Tanishing, Mahkam Kamolov yoxud “Tutzor”dagi tantana...

21:47 12 Oktyabr 2018 Jamiyat
822 0

“Tanishing” demoqqa tilimiz bormaydi, qolaversa, insofdan emas, bu ulugʻ insonni yurtda tanimagan, bilmagan, eshitmagan odam bormi? Lekin, nazarimizda, u kishini biroz unutib qoʻyganimiz ham bor gap. Bunga hamma qatori biz jurnalistlar ham birday aybdormiz.

Mahkam Kamolovning hayratomuz biografiyasidan qaysi jihatini aytib ado qilish mumkin? 16 yoshida Ikkinchi jahon urushi janglariga kirib, urush olovlarini boshdan oyoq askarlik shinelida mardona kechib oʻtgan mard oʻgʻlon yurtga qaytganda hali boʻz yigit, biroq koʻksi orden-medallarga toʻla edi.

Rus yozuvchisi A.Reskovning “Ajoyib kishilar hayotidan” (“Jizn zamechatelnix lyudey” - 1976 y.) nomli Moskvadan chiqqan kitobida Mahkam Kamolov haqida bunday yozadi: “Oʻzbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi Usmon Yusupov Stalinning qarori bilan SSSR Paxtachilik ministri qilib tayinlanib Moskvaga koʻchganda, Oʻzbekistondan oʻzi bilan birga Markazga olib kelgan sanoqli xodimlar orasida doimiy yordamchi-kotibi Mahkam Kamolov ham bor edi…”. Tasavvur qiling, 1950 yilda Oʻzbekiston rahbari boʻlgan, sobiq SSSR hukumatida I.V.Stalin bilan Moskvada yonma-yon ishlashgan Usmon Yusupov komandasining aʼzosiga aylangan Mahkam Kamolov bugun Toshkent tumanida 95 yoshini qarshilamoqda!..

Maʼlumki, Mahkam aka Yangiyoʻl tumanida birinchi rahbar sifatida mashhur paxta ustalari – uch karra Qahramon Hamroqul Tursunqulov, Mehnat Qahramonlari Abdulla Ortiqov, Mahmud Ismatovlar bilan yelkama-yelka ishlab, Yangiyoʻl tumanining dovrugʻini taratdi. 1960-yillar oxirida Mahkam Kamolov Toshkent viloyatida va soʻngra 70-yillarda Namangan viloyatining birinchi rahbari sifatida viloyatlarning oʻsha yillardagi ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga muyassar boʻldi va qayerda ishlamasin, sobiq jangchidan ajoyib bogʻ-rogʻlar yodgorlik boʻlib qoldi. Shu boisdan boʻlsa kerak, umrining qariyb oʻn yilini Oʻzbekiston Meva-sabzavot va uzumchilik sanoati qoʻmitasi raisi sifatida, aytish mumkinki, Oʻzbekistonning“bosh bogʻboni” boʻlib tanildi. U kishining rahbarligida oʻsha yillarda respublikada 300 ga yaqin meva-sabzavot va bogʻdorchilik xoʻjaliklari qad rostladi. Ustozlari Usmon Yusupov va Sharof Rashidovdan bogʻdorchilik estafetasini qabul qilgan Mahkam aka qayerda va qaysi vazifada ishlamasin, yurtni bogʻ-rogʻlarga burkagan, qutlugʻ iz qoldirgan inson sifatida nom oldi.

Toshkent tumani “Tutzor” mahallasining bir chetidagi bir qavatli oddiygina uyga qadam qoʻyganda, bu xonadonda shu qadar yuksak vazifalarda ishlagan, ne-ne viloyatlarni boshqargan, necha yillar vazirlik maqomida mehnat qilgan inson istiqomat qilishiga ishongingiz kelmaydi. “Xokisorlik ham evi bilan-da”, deb yuborasiz beixtiyor. Biroq, Mahkam Kamolov kabi insonlarning ustozlari kim boʻlganligini koʻz oldingizga keltirar boʻlsangiz, ajablanishga asos qolmaydi: marhamat, 20-25 yil Oʻzbekistonning birinchi rahbarlari boʻlgan ustozlari Usmon Yusupov, Sharof Rashidov yoki 10-15 yillab respublika Ministrlar Sovetining raisi boʻlib ishlagan Rahmonqul Qurbonov, Normuhammad Xudoyberdiyevlarning shaxsiy uylari boʻlmagan, axir!..

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼsis etilgan “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni aslida ana shunday xalq fidoyilarini taqdirlashni nazarda tutadi. 1 oktyabr – Jahon xalqaro Qariyalar kuni munosabati bilan ajoyib taqdir yoʻlini bosib oʻtgan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, davlat va jamoat arbobi Mahkam Kamolov “Nuroniy” jamgʻarmasi vasiylik kengashi qarori bilan I-darajali “Mehnat faxriysi” Oltin nishoni va pul mukofoti bilan taqdirlangan edi. “Nuroniy” jamgʻarmasi vasiylik kengashi topshirigʻiga binoan, jamgʻarma boshqaruvi raisi Shuhrat Jalilov va uning oʻrinbosari Sharof Ubaydullayev Mahkam Kamolov xonadoniga tashrif buyurib, ushbu mukofotni u kishiga tantanali topshirar ekan, 95 yoshini qarshilayotgan bu ulugʻ insonga ayni paytda Yurtboshimizning qizgʻin salomlari va tilaklarini ham yetkazdi.

– Jang va mehnat maydonlarida oʻnlab mukofotlar olishga muyassar boʻldim, – deydi quvonchidan koʻzlari yoshlangan Mahkam bobo Kamolov. –Biroq bugungi mukofot va ayniqsa, mamlakatda inqilobiy burilish yasay olgan Prezidentimizning alangali salomlari va samimiy tilaklari mening hayotimda unutilmas voqea va yoddan chiqmas kun boʻldi.

Tantanada Mahkam Kamolovning safdoshlari va shogirdlaridan Rahim Rajabov, Shavkat Yuldoshev, Vil Kamolov, Mahmud Gʻafurov va boshqalar yubilyarni qizgʻin tabrikladi.

Toshkent tumanining “Tutzor” mahallasida “Nuroniy” jamgʻarmasi uyushtirgan qutlugʻ shodiyonada jamgʻarmaning Toshkent viloyati, Toshkent shahri va tumani faollari ishtirok etdi. “Tutzor”da chin bayram boʻldi.

Muhammad Siddiq

Manba: O`zA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?