqiladi. Bu natijalar ham BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ­bilan birgalikda muhokama qilib boriladi.

Umuman olganda, BMTning Bar­qaror rivojlanish maqsadlarining milliy manfaatlarimizga, mamlakatimizda belgilab olingan strategik vazifalarga toʻla mos ekanligini inobatga olib, ularni amaliyotga toʻliq tatbiq etish barcha davlat idoralari, mahalliy hokimliklar oldida turgan muhim vazifalardan sanaladi.

Albatta, bunday vazifalarni amalga oshirish jarayonlariga ­fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish talab qilinadi. Binobarin, ular koʻmagida oldimizga qoʻyilgan ulkan maqsadlarga tezroq erishamiz. Muhimi, shuning orqasidan xalqimiz farovonligi oshadi, turmush darajasi yana-da yuksaladi.

Tanzila NORBOYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?