Tanzila Narbayeva: “MDH PA xalqlar ravnaqiga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish uchun noyob maydon”

12:42 25 Noyabr 2019 Jamiyat
356 0

Xabaringiz bor, 2019-yil 22-noyabr kuni Sankt-Peterburg shahridagi Tavriya saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasining 50-yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda 11 ta model qonun hujjati qabul qilindi. Tadbir yakunlari boʻyicha matbuot anjumani oʻtkazildi.

Yalpi majlisda Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari delegatsiyasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva soʻzga chiqdi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

T.Narbayeva taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston Parlamentlararo Assambleyani muhim parlamentlararo birlashmalardan biri deb hisoblab, unda oʻz aʼzoligini tikladi, bu esa mazkur birlashma ishtirokchi mamlakatlari parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Respublikaning boshqa davlatlar bilan koʻp tomonlama va samarali hamkorligi, shu jumladan parlament aloqalari sezilarli darajada kengayib bormoqda.

Senat Raisi MDH PA ishtirokchi davlatlar parlamentlari oldiga qoʻyilgan hamda xavfsizlikni taʼminlashga, barqaror rivojlantirishga va xalqlar ravnaqiga qaratilgan vazifalarni amalga oshirish uchun noyob maydon ekanini taʼkidladi.

Assambleya ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga faol va samarali koʻmaklashibgina qolmay, jahon parlamentarizmi tizimida munosib oʻrin egallashi, mamlakatlarga xos boʻlgan parlamentarizm prinsiplarini targʻib qilishda muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

PA vazifalarini bajarish maqsadida ishlarni birgalikda davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Parlamentlararo Assambleyaning kun tartibi har doim ham ancha keng qamrovli boʻlishi, koʻrib chiqilayotgan masalalar esa barcha mamlakatlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etishi, shuningdek ular mazkur mamlakatlar qonunchilik bazasini takomillashtirishga, parlament aʼzolari oʻrtasida tajriba almashishga, PA xalqaro nufuzini yanada oshirishga koʻmaklashishi taʼkidlandi.

Shuni hisobga olgan holda Oʻzbekiston MDH Parlamentlararo Assambleya doirasida dolzarb muammolarni oʻz vaqtida hal qilish, oʻzaro ishonch va anglashuvni mustahkamlash, mamlakatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun oʻz oldiga aniq maqsadlarni qoʻyishi qayd etildi.

Yoshlar harakati, turizm, ekologiya, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va boshqa masalalarni amalga oshirish boʻyicha PAning model qonun hujjatlarini, tashabbuslarini shakllantirish amaliyoti qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi.

Oliy Majlis Senati Raisi Oʻzbekiston oxirgi yillarda Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida oʻzining yangi ichki va tashqi siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini taʼkidladi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda mamlakat parlamenti muhim rol oʻynaydi. Shuningdek, parlament diplomatiyasiga, ikki tomonlama va koʻp tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston 2020-yilda Hamdoʻstlikda raislikni qabul qilishga va MDHning navbatdagi sammitini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu borada shu yil oktyabr oyida Ashxobod shahrida oʻtkazilgan MDH sammitida Oʻzbekiston belgilab bergan ustuvorliklar hisobga olingan holda Raislik qilish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish boʻyicha Tadbirlar rejasi tayyorlandi va tasdiqlandi.

Ustuvorliklar Hamdoʻstlikni rivojlantirishga va uning xalqaro nufuzini yanada oshirishga, shuningdek xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasi, transport kommunikatsiyalari va logistika, fan hamda texnika, innovatsiyalar, madaniyat, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda aʼzo davlatlar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan dolzarb muammolarni hal etishni nazarda tutishi taʼkidlandi.

Bu ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirishga qaratilgan ishlar MDH PA doirasida faol va samarali oʻzaro hamkorlik olib borishni nazarda tutishi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston MDHda raislik qilishi doirasida PAning majlislaridan birini mamlakatimizda oʻtkazishni taklif qildi.

Senat Raisi oʻz nutqida Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqi taraqqiyparvar insoniyat bilan birga Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etganini, fashizm ustidan qozonilgan Buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshganini alohida taʼkidladi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Gʻalabaning 75 yilligini nishonlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqdi, Oʻzbekiston Prezidentining Ikkinchi jahon urushida erishilgan Gʻalabaning 75 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi. Bu qaror ushbu muhim voqeani oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturini oʻz ichiga oladi.

Toshkent shahrida “Matonat madhiyasi” xotira majmuasi bilan birga Gʻalaba bogʻining qurilishi yorqin tadbirlardan biri hisoblanadi. Bu va boshqa tadbirlar nafaqat Oʻzbekistonda, balki MDHning barcha mamlakatlarida yosh avlodni vatanparvarlik, doʻstlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash ruhida tarbiyalash uchun muhim poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Senat Raisi Parlamentlararo Assambleya yalpi majlisida qabul qilingan qarorlar MDH PA doirasida Oʻzbekiston hamkorligini yanada rivojlantirish va samaradorligini oshirishda muhim qadam boʻlishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?