Tangem xonimning videomurojaati: “Oʻzbekistonga borib, sizlar bilan uchrashishni intiqib kutyapman”

09:41 08 Iyun 2020 Madaniyat
374 0

Oʻzbekiston Respublikasining Janubiy Koreyadagi turizm elchisi, mashhur “Saroy javohiri” serialidagi Tangem roli orqali tanilgan aktrisa Li Yon E oʻzbek xalqiga videomurojaat yoʻlladi.

Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimovning maʼlum qilishicha, aktrisa Li Yon E mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen falokat tufayli sodir boʻlgan koʻngilsizliklarni yengib oʻtishga doir saʼy-harakatlarda xalqimiz bilan birga ekanligini bildirgan.

Shuningdek, videomurojaatda Janubiy koreyalik aktrisa oʻzbek xalqi bilan uchrashish istagi borligini taʼkidlaydi.

-Qadrli, Oʻzbekiston ahli! Sizlarga hech qachon umidni yoʻqotmaslik va mavjud qiyinchiliklarni yengib oʻtishga kuch-quvvat tilayman! Tez kunlarda Oʻzbekiston televideniyesida namoyish etiluvchi «Saimdan» seriali ham hayotda har qanday qiyinchiliklar boʻlishiga qaramay, umid va shijoatni yoʻqotmaslikka chorlaydi.

Umid qilamanki, bu ishonch siz aziz oʻzbekistonliklarga ham yaqin boʻladi. Men, oʻz oʻrnimda, chin qalbimdan imkon qadar tezroq Oʻzbekistonga borib, sizlar bilan uchrashishni intiqib kutyapman,- dedi aktrisa samimiyat bilan videomurojaatda.
O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?