Taʼlimdagi poraxoʻrlik haqidagi “Birinchi avgust” badiiy filmi premyerasi boʻlib oʻtdi

11:38 27 Noyabr 2019 Madaniyat
318 0

Kecha Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasi bilan rejissyor Abduvohid Gʻaniyev tomonidan suratga olingan “Birinchi avgust” badiiy filmining premyerasi oʻtkazildi. Bu haqda “Oʻzbekkino“ xabar berdi.

Premyera avvalida filmda rol ijro etgan aktyorlar kino muxlislari bilan suratga tushdi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari, kinoshunos Shuhrat Rizayev film yaratilish tarixi, ahamiyati haqida gapirib berdi.

“Birinchi avgust” filmi 2009-2010-yillarda oliy taʼlim sohasida avj olgan korrupsiya, yaʼni universitetga kirish imtihonlaridagi qallobliklarga bagʻishlanadi. Film “Olov-Nur media” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan. Kinokartinada bosh rollarni Yigitali Mamajonov, Feruza Yusupova, Tohir Saidov, Rayhon Ulasenova, Sobir Otajonov, Muyassar Berdiqulova, epizodik rollarni Samarqand viloyati teatrlarining isteʼdodli aktyorlari ijro etgan.

Kartina taʼlimdagi qingʻirliklar, korrupsiya haqida suratga olingan ilk film boʻlib, unda talabaning oliy taʼlim muassasasi dargohiga qoʻygan birinchi qadamidayoq koʻzboʻyamachilik va adolatsizlik manzarasini koʻrishi, buning taʼsiri tufayli kelgusi hayotida “Qush uyasida koʻrganini qiladi” qabilida ish tutishi mumkinligi koʻrsatib beriladi.

Biz kundalik hayotimizda “Test sinovlari oʻyin boʻldi” kabi gaplarni koʻp eshitamiz, “paravoz”, “bunker”, “tanka” kabi jargonlar esa ancha ommalashgan. Filmda bu kabi ogʻizda aytiladigan, ammo koʻpchilik hech qachon koʻrmaydigan voqealar kinotasvirga koʻchadi.

“Birinchi avgust”da oliy oʻquv yurtlariga kirish vaqtidagi test jarayonlarining qay darajada “oʻyin” boʻlishi va bu qingʻirliklar tepasida turgan odamlar fosh qilinadi. Filmda korrupsiya aralashmagan syujet liniyasi ham bor. Bu bosh qahramonlar Yigitali Mamajonov va Feruza Yusupova oʻrtasidagi muhabbat fasli. Va bu muhabbat juftligi sizni atrofida qanchalik razolat, ikkiyuzlamachilik boʻlmasin, inson qalbi doimo mehrga tashna boʻlishini yodingizga solib turadi.

Filmda bosh rol ijrochisi Yigitali Mamajonov oliy oʻquv yurtlariga kirish testlarida “paravoz“lik qilgan testoman rolida namoyon boʻladi.

– Filmda jamiyatimizdagi dolzarb muammolardan biri haqida hikoya qilingani juda yoqdi va unda bajonidil rol ijro etdim, – dedi aktyor Yigitali Mamajonov. – Rolimni ishonchli chiqishi uchun astoydil harakat qildim. Chunki agar qahramonim taqdirini koʻrish orqali shu yoʻlda yo yoʻl boshida turgan bitta odam boʻlsa ham ortga qaytsa jamiyat bir jinoyatchidan qutiladi, bir abituriyent oʻz bilimi bilan oʻqishga kira oladi. Va biz oʻz oldimizga qoʻygan vazifani bajargan boʻlamiz.

Kartinada bolalikdan oʻrgatilgan toʻgʻri diniy bilim, shu bilan parallel tarzda chet tillarini oʻrgatib borish yosh avlodning kelgusida halol, eʼtiqodli va dunyoqarashi keng boʻlib ulgʻayishida muhim oʻrin tutishi aks etadi.

Kinoloyiha ijodkorlarining eʼtirofiga koʻra, bu filmda kimnidir yoki qaysidir qatlamni aybdor qilish emas, balki jamiyatdagi shu illatga boʻlgan loqaydlik hamda korrupsiyaga yoʻl ochib berilgan notoʻgʻri mexanizm haqida ham fikr yuritiladi.

Xabarda qayd etilishicha, dramatik voqeliklarga boy “Birinchi avgust” filmini 27-noyabrdan yurtimizning barcha kinoteatrlarida tomosha qilishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?