Tanzila Narbayeva: “Tor doiradagi shaxslarning manfaati xalq manfaatidan ustun boʻlishi kerak emas”

10:52 25 Avgust 2020 Siyosat
641 0

Joriy yilning 22-avgust kuni Senat Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi raisi T.Narbayevaning Moliya vaziri T.Ishmetov bilan onlayn muloqoti boʻlib oʻtdi.

Muhokamani oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – Moliya vazirligi masʼul boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha olib borilayotgan ishlar holati, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan koʻrilayotgan choralar muhokamasidir.

Muloqot davomida Meros jamgʻarmasi tomonidan yuritiladigan Iqtisodiy erkinlik indeksining “Davlat xarajatlari” indikatori boʻyicha mamlakatimizdagi holat, xususan hozirgi islohotlar davrida koʻplab xarajatlar davlat yelkasiga – byudjetga tushayotganligi, ayniqsa, pandemiya sababli xarajatlar miqdori ham ortganligi qayd etildi.

Bu borada birinchi yarim yil yakunlari boʻyicha davlat xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25 foizni tashkil qilgan boʻlsa, davlat tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 11 foizga ortib, 17,3 mlrd. AQSH dollariga yetganligi aytib oʻtildi.

Muloqot jarayonida davlat tashqi qarzlarini jalb qilishning yagona meʼyorini belgilash, ushbu yoʻnalishni tartibga soluvchi qonun hujjati loyihasini ishlab chiqish zaruriyati mavjudligi taʼkidlandi.

Shuningdek, soliq toʻlashda ayrim korxonalarga yoki yirik tadbirkorlarga koʻplab istisnolar, qoʻshimcha qoidalar, imtiyozlar va preferensiyalar berilayotganligi bozor erkinligiga, raqobat muhitiga, soliq tizimining shaffofligiga salbiy taʼsir qilayotganligi tanqid qilindi. Bunday imtiyozlar koʻzda tutilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan oʻtkazish mexanizmini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Bu borada fikr yuritar ekan, Senat Raisi Tanzila Narbayeva qandaydir tor doiradagi shaxslarning manfaati xalq manfaatidan ustun boʻlishi kerak emasligini alohida taʼkidladi.

Aytish joizki, Iqtisodiy erkinlik indeksi boʻyicha mamlakatimiz jami 186 ta mamlakat orasida 114-oʻrinni, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 42 ta mamlakat ichida 26-oʻrinni egallamoqda.

Ayrim indikatorlar boʻyicha respublikamiz koʻrsatkichi ancha yuqori. Xususan, “fiskal salomatlik” indikatori boʻyicha 100 balldan 98,9 ball, “soliq yuki” indikatori boʻyicha esa 91,6 ballni qoʻlga kiritgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?