Tanqiddan soʻng: Mutasaddilar eʼtibor qaratdi. Haziniy uy-muzeyi taʼmirlanmoqda

16:46 25 Dekabr 2018 Jamiyat
959 0

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Shu yilning sentyabr oyida saytimizda “Haziniy uy-muzeyi eʼtiborga muhtoj. Mutasaddilar esa jim?” sarlavhali tanqidiy maqola eʼlon qilingan edi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Unda shoir tugʻilib oʻsgan Fargʻona viloyatining Katta kenagas qishlogʻidagi uy-muzeyining xarob va qarovsiz ahvolga kelib qolganligi, mutasaddilar tomonidan yetarli eʼtibor berilmayotganligi bayon qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 12-13 iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari va Oltiariq tumanida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayonining 122 bandida ham Katta Kenagas qishlogʻidagi Haziniy uy-muzeyini qonuniy asosda yoʻlga qoʻyish, shu yerda joylashgan Haziniy maqbarasini obodonlashtirish muhim vazifa sifatida belgilangan edi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Tanqidiy maqola eʼlon qilingan kundan uch oy oʻtib uy-muzeyi va uning yonida joylashgan maqbarada kompleks va mukammal taʼmirlash ishlari olib borilib ziyoratchilar uchun goʻzal maskanga aylantirildi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish bosh boshqarmasi tashabbusi bilan keng koʻlamli ishlar boshlab yuborildi. Maqbara va uy-muzeyni kapital taʼmirlash va eksponatlar bilan boyitish uchun davlat byudjetidan 1 mlrd. 200 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi. Hozirda muzey va maqbarada qurilish-montaj va pardozlash, eksponatlar uchun maxsus vitrinalarni joylashtirish ishlari davom etmoqda. 2019 yilning birinchi choragida 200 dona eksponatlar, Haziniy davrini yoritib beruvchi uy-roʻzgʻor buyumlari, rang tasvir asarlari, mehnat qurollari bilan birga shoir va uning zamondoshlari ijodiga mansub kitoblar, maqolalar hamda toshbosma kitoblarni bosqichma bosqich keltirib joylashtiramiz. Taʼmirlash va hujjatlashtirish ishlari yakunlangach Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining filiali sifatida uy-muzey 10 ta xodim bilan rasman faoliyat boshlaydi”, – deydi Fargʻona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi rahbari Bahodir Hoshimov.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

Shoir ZiyovuddinHaziniyni Fargʻona viloyati xalqi chuqur hurmat bilan Haziniy Eshon buva nomi bilan ardoqlashadi. Uy-muzeyi va maqbaraning mukammal taʼmirlanishi Katta kenagasliklar uchun ham chinakam quvonch olib keldi. Olib borilayotgan qurilish ishlarida mahalla ahli ham tomoshabin boʻlib turmadi. Ustalarning oziq-ovqatidan xabar olishdi, tozalash ishlarida hasharlar uyushtirishdi.

Foto: “Xalq soʻzi Online”

“Uy-muzeyga uch oy oldin kelgan ziyoratchi hozir bu yerni tanimaydi. Davlatimiz tashabbusi bilan obod maskanlardan biriga aylanmoqda. Muzeyning eskirib, sinib, abgor boʻlib ketgan shiferlari oʻrniga zamonaviy profnastil oʻrnatildi. Tomdan chakki oʻtardi. Umrini allaqachon oʻtab boʻlgan elektr jihozlari alishtirildi. Tashqi va ichki fasadlar taʼmirlandi. Binoga kirish qismi va hovli qismida taʼmirlash ishlari davom ettirilmoqda”, – deydi uy-muzeyi jamoatchi rahbari Nargiza Vahobova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?