Tanasidan 16 ta igna va sim boʻlaklari topilgan chaqaloq xonadoni ogʻir ahvolda yashamoqda

12:48 25 Mart 2019 Jamiyat
2253 0

Foto: muallif olgan surat.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. 2018 yilning eng shov-shuvli bu gʻayrioddiy voqeasi qanday qilib xayoldan koʻtarilish mumkin?! 9 oylik chaqaloqligidan mamlakatimizga taniqli boʻlib ulgurgan Azizbek Abdumajidov shu yilning 11 fevral kuni ikki yoshga toʻldi. Dadasi Alijon Xudoyberdiyev va onasi Shohsanam Boltaboyeva oʻtgan 2018 yilda boʻlib oʻtgan voqealar tufayli ruhiy zoʻriqish onlarini boshdan kechirdi. Bu yil boshida esa tilab-tilab olgan farzandi Azizbekning tavallud kunini “Mehnatobod” MFYga qarashli Yangi yoʻl koʻchasidagi yangi koʻchib oʻtgan, hali qurilishi oxiriga yetkazilmagan xoʻjalikda nishonlashdi.

— Shifokorlarga rahmat. Birinchi operatsiyasi mutlaqo bepul, beminnat, muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Oʻgʻlimning ahvoli hozir juda yaxshi. Lekin Azizbekni har olti oyda poytaxtda koʻrikdan oʻtkazamiz, — deydi onasi Shohsanam Boltaboyeva. — Oʻtgan yili 12 sentabr kuni Toshkentga olib borganimizda shifokorlar oʻgʻlimda hayotiga xavf soladigan noxush oʻzgarishlar yoʻqligini aytishdi. Baribir juda xavotirdaman. Tanasida yana 3 dona sim va igna olib tashlangani yoʻq. Koʻkrak qovurgʻasi hamda boʻyin qismida, yurak orqa tomoni — umurtqa oldiga joylashib qolgan ignalarni chiqarib tashlash uchun yana operatsiya zarur. Shifokorlarning taʼkidlashicha, bunday amaliyot uchun bolamiz hali yetarli jismoniy quvvatga ega emas. Jigarbandim yanada kuchga toʻlib olishi kerak ekan. Bu yogʻini soʻrasangiz, operatsiyadan oldingi mayda bordi-keldi va boshqa xarajatlarga ham kuchimiz yetmaydi, afsuski. Olti oy muddat “lip” etib oʻtib ketdi. Shu oyda yana Azizbekni shifokor koʻrigiga olib borish zarur.

Alijon Xudoyberdiyev, Azizbekning otasi: Bilasiz, yangi uyga koʻchib oʻtish va roʻzgʻorni but qilib olish uchun qishloq sharoitida koʻp mehnat talab etiladi. Buni yashiradigan joyi yoʻq. Ayolim Shohsanam bola tarbiyasi va uy ishlari bilan mashgʻul. Oʻzim oʻgʻlimning boshidan kechirgan noxush holatlari tufayli migrant boʻlib ishlashdan voz kechdim. Hozir muqim ish topguncha kunlik yollanma ish bilan mashgʻulman. Toʻgʻri, yangi koʻchib oʻtgan uyimizda 10 sotix tomorqamiz bor. Undan unumli foydalansak boʻladi. Yalqov emasman-u, agar tomorqa bilan mashgʻul boʻlib qolsam, kundalik tirikchilikdan qolib ketamiz. Keyin bizni kim boqadi? Amal-taqal qilib kunlik roʻzgʻorga kerak boʻladigan mablagʻni zoʻrgʻa topib kelyapman. Hozir turmush oʻrtogʻim bilan bor diqqatimizni oʻgʻlimning butunlay sogʻayib ketishiga zarur sarmoya yigʻish bilan bandmiz. Televizorda koʻrsatishyapti, tomorqadan unumli foydalanish uchun sharoiti boʻlmagan shaxslarga davlat, bank va yana ayrim tashkilotlar har tomonlama yordam berisharkan. Toʻgʻrisi, shundan umidimiz bor. Tuman hokimligi yoki mutasaddi tashkilotlar bizning oyoqqa turib olishimiz va tomorqamizdan unumli foydalanishimizga birinchi koʻmakni koʻrsatishsa, u yogʻiga eru xotin eplab ketardik. Faqat boshlanishiga qoʻlimiz kaltalik qilyapti-da...

Shohsanamning aytishicha, bir muddat avval Toshloq tumani Xalq qabulxonasi va tuman hokimligiga ham yordam soʻrab murojaat qilishgan. Biroq bu murojaatga biror-bir joʻyali javob berilmagan. Toʻgʻri, mahalla ahli yoki qarindosh-urugʻlar tomoshabin boʻlib turishgani yoʻq. Lekin “ha” degan tuyaga madad, deydilar.

Mahalladoshlarning aytishicha, yangi mahalla Katta Fargʻona kanalining yoqasida joylashgani uchun dehqonchilik qiladigan yerlar zax. Hatto, kovlansa, bir yarim metrdan suv chiqib ketarkan. Mevali daraxtlar esa ayni mevaga kirgan pallada zax tufayli qurib qolaveradi. Shuning uchun qoʻni-qoʻshnilar chorva boqishni maʼqul koʻrishadi. Nazarimizda, murgʻak Azizbekning ota-onalari Alijon Xudoyberdiyev va Shohsanam Boltaboyevaga ham chorva olishda, yanada aniqrogʻi, ularning boshiga tushgan tashvishlardan xoli boʻlib oyoqqa turib olgunlarigacha keng jamoatchilik vakillari, savobtalab insonlar va mutasaddilarning yordami zarur.

Eslatib oʻtamiz, ayni paytda bolaning hayotiga xavf yetkazmaydigan darajada tanada joylashgan uchta igna haligacha organizmda qolmoqda. Oʻtgan yili bu holat yuzasidan jinoyat alomatlari topilmaganligi bois tergov harakatlari toʻxtatilgan edi. Ammo hanuz koʻpchilikni bir savol oʻylantiradi: ignalar bolaning tanasida qanday paydo boʻldi? Ushbu jumboq hamon ochiq qolayotir. Bu borada turli taxminlar boʻlsa-da, haligacha aniq toʻxtamga kelinmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?