Taniqli biznesmen Timur Musin Prezident va biznes oʻrtasida juda katta qatlam yuzaga kelgani haqida gapirdi. Ularni planktonlarga oʻxshatdi

15:32 29 May 2019 Jamiyat
566 0

Kuni kecha Yakkasaroy tumani MIB tomonidan Toshkent shahrida joylashgan Chelsea pabi auksionga qoʻyilgani haqida xabar bergandik. Mazkur restoran Saravan Group restoranlar tarmogʻi asoschisi Temur Musinga tegishli. Yaqinda uning ikkinchi restorani Chinaraʼsʼni (6 mlrd soʻm) ham MIB tomonidan sotuvga qoʻyilgani maʼlum boʻldi. Qanday sabablarga koʻra ushbu obyektlar auksionga chiqarilgani hozircha nomaʼlum.

Temur Musinning oʻzi ushbu vaziyatga Facebookʼdagi sahifasi orqali quyidagicha izoh berdi.

U vaziyat uchun masʼul boʻlganlarning bor zanjirini matbuot anjumaniga taklif qilib, roʻy bergan barcha tartibsizliklarni asoslab berishlarini soʻrashini bildirgan.

Oʻz navbatida jamoatchilikka qonunlarga rioya qilish, rahbarlarning oʻz xodimlari uchun masʼuliyati haqida maʼlumot berilishini qoʻshimcha qilgan.

Temur Musin bugungi kunda Oʻzbekistonda tadbirkorlikni sinf sifatida rivojlantirishni haqiqatan ham xohlayotgan Prezident va biznes oʻrtasida juda katta qatlam borligiga urgʻu bergan.

“Ana shu beparvo planktonlar massasini javobgarlikka chaqiramiz, kimdir yuqoridan pastga, kimdir pastdan yuqoriga! Biz toki bu korrupsioner, “hal qiluvchilar”, populistlar, ishyoqmaslar, havaskorlar va boshqa gʻovlarni olib tashlamas ekanmiz, mamlakatda hech narsa oʻzgarmaydi. Biz 25 yildan davomida qoʻrqishdan charchadik, oʻylashimcha, endi haqiqat uchun ochiq kurashish mumkin”, - deb yozgan Musin oʻz sahifasida.

U hech qayerga ketib qolmaganini, shunchaki restoranlarni endi mamlakatdan tashqarida ravnaq toptirishini taʼkidlagan. “Bu yerda ish oʻrinlarini yaratish, sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish kerak emas”, - deb ishbilarmon oʻz fikrini izohlagan.

Maʼlumot uchun, Timur Musin — poytaxtimizdagi taniqli restorator. U M.V.Lomonosov nomidagi MDUning munitsipial va davlat boshqaruvchi yoʻnalishini bitirgan. Sotsiologiya fanlari nomzodi. Saravan Group restoranlar tarmogʻi asoschisi, Oʻzbekiston Restoratorlar assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?