Ta’limdagi korrupsiya — eng oliy jinoyat

09:56 10 Iyul 2018 Jamiyat
417 0
Illyustrativ foto

Mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilgan. Ammo...

Poraxo‘rlikka qarshi kurash maqsadida olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlarga qaramay, “o‘qishga kiritib qo‘yaman, testni hal qilib beraman”, degan va shu orqali mo‘may pul ishlab olish ilinjidagi firibgarlar hali-hanuz uchrab turibdi. Afsuski, “Farzandim diplom olsa bo‘ldi, u yog‘i bir gap bo‘lar” qabilida ish tutadigan, farzandining qobiliyati, bilimi va salohiyati yetarlimi yoki yo‘q, bunga ikkinchi darajali masala sifatida qaraydigan ota-onalar ham yo‘q emas. Ochig‘i, ushbu holatlar yillar davomida ta’lim tizimidagi korrupsiyaning eng og‘riqli nuqtasi bo‘lib keldi.

Sohadagi islohotlar sabab vaziyat tubdan o‘zgardi, kimning bilimi, qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, o‘sha odam o‘qiydi, degan tamoyilga amal qilina boshlandi. Shu bois endilikda ta’limdagi korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga astoydil kirishilgan. Bu boradagi dastlabki qadam test imtihonlarini topshirish jarayonini tartibga solish bilan boshlandi.

Prezidentimizning joriy yil 4 iyundagi “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimiz oliy ta’lim dargohlariga qabul uchun kvotalar soni o‘tgan yildagiga qaraganda qariyb 8 yarim mingtaga ko‘paydi. Barcha jarayon nafaqat davlat organlari, balki keng jamoatchilik nazorati ostida shaffof tarzda o‘tadigan bo‘ldi.

Qisqasi, hujjat qabul qilishdan boshlab, test imtihonlarini o‘tkazish jarayonigacha abituriyentlar uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilyapti. Asosiysi, haqqoniylik va ochiqlik tamoyiliga amal qilinayotir.

Lekin korrupsiyaga qarshi kurash tobora qat’iy bo‘lib borsa-da, ajiriq kabi uning ildizlari hali-hanuz saqlanib qolgan ko‘rinadi. Astoydil ta’lim olib, ne-ne orzular bilan o‘qishga topshirgan yoshlar manfaatini hatlab o‘tib, harom luqma bilan kun kechirishni o‘ziga odat qilgan ayrim nopok insonlar hozir ham uchrab turgani jamiyatimizdagi sog‘lom muhitga salbiy ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida bu kabi qing‘ir amaliyot u yer, bu yerda urchiy boshlashi ham bor gap. Bunday holat nafaqat oliy ta’lim dargohlarida, balki litsey va kollejlarda, hatto umumta’lim maktablarida ham ko‘zga tashlanayotgani achinarli hol, albatta.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumani XTBga qarashli 247-umumta’lim maktabi direktori S. Tulametova fuqaro S. Almasovadan farzandini maktabning 1-sinfiga o‘qishga qabul qilishi evaziga 500 ming so‘m pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Yoki Toshkent milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari D. Vahobova o‘qishini oilaviy sharoitlar tufayli tamomlay olmagan O‘. Koraboyevga mazkur kollejni bitirganlik to‘g‘risidagi diplomni rasmiylashtirib berish evaziga undan 400 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘la turib, yoshlarimizni qing‘ir yo‘lga boshlagan Vahobovaning qilmishini qanday tushunish mumkin?

Yana bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ta’lim dargohlaridagi poraxo‘rlik kasalligi aynan yuqoridagi kabi “ta’lim muassasalari xodimlarining” salbiy xatti-harakatlari ta’sirida, hatto hali g‘o‘r bo‘lgan o‘quvchilarga ham o‘tmoqda. Bu tabiiy hol, albatta. Chunki “Ustozim shu ishni qilgandan keyin, men qilsam nima bo‘libdi”, degan fikr hali ongi-shuuri to‘la shakllanmagan bolaning xayolidan o‘tadi-da.

Bir misol, Chilonzor tumani tibbiyot kolleji 1-bosqich talabasi F. Esonov mazkur kollejda o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi tanishi D. Malikov orqali fuqaro D. Malikovani 2-mutaxassislik bo‘yicha ushbu kollejga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga undan 500 AQSH dollarini pora tariqasida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Endi oliy ta’lim tizimida “o‘qishga kiritib qo‘yaman” degan firibgarlar haqidagi aniq ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A. To‘laganova va G. Toshpo‘latova Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori yordamchisi lavozimida ishlovchi Umid ismli tanishi orqali mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yamiz, deb fuqaro N. Mirzaabdullayevadan 15000 AQSH dollarini “qurtday” sanab olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Bu kabi yana bir holat poytaxtimizdagi nufuzli oliy ta’lim dargohlaridan biri — Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida sodir bo‘lganligini qanday baholash mumkin?!

Jumladan, ushbu oliy ta’lim muassasasining laboranti Sh. Babayev fuqaro U. Nurullayevni mazkur universitetning Jismoniy tarbiya fakultetiga o‘qishga olib kirishni va’da qilib, undan 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtda ushlandi. Xuddi shu universitetning yana bir o‘qituvchisi, dotsent vazifasini bajaruvchi S. Ahmadaliyev ham fuqaro A. Salimovadan xohlagan fakultetga o‘qishga kiritib qo‘yishga yordam berishi evaziga 4 ming AQSH dollari so‘raydi. Pulning teng yarimini olayotgan vaqtida u ham qo‘lga tushdi.

Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tadbirda fuqaro F. Xujaqulova K. Kamoliddinovni Toshkent davlat texnika universitetining Iqtisodiyot fakultetiga davlat granti asosida o‘qishga olib kirish bilan aldab, undan 8 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Xudda shunday holat Chirchiqda ham qayd etildi. Chirchiq davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya o‘qituvchisi K. Alikulov fuqaro U. Nurullayevni tanishlari orqali O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 8 ming AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.

E’tibor bersak, yuqoridagi holatlarning 3 tasida universitetdagi poraxo‘ru firibgarlar 8 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga tushyapti. Xuddi savdo do‘konidagi ma’lum bir mahsulotning narxi belgilab qo‘yilganidek. Bu oliy dargohlarda ta’limning narxi 8 ming AQSH dollarimi? Yoki u yerdagi ayrim nopok kishilar vijdoni bahosimi bu?!

Qoraqalpog‘istonda ham oliy ta’limdagi yana bir firibgar mulozim faoliyatiga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetining dekani X. Abdullayev fuqaro Nurimbetovani universitetning turkman tili va adabiyoti mutaxassisligi bo‘yicha o‘tkaziladigan ijodiy imtihonlardan yuqori baho qo‘yib, shu orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi hamda buning evaziga 4500 AQSH dollari so‘raydi. Poraning bir qismini, ya’ni 200 AQSH dollarini olayotgan bu mansabdor jinoyat ustida ushlandi.

— Departament organlari tomonidan 2018 yilning birinchi yarmida ta’lim tizimi bilan bog‘liq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi holatlar bo‘yicha jami 83 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, — deydi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining bo‘lim katta inspektori Adham Ismoilov. — Ushbu jinoyatlarning 16 tasi umumta’lim maktablarida, 31 tasi oliy o‘quv yurtlarida, 36 tasi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sodir etilgan. Tahlillarga ko‘ra, ta’lim tizimidagi korrupsiya holatlari, asosan, o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili uchun qabullar boshlangan davrga (49 ta holat) to‘g‘ri keladi. Xususan, joriy yilning yanvar oyida 5 ta, fevral oyida 16 ta, mart oyida 11 ta, aprel oyida 10 ta, may oyida 16 ta va iyun-iyul oylarida esa 25 ta holat fosh etilgan.

Aksariyat hollarda pora berish tashabbusi aynan fuqarolarning o‘zidan chiqayotgani, afsuski, achchiq haqiqat. Vaholonki, jamiyatni halol va korrupsiyadan xoli hududga aylantirishga barchamiz birdek mas’ulmiz hamda poraxo‘r kimsalarga qarshi kurashishda fuqarolarimizning harakati asosiy kuchga ega bo‘lishini anglab yetishimiz shart.
Bosh prokuratura huzuridagi Axborot-tahlil
multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?