“Tanqid hech kimga ham yoqmaydi. ammo...”

17:29 19 Aprel 2019 Jamiyat
869 0

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi — OʻzA bosh direktori Abdusaid KOʻCHIMOV tashkilot faoliyati, bugungi oʻzbek matbuotidagi oʻzgarishlar, jurnalist masʼuliyati, jamiyatimizdagi ulkan yangilanishlar bilan bir qatorda ayrim muammolar xususida intervyu berdi.

—Abdusaid aka, suhbatimiz avvalida OʻzA faoliyati haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz?

—Har bir mustaqil davlatda boshqa ommaviy axborot vositalari qatorida uning rasmiy axborot agentligi ham boʻladi. Masalan, Xitoyda “Sinxua”, Turkiyada “Onadoʻli” yoki Qozogʻistonda “Kazinform” kabi. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasining markaziy davlat axborot agentligi boʻlib, uning axborot sohasidagi faoliyati respublika va xorijiy mamlakatlarning keng doiradagi oʻquvchilariga moʻljallangan. OʻzA Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining mamlakat ichki va tashqi siyosatidagi eng muhim masalalarga taalluqli rasmiy hujjatlarini, bayonot va axborotlarini tarqatadi. Oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitu­siyasi va qonunlariga, Prezident farmonlari va qarorlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mamlakatimiz ishtirok etadigan ommaviy axborot vositalariga doir xalqaro shartnomalarga, boshqa hujjatlarga amal qiladi. Agentlik 1992 yil 5 fevralda sobiq shoʻrolar tuzumi davridagi TASSning Oʻzbekistondagi boʻlimi — OʻzTAG negizida tashkil etilgan.

Bu tashkilot uzoq yillar mobaynida rasmiy idora tarzida faoliyat koʻrsatgan. Keyingi yillarda jurnalistlarimiz hayotning ichiga kirish, odamlarni qiziqtirayotgan masalalarni koʻtarish, ularning oʻy-tashvishlarini mat­buotga olib chiqish, Prezident qarorlarining joylardagi ijrosi boʻyicha ham tahliliy-tanqidiy materiallarni keskin koʻpaytirdi. Bu — katta oʻzgarishlarning boshlanishi.

—OʻzA ijodiy faoliyatidagi bunday oʻzgarishlar eʼtiborga molik, albatta. Ammo Agentlik faoliyatini bugungi kun talabi darajasida yanada jonlantirish uchun yana nimalar qilinishi kerak, deb oʻylaysiz?

— Yillar davomida bitta yoʻlda yurgan poyezd oʻrniga zamonaviy tez yurarini qoʻyish uchun avvalo temir yoʻl relslarini almashtirish zarur boʻladi. Keyin, yangi yoʻlda, misol uchun, “Afro­siyob”ni yurgizish uchun malakali muhandislar, mutaxassislar kerak. Bizda ham shunga yaqin holat mavjud. Islohotlar davom etmoqda. Yangi davrga moslashayapmiz. Odam toʻqishib-toʻqnashib voyaga yetgani kabi asta-asta yoʻl topishga intilayapmiz. Jurnalistlarimiz bugun istalgan mavzuda yozayapti. Kecha aytolmagan haqiqatlarni aytayapti, yolgʻonning qoʻli qisqarib borayapti. Veb-saytimizni mamlakatimizdagi ancha tanilgan saytlar qatorida, deyish mumkin. Tanlov asosida yangi kadrlar ishga olinmoqda.

Hamma sohada boʻlgani kabi OʻzAda ham isteʼdodli jurnalistlarga ehtiyoj juda katta. Isteʼdodlar esa har qadamda uchramaydi. Isteʼdod — noyob hodisa. Ularni topish, asrash, tarbiyalash kerak. Ammo isteʼdodsizlar ham hech qachon qoʻl qovushtirib oʻtirmaydi. Ulardan birdaniga qutulishning iloji yoʻq.

— Lekin OʻzA haqida “monopol axborot tarqatuvchi”, degan qarashlar ham yoʻq emas. Umuman, tanqidga munosabatingiz, aytaylik, Sizni tanqid qilishsa, qanday qabul qilasiz? Axir, toʻgʻri gap tuqqaningga ham yoqmaydi, deyishadi. . .

— Shu savolingizga javobni aynan “tanqid” masalasidan boshlasam. Ha, albatta, tanqid, yaʼni, hatto oʻrinli boʻlsa ham, achchiq boʻladi. Tanqidni koʻtarish oson emas. U hech kimga ham sariyogʻday yoqmaydi. Ammo bobolarimiz bekordan-bekorga tanqid — kelajakning mevasi, deyishmagan. Tanqidning oʻzi achchiq, mevasi shirin. Tanqidni hurmat qilish, yoqmasa ham qabul qilish kerak. Aslida tanqiddan emas, maqtovdan qochgan yutadi. Negaki, oʻrinli tanqiddan koʻra, nooʻrin, soxta maqtov xavfliroqdir. Ardoqli shoirimiz Abdulla Oripov: “Bir mahallar otar edik, osar edik, Endi boʻlsa, maqtab-maqtab oʻldiramiz” deganida qancha maʼno borligini bir oʻylab koʻring. Tanqidni mensimaslik va maqtovga mahliyo boʻlish koʻpincha nafaqat bir odamning, balki butun boshli tashkilotning ham oyogʻiga bolta urishi mumkin. Tanqidga bepisandlik yoki eʼtiborsizlik turgʻunlikni paydo qiladi. Koʻtar-koʻtar, ura-ura va hokazolar urchiydi. Natijada yasamalik, yolgʻonchilik minbarni egallaydi. Bu jamiyat rivoji yoʻlidagi gʻovdir.

Monopoliya masalasiga kelsak, OʻzA Oʻzbekistondagi informatsiya bozorining “bozorqoʻmi” emas, u rasmiy maʼlumot va xabarlarnigina tarqatadi. Buni OʻzAning oʻzi yaratgan emas yoki kimdandir talab qilib, tortib ham olgani yoʻq. Bu hukumat qarori bilan rasman eʼtirof etilgan va mazkur tashkilotga vazifa sifatida yuklangan. Umuman, hozirgi zamonda axborot tarqatishda monopolist boʻlish ancha qiyin. Yer yuzining u burchidagi yangilik bir zumda bu burchiga yetib boradi. Informatsiya gʻij-gʻij, bir-biridan koʻp. Oʻzimizda ham, misol uchun, davlatimiz rahbari bir joyga safarga boradigan boʻlsa, OʻzAdan oldin boshqa veb-saytlar xabar bera boshlaydi. Toʻgʻri, baʼzan ular tarqatayotgan axborotlarda aniqlik yetishmaydi yoki biroz shoshma-shosharlik holatlari uchrab turadi. Demoqchimanki, bugun bir tashkilotning axborotni monopoliya qilishi uchun ehtiyoj yoʻq. OʻzAni shu yoʻnalishda tanqid qilayotganlar haqidagi fikrimni bilmoqchi boʻlsangiz, bu baʼzi axborotlarni oʻz vaqtida topolmaslikdan, ayrim maʼlumotlarni olishda ularda tajriba yetishmasligidan boʻlishi mumkin. U yogʻini soʻrasangiz, OʻzAning oʻzi ham gohida boshqa saytlardan maʼlumot olib turadi. Xulosa shuki, bugun jurnalistman deganga koʻcha toʻla axborot. Kerak-nokeragini tanlash bu — boshqa masala.

— Bugungi kunda ayrim xususiy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda baʼzan kurakda turmaydigan axborotlar, hatto har xil mish-mishlarning ham eʼlon qilib yuborilayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Bu erkin jamiyat va erkin matbuotda uchraydigan holatmi yo didsizlik?

— Oʻzini ommaviy axborot vositasiga aloqadorman deb hisoblagan har qanday gazeta-jurnal, teleradio kanal, veb-sayt, u norasmiy yoki rasmiy manba boʻladimi, davlat yoki nodavlat tashkiloti boʻladimi, mish-mishning ortidan ergashsa, mish-mish bilan obroʻ topaman desa, yutqazadi. Ikkinchidan, tegishli manba­lar tomonidan tasdiqlanmagan, hozirgi zamon tili bilan aytganda, feyk — yolgʻon axborotlarni tarqatish — qonunga zid! Afsuski, bunday holatlarda koʻriladigan choralar hali qonunchiligimizda adogʻigacha oʻz ifodasini topgan emas.

Shu oʻrinda oʻzimizga savol beraylik: nima uchun sifatsiz mahsulot chiqargan yoki kimgadir zarar yetkazgan odam javobgar boʻladi? Vaholanki, u bitta odamga ziyon yetkazgan boʻlishi mumkin. Yolgʻon, notoʻgʻri axborot-chi? U bir necha yuzlab, hatto minglab insonlarning xayolini chalgʻitadi. Bu, menimcha, kichkina ayb emas. Informatsiya, soʻz — bu otilgan oʻq. Uni qaytarib boʻlmaydi, u tekkan jo­yini, albatta, jarohatlaydi. Mish-mish xabar undan-da battarroq oqibatlarga olib borishi mumkin. Qan­cha odamlarda shubha-gumon uygʻotadi, ularni bezovta qiladi. Buyam buzgʻunchilik. Har xil buzgʻunchi “taʼlimot”lar singari osoyishtaligimizga tahdid soladi.

Bir mahallar, yoshligimizda, biz ham koʻchadagi gaplarni hazil-huzul qilib gapirib yurgan paytlarimizda ustozlarimizdan biri davlat, hukumat shunday keng qamrovli, tafakkurli bogʻbonki, bogʻining qayeriga qanday daraxt ekishni, qayeriga qaysi gulni oʻtqazishni yaxshi biladi. Sizlar bunday narsalarga boshlaringni qotirib, oʻzlaringni ovora qilmanglar, derdilar. Bu gaplarning masalaga toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasi bor. Misol uchun, falonchi u yoqqa oʻtibdi, pismadonchi bu yoqqa oʻtar ekan, mana bu idora bunga qoʻshilibdi yoki ajralibdi degan gaplar bu bekorchilikdan yoki kimningdir topshirigʻi bilan, qaysidir odamning manfaatini koʻzlab yoinki kimningdir obroʻsini toʻkish, kimgadir sunʼiy obroʻ keltirish niyati bilan qilingan “majburiyat” boʻlishi mumkin. Endi shu oʻrinda yana bitta gap: hamma bilgan gapni takrorlash aksioma deyiladi. Hozir men aytgan soʻzlar ham shunday. Yaʼniki, haligiday nomaʼqul ishlar bilan shugʻullanadigan va oʻziga soxta obroʻ orttirmoqchi boʻlganlar iloji boricha tezroq bunday nomaqbul yoʻldan qaytsalar, oʻziga ham, jamiyatga ham yaxshilik qilgan boʻladi.

Toʻgʻri, odam qavmiga mansub zot borki, hamisha mish-mishlarga qiziqadi. Lekin bari-bir, matbuot minbari —muqaddas. Unda aytilayotgan soʻz, yozilayotgan har bir jumla xolis, Gʻarazdan yiroq boʻlishi shart. Har xil isbotsiz, betayin “dedi-dedi”lar, “koʻcha”dagi gaplar OAVda eʼlon qilinishi achinarli holat. Lekin, fikr­lar xilma-xilligi, xolis soʻzning oʻrni matbuotning bezagi boʻlishi joiz.

—Rivojlangan mamlakatlardagi OAVda shu kunning dolzarb mavzulariga oid turli debatlar, muhokamalar oʻtkaziladi. Ammo bizda bunday koʻrinishlar juda kam koʻzga tashlanadi. . .

—Savolingizga tushundim. Biz ayni paytda jamiyatimizda bir holatdan ikkinchi holatga oʻtayapmiz. Bundan ikki-uch yil oldingi, boringki, siz soʻrayotgan “debatlar”ni bir eslaylik. Maqtash, kim-kimdan oshirib olqishlash musobaqasini eslatuvchi bunday “bahs”­lashuvlarni debat deb boʻlarmidi. Bilishimcha, oʻta muhim bir masalaga majlis-mashvaratlar, muhokama-muzokaralar yoʻli bilan yechim izlash debat deyiladi. Kimdir aqlliligini, kimdir bilimdonligini koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlsa, kimdir boshqalarni chalgʻitmoqchi, yana birov kerosin sepib lovullatuvchi boʻlsa-chi? Baʼzi davlatlarning telekanallarida tez-tez koʻramiz, odamlar mushtlashuvgacha boradi. Bu nima? Yoki demokratiyasi shumi? Hali-hanuz demokratiya deyilguvchi “avliyo”ning qiyofasini hech kim chizib bergan emas. Har bir demokratiyaning tagida esa biror shaxs, guruh yoki davlatning manfaati yotishi — ayon haqiqat. Debat qachonki, maʼrifatli, mazmunli boʻlsa, oʻtkir muammolar yechimiga yoʻnaltirilsagina, maqsadga muvofiqdir. Mamlakatimizga xalqning qaddini koʻtarib, boshini qovushtirib, adolatning barqarorligini taʼminlashga xizmat qiluvchi debatlar kerak.

—Sizningcha, jurnalistlarimizning xorijlik ilgʻor hamkasblaridan oʻrganishi kerak boʻlgan jihatlar nimalarda koʻrinadi?

—Nazarimda, dunyodagi hamma jurnalistlar bir-biridan oʻrganishi kerak. Ziyoli, malakali kasb­doshlarning bir-biri bilan yelkadosh boʻlib, birga ishlashi hech kimga ziyon yetkazmaydi. Toʻgʻri, ayrim kishilar xorijda ishlaydigan jurnalistlar bizdan kir qidiradi, deyishadi. Bundayam jon bor, shundaylar ham yoʻq emas. Ammo burga­ga achchiq qilib, koʻrpani yoqadigan darajada sodda emasmiz, Xudoga shukr. Unaqalardan qoʻrqishga hojat yoʻq. Yurtboshimizning o'zlari muammolarimizniyam, kamchiliklarimizniyam yashirmay, ochiq-oydin aytib turibdilar. Nafaqat aytib turibdilar, nega tanqidiy-tahliliy materiallar yozmayapsizlar, deb qayta-qayta soʻrayaptilar. Shunday ekan, xorijliklar bilan bemalol, bexavotir, baqamti hamkorlik qilish mumkin, deb oʻylayman. Masalan, biz “Amerika ovozi” bilan hamkorlik qilyapmiz. Uning muxbiri Navbahor Imomova Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida jahon matbuotida ibratli maqolalar bermoqda. “Ozodlik”, “Bi-bi-si” bilan munosabatlarimiz yaxshilanyapti. Umuman, boshqalarga dushman deb qarash fikridan yiroq boʻlishimiz kerak. Ming-minglab rishtalar orqali boshqa davlatlar bilan bogʻlanganmiz, katta dunyo bilan bir qayiqdamiz. Xudo koʻrsatmasin, ham­soyangning uyini suv bossa, xotirjam yashash mumkinmi? Bir-birimizdan oʻrganishimiz, yurtimizga kelayotgan OAV vakillariga esa kasbdosh deb qarashimiz lozim. Xalqimiz behuda “Mehr mehrni tugʻdiradi” demaydi. Mabodo, izzatini bilmaydiganlar uchrab qolsa, qoʻlimizda qalam bor, maʼrifat bilan javob beraylik.

—Jamiyatimizda uchrab turadigan muammolar, aytaylik, tanish-bilishchilik, pora­xoʻrlik kabi illatlardan xalos boʻlishda matbuotning oʻrni nechogʻlik ahamiyatga ega?

—Aytishlaricha, Amir Temur bobomiz davrida shunday qoida boʻlgan ekan: Sohibqiron noxolis ish tutgan, oʻgʻrilik qilgan yoki ana shunday salbiy ishlarga yoʻl qoʻygan hudud hokimini qattiq jazolagan. Shuning uchun oʻsha davrda jinoyatchilik kam boʻlgan ekan.

Biz hozir aynan shu yoʻldan boryapmiz. Prezidentimiz har bir sohada adolat tamoyillari ustuvor boʻlishini qattiq talab qilmoqda. Kamchiliklarga, jumladan, oʻgʻrilik, korrupsiyaga yoʻl qoʻyilgan joylarda jinoyatchilar qatorida hudud amaldorlari ham javob bermoqda. Chunki, oshna-ogʻaynigarchilik, qarindosh-urugʻchilik korrupsiyani keltirib chiqaruvchi, unga zamin yaratuvchi illatlardir. Hayotda toʻrtta yaxshi odam boʻlsa, bitta manfaatlar girdobiga tushib qolgan, eʼtiqodi gʻarib, oriyatsiz kimsa ham, afsuski, topiladi. Odamzotki bor ekan, bu gʻurbat ham unga soya kabi ergashadi. Bu illatni faqat jazolash vositasi bilan daf qilish qiyin. Shunday boʻlganida, masalan, Xitoy allaqachonlar jinoyatchilardan qutulgan boʻlardi. Yaxshi bilasiz, Xitoyda poraxoʻrlar otiladi, osiladi. . .

Demakki, illatlardan qutulish uchun jazolash barobarida tarbiyaga eʼtiborni kuchaytirishimiz — katta miqyosda fikr yuritadigan, ilmi, tafakkuri chuqur, ruhiy poyoni cheksiz, iymon-eʼtiqodli, ijtimoiy adolat tarafdorlari safini kengaytirishimiz, shunday diyonatli avlodni tarbiyalashimiz darkor. Shunda jinoyatchilar, korrupsionerlar kamayadi, jamiyat yuksaladi, tozaradi.

Davlatimiz rahbari Bosh qomusimizning 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida eʼtiborni eng koʻp qaratgan masala ham shu mavzu boʻldi. Korrupsiyaga yoʻl qoʻygan, unga qarshi kurashmagan davlat xalq­ning ishonchini yoʻqotadi. Mamlakat shu qusurdan qancha tez holi boʻlsa, u shuncha tez rivojlanadi, degan talabni qayta-qayta taʼkidladi Prezidentimiz.

Hukumatimizning qalam ahliga koʻrsatayotgan tahsinga loyiq gʻam­xoʻrliklarini hamma jurnalistlar koʻrib turibdi. Shunday ekan, bu eʼtibor qalam ahlini jamiyatimizdagi har qanday illatlarga qarshi shijoat koʻrsatib ishlashga, oʻz vazifasiga yanada masʼuliyat bilan yondashishga undashi zarur. Buning uchun jasorat va sadoqat bilan mehnat qilish kerak. Bu gaplarni aslo koʻtarinki yoki “haybarakalla” gaplar uchun aytayotganim yoʻq. Matbuot nafaqat jamiyat koʻzgusi, kerak boʻlsa, jamiyatning jonkuyar shifokori boʻlishi darkor.

A. JUMAYEV suhbatlashdi.

Manba: “HURRIYAT” gazetasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?