Taniqli qo‘shiqchi Xursand Sherov velosipedda Jakartaga bormoqchi. Biroq...

15:24 25 May 2018 Jamiyat
2226 0

Har kim ham velosipedda qalbida Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat, ko‘ksida va qo‘lida yurt bayrog‘i bilan ona zaminini tarannum etish uchun uzoq safarga chiqishga jazm etavermaydi. Yana 60 yoshda. 
Sababi, yo‘l azobi — go‘r azobi. Turli-tuman kutilmagan vaziyatlar, xavf-xatarlar, noqulay ob-havo sharoitlari... 
Lekin oramizda shunday insonlar uchraydiki, ular o‘z prinsipi yo‘lida har qanday to‘siqni yengishga tayyordir. Agar bu qat’iyat mamlakat erishyotgan yutuqlarni, xoh u san’at, xoh sport bo‘lsin, dunyo bo‘ylab yoyish bilan bog‘langan bo‘lsa-chi? Shubhasiz, nur ustiga nur. Ana shunday ilhombaxsh, ibrat olsa arzigulik hamyurtlarimiz borligidan hamisha faxrlansak, ularni doim qo‘llab-quvvatlasak arziydi. Biroq hamma ham faxrlanarmikan, qo‘llab-quvvatlarmikan?

Keling, yaxshisi, bu boradagi bitta hayotiy vaziyat haqida so‘zlaymiz. 
Uning qahramoni - Xursand Sherov. 
Ko‘pchilik bu insonni iste’dodli san’atkor sifatida yaxshi biladi. Hofizning “O‘zbekiston Vatanim manim”, “Go‘zal Toshkentim”, “O‘zbek kurashi”, “Ajab dunyo ekan do‘stlar”, “Xotira”, “Shifokorim”, “Muallim”, “Otaxonlar”, “Otajonim-onajonim”, “Sevgilim” kabi yaratgan milliy qo‘shiqlari, xorij tillarida ijro etgan ashulalari muxlislar qalbidan o‘rin olgan hamda “O‘zbekiston” radiosi va televidiniyesining “Oltin fondi”da saqlanadi.
Meni ajablantirgan jihat esa umuman boshqa narsa bo‘ldi. Bu kishi nafaqat san’atkor, balki yaxshigina velomarafonchi ekanligini eshitganimda, avvaliga to‘g‘risi ishonmadim. 

On-layn nashrimizga murojaat qilgan Xursand aka suhbat uchun manzilni ham o‘zi taklif qildi — poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni. O‘sha kuni belgilangan joyga fotograf bilan yetib bordik. U O‘zbekiston ramzlarini o‘zida ifodalagan sport formasida, so‘nggi rusumdagi ekstremalchilar velosipedi va xuddi o‘zi kabi kiyinib olgan sherigi bilan bizni kutib turardi. Shundagina barcha gumonlarim puch ekanligiga ishonch hosil qildim. Salom-alikdan so‘ng, o‘z hamrohini tanishtirdi:
Yurtimiz velosporti faxriylaridan biri, tajribali murabbiy va ko‘plab musobaqalar g‘olibi Svetlana Isayeva.

— Xursand aka, intervyu uchun nega aynan Amir Temur xiyobonini tanladingiz?
— Bilasizmi, Prezidentimizning har bir chiqishlari, nutqlarini katta diqqat-e’tibor bilan kuzatib boraman. Ayniqsa, o‘tgan yili davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasi barcha vatandoshlarim qatori meni ham nihoyatda to‘lqinlantirib yubordi. Chunki mazkur tarixiy nutqda Yurtboshimiz “2017 yil 22 dekabrda, ayniqsa, o‘zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo‘ldi. 
Sentyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasi yig‘ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi. Ya’ni 2018 yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan 18-Osiyo o‘yinlarida qit’amiz sportchilari o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha ham o‘zaro bellashadilar. Endi jahon sport maydonlarida “halol”, “g‘irrom”, “chala”, “yonbosh” degan so‘zlar jaranglab, o‘zbek tilini, O‘zbekiston nomini dunyoga tarannum etadi” deya alohida ta’kidlab o‘tdi. Shunda yuragim “jiz” etib ketdi. Ulug‘ bobokalonlarimiz qatori buyuk ajdodimiz, nafaqat mohir sarkardaligi, balki abjir va chapdastligi, polvonligi bilan nom taratgan Amir Temurga xos tantilik, mardlik, oriyat, eng asosiysiy, adolat timsoli bo‘lgan kurash nufuzli musobaqa tarkibiga kiritilganidan, rasman tan olinganidan kim ham faxrlanmaydi deysiz? Ushbu xiyobondagi Amir Temur haykali esa barchamizni shu yo‘lda olg‘a intilishga undayotgandek tuyuladi menga. 

O‘shanda o‘z qadrdon velosipedimda yurtim bayrog‘ini ko‘tarib olib Toshkentdan Jakarta sari yo‘l olishga qat’iy niyat qildim. O‘zbek kurashi Osiyo o‘yinlaridan joy olgani sharofati bilan hamma yutdoshlarim qatori menga ham nasib etgan katta baxtni yo‘l-yo‘lakay barcha odamlar, xoh qozoq, xoh qirg‘iz, xoh xitoy, xullas, barcha bilan baham ko‘rishga, ularga bular haqida g‘ururlanib so‘zlab berishga, to manzilga yetguncha ona Vatanim haqida kuy-qo‘shiqlar aytib ketishni dilimga tugdim.

— Bunday uzoq safarlarga oldin ham chiqqanmisiz?
Bo‘lmasam-chi. Albatta. 
Aslida velosport bilan 2013 yildan beri shug‘ullanib kelaman. Buning sababi aslida sog‘lig‘im bilan bog‘liq. Yetti yoshligimda avtohalokatga uchrab, to‘rt yil to‘shakka mixlanib yotganman. O‘shanda san’at, to‘g‘rirog‘i, kuy-qo‘shiqlar, rasm chizish meni hayotga qaytargan, oyoqqa turg‘azgan. Shundan so‘ng qo‘shiqchi bo‘ldim.

Lekin baribir bolalikdagi baxtsiz hodisa asorati qolar ekan. Yoshim o‘tgani sari sog‘lig‘imda muammolar paydo bo‘la boshladi. Avvaliga yurakdan deb o‘yladim. Ko‘plab shifokorlarga uchradim. Ularning ichida eng tajribalisi “Senda osteoxondroz bor, ko‘proq velosiped haydagin. Qo‘llaring, oyoqlaring, butun tanang harakatga keladi, chigillaring yozilib ketadi”, deya tavsiya bergandi. Shu-shu velosiped eng yaqin do‘stimga, bora-bora hayotim mazmuni, salomatligim garoviga aylandi. 

Hisoblab ko‘rsam, hozirgacha velosipedda 32 ming kilometr yo‘l bosibman. Inson irodali bo‘lsa, hamma narsani yenga olar ekan. Bu esa menga bolalikdan meros. Masalan, katta trassada ikki bor avtomashina urib ketdi. Bir bor olib ketayotgan qimmatbaho suvenir sovg‘alarimni o‘g‘irlab ketishdi. Ayrim holatlarda davlat chegaralaridan, masalan Qozog‘iston – Xitoy chegarasida o‘tkazmaslik bilan bog‘liq muammolar tufayli, ortga qaytib, boshqa marshrut orqali ketgan paytlarim ham bo‘lgan. Shunga qaramay faqat oldinga harakat qilishda davom etdim. Shukr, qat’iyatim va begona bo‘lsa ham yo‘llarda uchraydigan yaxshi insonlar daldasi, yordami bilan hamisha ko‘zlagan manzillarimga yetib borganman.

2015 yilda Toshkentdan yo‘lga chiqib Moskvagacha bordim. 2016 yilda esa yana poytaxtdan otlanib, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab Pekinni ko‘rib keldim. Qaytgach, o‘z qadrdon ulovimda o‘zim suygan mashhur qo‘shiqchi Muslim Magomayev tug‘ilgan diyor Ozarbayjonga, Bokuga jo‘nab ketdim. 

O‘tgan 2017 yili yana Moskvaga Muslim Magomayevning 75 yosh yubileyiga tashrif buyurdim. Qaytib kelib, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi taklifi bilan 9 sentyabr ushbu qo‘shni davlatga mustaqillik bayramiga taklif etildim. So‘ngra Dushanbedan Ayniy dovonlari orqali Xo‘jand va Farhod bojxona postidan o‘tib, Toshkentga keldim.

Joriy yil aprel oyida esa kurash bo‘yicha Amir Temur xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yettinchi xalqaro musobaqa ishtirokchilari, polvonlarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun hamrohim Svetlana Isayeva bilan Shahrisabzga bir yarim kunda yetib bordim. Barcha-barcha kaminani yorug‘ yuz bilan kutib olishdi. U yerda “O‘zbek kurashi” qo‘shig‘imni kuylab berdim. 
Shu yo‘lda menga yaqindan ko‘mak bergan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, homiylik ko‘rsatgan aziz insonlar, elchixonalarga o‘z minnatdorligimni bildiraman. 

Endigi navbat hamrohim Svetlana Isayeva bilan Jakartaga borish. Lekin...
Shu payt Xursand aka bir “uh” tortdi va xo‘rsinib qo‘ydi.
— O‘zbekistonning dunyoga olib chiqadigan hozircha bitta sport turi bor. U ham bo‘lsa — milliy kurash. Bevosita davlat rahbarining tashabbusi bilan ana shu qadriyatimiz dunyoga qaytadan ko‘z ochdi, yangi pog‘onaga ko‘tarildi. Endi kimsan Osiyo o‘yinlarida qit’amizning manaman degan polvonlari o‘zbek kurashida gilamga chiqadi. Ana shular haqida o‘ziga xos velotarg‘ibot qilish orzusida ekanligimni yuqorida aytdim. Shu haqda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasiga murojaat bilan chiqdik. Avvaliga ularga ushbu taklifimiz ma’qul tushdi. Qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi. Juda quvondik. Hujjatlarimizni tayyorlab, Tashqi ishlar vazirligiga topshirdik. Baraka topishsin, ular ishimizni o‘z vaqtida hal qilib berdi. 

Hammasi silliq ketayotgan edi. Biroq kutilmaganda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi fikridan qaytib qoldi. Borsak, “Homiyni o‘zlaring topinglar” deb qaytarib yubordi. Yozma murojaatimiz shu ko‘yi e’tiborsiz qoldirildi. Bir-ikkita xususiy tadbirkorlardan ham yordam so‘radik. “Bo‘ldi-bo‘ldi”, deydiyu hech qanday aniq amaliy yordam yo‘q. Shu yurtning farzandlari sifatida milliy kurashimizni olamga tarannum etish, targ‘ib qilish, Jakartaga velosipedda yetib borib, polvonlarimizni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilishi gunohmi yo boshqa narsa? O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda fuqarolarning ko‘plab ezgu tashabbuslari davlat, qator homiy tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida ko‘p eshitaman, o‘zim ham guvoh bo‘lganman. Bizning tashabbus ham fuqarolik nuqtai-nazaridan ham, vatanparvarlik nuqtai-nazaridan ham, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish nuqtai-nazaridan ham, biz yoshi kattalarning navqiron avlodga ibrat bo‘lish nuqtai-nazaridan ham ezgu-ku. Nahotki mutasaddilar shuni tushunishmasa?
To‘g‘risi, shu yil Toshkentdan Chimkentga velomarafon tashkil etildi. Ko‘plab safarlarimga Chimkent orqali chiqqanim uchun qozog‘istonliklar ham meni yaxshi taniydi. Ular Jakartaga velosipedda borish niyatida yurganim haqida eshitgan ekan. “Keling, Indoneziyaga bizning nomimizdan boring. Barcha sharoitlarni qilib beramiz, homiy ham bor”, deya taklif qilishdi. 
Svetlana ikkimiz darrov rad javobini berdik. “Borsak, o‘zimiz tug‘ilgan vatan – O‘zbekiston nomidan boramiz” , dedik. 

O‘zimizda esa bu ahvol. Uyoqdan buyoqqa sarson-sargardonmiz. Sansolorlik, fuqarolik tashabbusiga nopisand munosabatda bo‘lish. Qo‘pol muomala...
— To‘g‘risi, bu ishga birinchi bor bosh qo‘shganim uchun avvaliga hammasi oson bitadi debman, — deya gapga qo‘shildi Svetlana opa. — Axir, ikki nafar faxriy inson O‘zbekistonimiz nomidan uzoq safarga velosipedda chiqib, milliy kurashimiz haqida barchaga maqtanib so‘zlab ketishdek olijanob maqsad qilsayu, kim ham buni qo‘llab-quvvatlamaydi, deb o‘ylagandim. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Mana, necha oydirki, qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib qaytarib yuborishmoqda. Shuncha intilishlarimiz havoga uchib ketmasin deb qo‘rqaman. Agar 1 iyundan kech qolsak, manzilga yetib bora olmaymiz. 

Shu payt xiyobonga bir guruh sayyohlar kelib qoldi. Bilsak, ular Italiyadan ekan. Turistlar ichida yoshi ulug‘, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan chol-kampirga ko‘zim tushib qoldi. Ular juda baxtiyor edi. Qahramonlarimni suratga tushishlari uchun qoldirdim-da, fursatdan foydalanib ana shu keksa mehmonlardan taassurotlarini bilish uchun oshiqdim. Ular bilan tarjimon orqali miriqib suhbatlashdim(saytimizda ana shu samimiy fikrlar bilan ham yaqin orada tanishasiz). Keyin fotograf ukamizni chaqirib esdalik uchun ikkisi bilan, so‘ng barcha italiyaliklar bilan suratga tushdim.

Orada bizga Xursand aka ham qo‘shildi. Mehmonlar Italiyadan ekanligini eshitdiyu, xiyobonda ilhomi jo‘shib, Luchano Pavarottining eng mashhur opera kuylaridan biri “O sole mio”ni yuksak mahorat bilan ijro etib berdi. Apenninliklar bundan hayratga tushib, oddiy “velopoygachi”ning iste’dodiga tan berdi va qarsak chalib yubordi. 

S. MAXSUMOV suhbatlashdi.

P/s: X. Sherov bosib o‘tgan yo‘nalishlar:

2015 yil. Toshkent – Chimkent – Turkiston – Qizilorda – Oqto‘be (Qozog‘iston) – Orenburg – Ufa – Qozon – Chuvashiya – Nijniy Novgorod – Vladimir – Moskva (Rossiya). 

2016 yil. Toshkent – Chimkent – Taraz (Qozog‘iston) – Merke – Almati – Jarkent – Qorg‘as – (ortga qaytib) Taldiqo‘rg‘on – Barnaul – Novosibirsk – Krasnoyarsk – Irkutsk – Ulan-Ude – Chita – Zabaykale – Manchjuriya-Pekin(Xitoy). 
Samarqand – Buxoro – Chorjuy – Mari – Ashxobod – Turkmanboshi – Boku(Ozarbayjon).

2017 yil. Toshkent – Chimkent – Taraz (Qozog‘iston) – Bishkek (Qirg‘iziston) – Astana (Qozog‘iston) – Chelyabinsk – Ufa – Qozon – Chuvashiya – Nijniy Novgorod – Vladimir – Moskva(Rossiya). Beshkek – Toshkent – Samarqand – Shahrisabz – Denov – Mirzo Tursunzoda – Dushanbe – Varzob – Ayniy – Istarafshon – Xo‘jand –Toshkent.

2018 yil. Toshkent – Shahrisabz – Qarshi – Chiroqchi – Samarqand – Jizzax – Toshkent.

Suratlar muallifi: Hakim Yo‘ldoshev/"Xalq so‘zi". 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?