Tanganing ikkinchi tomoni yoxud pochta xizmatidagi oʻziboʻlarchiliklarga qachon chek qoʻyiladi?

11:07 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
327 0

JURNALIST SURISHTIRUVI

Bugun bizga gazeta va jurnallar kerakmi? Virtual olam keng ommalashayotgan ayni paytda bu savolning ahamiyati yanada ortmoqda, nazarimizda. Qolaversa, ushbu fikrni dastak qilayotganlar koʻpayayotgani kishini ajablantirmay qoʻymaydi.

Endi tasavvur qiling, ilm-maʼrifatning tayanch maskani — maktablarga bir dona ham gazeta yoki jurnal yetib bormasa. Koʻra-bila turib xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni matbuotdan uzoqlashtirmayapmizmi? Navqiron avlodni mutolaadek ezgu odatdan mosuvo qilib tarbiyalashga intilmayapmizmi?

Zotan, milliy oʻzlikni anglash, maʼnaviyat, milliy gʻoyaga har qachongidan-da ehtiyoj sezilayotgan shu kunlarda bunga, eng qizigʻi, ongli ravishda qoʻl urayotganimiz taajjublanarli.

Dard ustiga chipqon deganlaridek, katta mablagʻ va ijodkorlarning zahmatli mehnati evaziga chop etilayotgan gazeta va jurnallarning joylarda tarqatilishi bilan bogʻliq muammolar bu boradagi vaziyatni battar chigallashtirmoqda. Mutasaddilar, ayniqsa, pochta xizmati koʻrsatuvchi tashkilotlarning “bizga shunisi ham boʻlaveradi” qabilida ish tutishi ushbu tizim butunlay izdan chiqishiga zamin hozirlamoqda. Bunga muxbirlarimizning Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarida oʻtkazgan jurnalistik surishtiruvlari natijalari misolida ham ishonch hosil qilish mumkin.

Obunachi nega norozi?

Namanganda gazeta-jurnallarga obuna tashkil etish va uni tarqatishborasida toʻplangan uzoq yillik tajriba boy berilgan, deyish mumkin. Eng katta muammolardan biri obunachilar kundalik nashrlarni oʻz vaqtida ololmayotganligidadir.

Keling, bu masalani chuqurroq tahlil qilib koʻraylik. Chust tumanilik mehnat faxriysi Anvar Murodovning aytishicha, tuman markazida pochtachilar haftasiga ikki marotaba gazeta tarqatadilar. Demak, haftasiga besh marta chop etiladigan “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” gazetalari hech qachon vaqtida yetib bormaydi. Qishloq joylarda esa ahvol bundan ham battar. Obunachi haftasiga bir marta gazeta olsa ham “doʻppisini osmonga otadi”.

Buning oʻziga xos sabablari bor. Avvalo, pochta korxonalarining moddiy-texnik bazasi va moliyaviy ahvoli yildan-yilga ogʻirlashib borayotir. Xususan, Chust tumanida soʻnggi toʻrt-besh yil mobaynida pochta boʻlimlari va xodimlar soni qariyb ikki baravar qisqartirildi.

Olis qishloqlarni-ku qoʻya turaylik, viloyat markazi — Namangan shahrida ham markaziy gazetalar obunachilarga oʻz vaqtida yetkazib berilmayotganligiga guvoh boʻldik. Jumladan, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” gazetalari shahar pochtasining saralash boʻlimiga aksariyat hollarda chop etilgan kunning birinchi yarmida yetib keladi. Lekin oʻsha kuni gazetalar faqat viloyat va shahar hokimligi, boshqa qator tashkilotlarga eltib beriladi, xolos. Boshqalar matbuot nashrlarini keyingi kunlari oladi.

Obuna masalasidagi yana bir qusur shundan iboratki, endilikda u aksariyat hollarda yillik emas, olti, uch va hatto bir oylik qilib rasmiylashtirilmoqda. Toʻgʻri, aslida istalgan muddatga yozilish mumkin. Lekin tahririyat va obunachi oʻrtasida vositachi hisoblanmish pochta korxonasi yoki “Matbuot tarqatuvchi” faoliyatida izchillik yoʻqligi sababli yilning qolgan qismiga obuna tashkil etish masalasi oʻlda-joʻlda qolib ketadi.

Namangan shahri va Yangiqoʻrgʻon, Uychi, Chortoq va boshqa tumanlarda boʻlganimizda, idoraviy obuna tashkil etilmayotganligi eʼtiborimizni tortdi. Bu, koʻproq byudjet tashkilotlariga taalluqli. Masalan, Namangan shahridagi 8-maktab direktori B. Abdurasulovning aytishicha, maktab kutubxonasi byudjet hisobidan bironta gazeta-jurnalga obuna qilinmagan. Oʻqituvchilarning oʻzlari 12 nusxadagi gazetaga yozilgan, xolos. Kutubxonada esa ularning ayrim sonlari mavjud.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi ahvol ham shunday. Maʼlum miqdorda pul ajratilsa-da, bu mablagʻ vazirlik tomonidan chop etiladigan nashrlarga yoʻnaltiriladi. Ijtimoiy-siyosiy nashrlarga esa yoʻq.

Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasida 2019-yil uchun obuna qanday tashkil etilganligini ham oʻrgandik. Xususan, qishloq maktablari uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan matbuot nashrlariga obuna qanday uyushtirilayotgani bilan qiziqdik. Ushbu mablagʻ byudjetning orttirib bajarilgan qismidan toʻrtinchi guruh xarajatlariga ajratilar ekan. Masalan, oʻtgan yili 400 million soʻm mablagʻ berilgan. Lekin uning 310 million soʻmi xalq taʼlimiga oid gazeta-jurnallar obunasiga yoʻnaltirilgan. Atigi 90 million soʻmi ijtimoiy-siyosiy nashrlar obunasi uchun sarflanibdi. Lekin ularning birontasiga yillik obuna tashkil etilmagan. Faqat uch-besh oylik.

Boz ustiga viloyat boʻyicha qishloq maktablari soni negadir 350 ta deb belgilangan. Holbuki, 600 dan ziyod maktabning 102 tasi Namangan shahrida joylashgan. Demak, boshqa hamma maktablar qishloq tumanlarida.

Gazeta va jurnallarning keng tarqalishiga yordam beradigan omillarning yana biri — ularning chakana savdosini yoʻlga qoʻyish hisoblanadi. Afsuski, bu borada mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayapti. Bunga ham qator sabablar bor. Bundan oʻn yil muqaddam Namangan shahrida qirqdan ziyod gazeta-jurnal sotadigan doʻkonlar bor edi. Hozirga kelib ularning yarmi ham qolmadi hisob. Mavjudlari ham “buz-buz”lar oqibatida yoʻq boʻlib ketdi. “Matbuot tarqatuvchi” viloyat shoʻba korxonasidan maʼlum qilishlaricha, ularning birontasini joylashtirish uchun shahar hokimligi tomonidan tegishli yer maydoni ajratilmadi. Tuman markazida ham xuddi shunday ahvol. Buni matbuotga munosabatning oʻziga xos koʻrinishi deyish mumkin.

Holbuki, chakana savdo bilan shugʻullanadigan doʻkonchaning imkoniyatlari juda katta.

— Odamlar faqat yengil-yelpi mavzular yoziladigan nashrlarga qiziqadi, degan gaplar notoʻgʻri, — deydi Namangan shahri “Chorsu” dahasida joylashgan 33-doʻkon mudiri Musoxon Abdurahmonov. — Bizdan “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo”, “Pravda Vostoka” kabi gazetalarni muntazam sotib oluvchilar bor. Bundan tashqari, obuna bilan ham shugʻullanaman. Har yili 50-60 million soʻmlik obuna toʻplayman. Bu jarayon yil boʻyi davom etadi. Plastik kartalardan foydalanish uchun terminal ham mavjud.

Pochtachi oʻz vazifasini unutdi

Bugun Fargʻona viloyatida ushbu yoʻnalishda “Oʻzbekiston pochtasi” AJ viloyat filiali va “Matbuot tarkatuvchi” shoʻba korxonasi bilan bir qatorda “Fargʻona matbuot pochta”, “Taʼlim pochta”, “Vodiy tibbiyot pochta”, “Sayyor-2017”, “Farziyo Press” singari oʻnga yaqin tadbirkorlik subyekti ham faoliyat koʻrsatadi.

Beshariq tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi ARM rahbari ShahzodaOripovaning taʼkidlashicha, hududdagi 64 ta MTM jamoasi “Matbuottarqatuvchi”orqali“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalariga obuna tashkillashtirilgan. Biroq “Matbuot tarqatuvchi” xodimi gazetalarni muassasalarga emas, uning tumandagi boʻlimiga ulgurji qilib tashlab ketadi. Bogʻcha mudiralari qachonki boʻlimga yumushlari bilan kelgandagina gazetalarni olib ketishadi.

— Obunachilarga gazetalarni chiqqan sanasidan bir kundan soʻng yetkazamiz, — deydi Qoʻqon shahar pochta aloqa tarmogʻi boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Zohidjon Isaqov. — “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarini esa har kuni oʻz manzillariga yetkazamiz.

Qoʻqon shahrida oʻrtacha 230 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Pochta aloqa boʻlimi obunachilarga va 200 ga yaqin tashkilotlarga bir dona maxsus mashina va 20 nafar pochtachi orqali kundalik nashrlarni yetkazadi. Lekin ushbu vazifaning uddalanayotgani amrimahol.

—Baʼzida oʻylab qolaman, agar shifokor oʻz kasbiga sovuqqonlik qilsa, bir odamning taqdiriga befarq qaragan boʻladi, — deydi Qoʻqon shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Komiljon Sirojiddinov. — Pochta xodimining masʼuliyati ham undan kam boʻlmay, axborotning vaqtida yetib borishi zarurligini unutmasligi lozim.

— Imkon qadar arzonroq boʻlishi uchun biz 40 ta umumtaʼlim maktabi uchun 80 dona “Xalq soʻzi” gazetasiga tahririyat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida obuna boʻlganmiz, — deydi Qoʻqon shahar xalq taʼlimi boʻlimi darsliklar boʻlimi uslubchisi Yulduzxon Sultonova. — Shu yil boshidan esa80 dona gazeta maktablarimizga emas, balki boʻlimimizga kela boshladi. Men esa shuncha gazetani maktablarga tarqatib bera olmasligim, bungajismonan va vaqt nuqtayi nazaridan imkonim yoʻqligini masʼullarga bildirdim. Gazetalarni oʻz mijozlariga vaqtida yetkazib berish uchun “Matbuot tarqatuvchi”ning Qoʻqon boʻlimiga aniq manzil asosida maktablar roʻyxatini yubordik. Lekin kundalik gazetalar bir haftada bir marotaba (“Xalq soʻzi” haftada besh marotaba chop etiladi) baribir boʻlimimizga kelaverdi. Xonamda gazetalar taxlami uyulib ketdi. Voqelik davom etavergach, bir yilga tuzilgan yillik shartnomani belgilangan tartibda olti oyda toʻxtatishga majbur boʻldik.

Axir mavjud tartib-qoidalarga koʻra, pochta xodimi har bir obunachining koʻrsatgan manziliga kunligini kunlik, vaqtida yetkazib berishi kerakku-ku?! Qolaversa, aynan shu xizmati uchun haq oladi-ku? Bu holatda ham isteʼmolchi boʻlgan gazetxonlarning haq-huquqlari buzilayotganiga na “Oʻzbekiston pochtasi” AJ mutasaddilari, na “Matbuot tarqatuvchi” korxonasi va na isteʼmolchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar eʼtibor qaratmaydi.

— Biz 2019-yil uchun 10 dan ortiq nashrlarga pochta, “Matbuot tarqatuvchi” va “Vodiy tibbiyot pochta”sidan obuna boʻlganmiz, — deydi Qoʻqon tibbiyot birlashmasi tashkiliy boʻlimi mudiri Zamiraxon Shomurodova. — Ammo barchaviloyat va respublika nashrlari haftada bir marotaba olib kelinadi. Keyin oʻzim saralab, boshqa boʻlimlarga tarqataman.

“Matbuot tarqatuvchi” Fargʻona viloyati shoʻba korxonasida ayni kunlarda viloyat boʻyicha jami shtat asosida 29 ishchi-xodim faoliyat olib boradi. 2019-yilda “Xalq soʻzi” uchun 663 va “Narodnoye slovo” gazetasi uchun 82 dona obunarasmiylashtirilgan. Tashkilotga tegishli 7 ta va shartnoma asosida6 ta mashina 19 tuman va shaharga 100 nomdagi gazeta va jurnal tarqatadi. Butun Fargʻona viloyati aholisiga maʼrifat, ziyo tarqatishga masʼul boʻlgan bu tashkilot ham oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifani bajara olmayapti. Bajarishni xohlaganlarida ham imkoniyatlari yetmaydi.Shoʻba korxonasi direktori Xatima oʻofurovaningaytishicha, barcha ishlar oʻlda-joʻlda. Buning sababi tashkilotlarning korxonadan qarzdorligi yuqori ekanligida. Yillar davomida obuna boʻlgan korxona va tashkilotlar gazetalar vaqtida yetkazib berilgan nashrlar uchun pul toʻlashmagan. Natijada korxonaning obuna uyushtirgan tashilotlardanqarzdorligi 1 milliard 200 million soʻmga yetdi. Tahririyatlardan qarzdorlik esa ayni kunda 850 million soʻmni tashkil etmoqda. Bir qarashda masala oddiy koʻrinadi. Yaʼni barcha qarzdorliklar undirilishiga erishilsa, korxona yilni 350 million soʻm sof foyda bilan yakunlashi mumkin.

— Lekin masalaning boshqa tomoni bor, — deydi Xatima oʻofurova. — Shu kunga qadar 50 dan ortiq qarzi bor tashkilotlarni sudga berdik. Masalan, birgina maktablardan jami 344 million 201 ming soʻm xaqdormiz.Har bir sud xarajatlari oʻrtacha 250 ming soʻmga boradi. Bu esa jami 12 million 500 ming soʻm deganidir. Hali yana sudga daʼvo arizalarini kiritish ishlarini davom ettiryapmiz. Yana sarfimiz oshishi tayin. Endi oʻylab koʻringchi, qarzda “oʻtirgan” tashkilot sud xarajatlarini qayerdan oladi? Xullas, boshimizni yopsak etagimiz, etagimizni yopsak, boshimiz ochilib qolyapti.

“Oʻzbekiston pochtasi” AJ Fargʻona viloyati boʻlimida ham xuddi shu muammo. Viloyat boʻyichakorxona va tashkilotlardankafolat xatlari asosida jami 502 million soʻm haqdorlik mavjud. Bu esa, albatta “Oʻzbekiston pochtasi” AJ bilan yirik tahririyatlar oʻrtasidagiishonchli hamkorlikka putur yetkazmay qolmaydi.

Fargʻona viloyatida faoliyat olib boruvchi “Vodiy tibbiyot pochta”ning esaumuman “qiliq”lari oshib tushdi. Joylarda uning filiallari, yetkazib beruvchi transport vositalari u yoqda tursin, hatto, markaziy ofisida uch kun davomida biron kimsani uchratmadik. Eshiklarga otning kallasidek qulf solingan. Uch kun davomida tegishli maʼlumotlarni olish yoki telefon qoʻngʻirogʻi orqali ular bilan muomalaga kirishishning uddasidan chiqa olmadik. Pochtaning ahvoli shunday boʻlsa, kundalik davriy nashrlarning tarqatilishi qanchalar ayanchli ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Shartlar bajarilmayapti, isteʼmolchi esa zarar koʻryapti

Andijon viloyatida 700 turdagi gazeta va jurnallarga obuna tashkil etilgan. Bu jarayon “Andijon matbuot tarqatuvchi”, “Andijon taʼlim pochta” MCHJlari va “Oʻzbekiston pochtasi” AJning Andijon viloyati filiali tomonidanamalga oshiriladi. Har bir obuna tashkilotchisi oʻz obunachilariga sifatli xizmat koʻrsatish borasida turlicha imkoniyatlarga ega.

Izboskan tumani pochta aloqa tarmogʻida boʻlganimizda, afsuski, bu yerdagilar bizga tumanda necha turdagi nashrlarga obuna boʻlinganligi haqida aniq maʼlumot bera olmadi. Xoʻp, bu savolga javob bera olishi mumkin boʻlgan masʼul xodimlar oʻsha paytda idorada yoʻq edi ham deylik, lekin muhandis Ilhomjon Jalolov sohada hech qanday muammo yoʻqligini eʼtirof etgan bir paytda Navroʻz boʻlimi boshligʻi Mashhuraxon Akbarovaning figʻoni koʻkni tutdi:

— Hududimizda istiqomat qiluvchi bir nafar fuqaro “Xalq soʻzi” gazetasiga yillik obuna boʻlgan, — deydi u biz bilan suhbatda. — Gazeta avvallari haftada ikki marta kelib turardi. Oxirgi paytlarda umuman kelmay qoʻydi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Izboskan tuman sudi pochta aloqa tarmogʻi boʻlimidan atigi 50 metr narida joylashgan, xolos. Oʻrtalaridagi binoni hisobga olmaganda har ikkala idora bir-birlariga qoʻshni hisoblanadi. Pochta xodimlari sud idorasi yonidan kuniga bir necha marotaba oʻtib-qaytishlariga qaramay, gazetalarni oʻz vaqtida yetkazib berish vazifasini ado eta olmayaptilar.

— “Xalq soʻzi” gazetasiga yillik obuna boʻlganmiz, — deydi sud devonxona mudiri Davronbek Soliyev. — Har bir gazetani qabul qilib olishdan avval unga qabul qilingan kun sanasi koʻrsatilgan muhr bosaman. Bugun avgust oyining 12-sanasi boʻlsa, koʻrib turganingizdek, “Xalq soʻzi” gazetasining25-iyul kungi soni 8-avgust kuni yetib kelgan. Shunda ham bir kunda birdaniga 9 ta son olib kelingan. Oradan 15 kun oʻtgan boʻlsa hamki, gazetaning qolgan sonidan darak yoʻq.

Ushbu pochta boʻlimining Tuyachi boʻlinmasiga Tojiboy Boltaboyev masʼul etib tayinlangan. Hududida 3 ta maktab boʻlib, ularning har biri “Xalq soʻzi” gazetasiga bittadan yillik obuna boʻlgan.

— Maktablarga gazetalarni haftada ikki marta yetkazib beraman, — deydi Tojivoy Boltaboyev. — Toʻgʻri, “Xalq soʻzi” gazetasi haftada besh marta, baʼzi paytlarda har kuni chop etiladi. Lekin uni obunachilarga har kuni yetkazib berish uchun menda imkoniyat yoʻq. Boisi, 400-500 ming soʻm atrofida oylik maosh olaman. Gazetalarni tarqatish uchun yonimdan pul sarflayman. Har bir maktabga har kuni borishga toʻgʻri keladigan boʻlsa, xarajatim uchun oylik maoshim ham yetmaydi-ku.

Obuna tashkilotchilarining transport vositalari bilan yetarlicha taʼminlanmaganligisoha faoliyatiga salbiy taʼsir etibgina qolmasdan, obunachilarning pochta tashkilotchilariga, qolaversa, tahririyatlarga boʻlgan ishonchining tobora soʻnib borishiga sabab boʻlmoqda.

Yana birhaqli savol tugʻiladi. Xoʻp, obuna tashkilotchisidaoʻz vaqtida xizmat koʻrsatish imkoni mavjud emas ekan, har kuni chop etiladigan nashrlarga obuna tashkillashtirishga haqqi bormikin? Bu bilan obunachilar oldida nafaqat oʻzining, balki tahririyatlarning ham ishonchini yoʻqotib qoʻymayaptimikin?

Bu kabi holatlarga viloyatning boshqa hududlarida ham duch kelish mumkin. Misol uchun, Buloqboshi tumanidagi sanoat kasb-hunar kollejini olaylik. Kollej direktorining oʻrinbosari Guloyim Yusupovaning maʼlum qilishicha, 2019-yilga qadar har yili oʻrtacha 20 million soʻmlik obuna tashkil etilgan. Bu yil bu koʻrsatkich 7 millionga tushib qoldi. Bunga sabab majburiy obunaga chek qoʻyilishigina emas, balki nashrlarning oʻz vaqtida yetib kelmasligi hamdir. Misol uchun, kollej joriy yilda “Matbuot tarqatuvchi” MCHJ tomonidan 58 nomdagi nashrga obuna tashkillashtirgan boʻlsa-da, tashkilotchi tomonidan shu kungacha birorta gazeta olib kelinmagan.

Xoʻsh, sohada yuzagakelgan bu kabi masʼuliyatsizlikka sabab nima? Afsuski, qars ikki qoʻldan chiqadi. Obuna tashkilotchilari oʻz zimmasidagi vazifaga sovuqqonlik bilan qarayotgan ekan, nima uchun obunachilar oʻz haqini talab qilmayaptilar.

— Boisi, aksariyat obunachilar yetkazib berilayotgan nashrlar uchuntoʻlovni haliyam amalga oshirmaganlar, — deydi “Andijon matbuot tarqatuvchi” MCHJ xodimi Ulugʻbek Bairov. — Natijada Andijon viloyatidagi korxona va tashkilotlar jamiyatimizdan 380 million soʻmga yaqin qarz boʻlib qolgan. Bu bizning ham faoliyatimizga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Obunachilar tomonidan mablagʻ oʻz vaqtida oʻtkazib berilganda edi biz ham tahririyatlardan 219 million 86 ming 700 soʻm miqdorida qarz boʻlib qolmagan boʻlardik.

Xulosa qilib aytganda, pochta xizmati sohasida oʻz yechimini kutib turgan muammolar talaygina. Mavjud kamchiliklar tezroq bartaraf etilmas ekan, obuna tashkilotchilari bilan tahririyat oʻrtasidagi shartnoma shartlari bajarilmay qolaveradi. Eng yomoni, obunachilarning tahririyatlarga va pochta tashkilotchilariga boʻlgan ishonchi soʻnadi. Natijada jabr koʻrgan maʼnaviyat boʻlib qoladi, xolos. Xalqning maʼnaviyatiga putur yetsa, bilingki, jamiyatning poydevoriga ham darz ketishi muqarrar.

Abdurazzoq KARIMOV,

Elyor EHSONOV,

Saminjon HUSANOV,

Nurbek ABDULLAYEV,

“Xalq soʻzi” muxbirlari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?