“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi. Qanday oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda?

20:05 04 Avgust 2020 Siyosat
243 0

Bugun, 4-avgust kuni Oliy Majlis Senati Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi Ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda ekspertlar ishtirokida parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Muhokamada Qonunning qabul qilinishi bilan mamlakatimizda taʼlim sohasiga daxldor keng huquqiy imkoniyatlar yuzaga kelishi taʼkidlandi.

Yangi tahrirdagi Qonunga “davlat taʼlim muassasasi”, “davlat taʼlim standartlari”, “davlat taʼlim talablari”, “mutaxassislik”, “tarbiya”, “taʼlim”, “kampus”, “oʻquv dasturi” va “oʻquv rejasi” kabi yangi tushunchalarning mukammal izohi kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonunda maktabgacha taʼlim va tarbiya masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni oʻqitish va tarbiyalashga, ularni intellektual, maʼnaviy-axloqiy, etik, estetik va jismoniy jihatdan rivojlantirishga, bolalarni umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashga qaratilgan uzluksiz taʼlim turini amaliyotda keng qoʻllashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Qonunda taʼlim jarayonida mehnat qilayotgan mutaxassislar, qolaversa, ota-onalarning huquqiy maqomi, ularning ijtimoiy muhofazasiga doir jihatlar hamda majburiyatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun 11 yillik majburiy umumiy oʻrta taʼlim, umumtaʼlim maktabi bitiruvchilariga qiziqishlari boʻyicha kasb-hunar oʻrgatish tizimini yoʻlga qoʻyish, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida taʼlim berish muddati va mazmunining oʻzgarishi, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxslarga barcha taʼlim turlari boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat berilishi ham jamiyatimizda intellektual mulk salohiyatidan samarali foydalanish, ilm-maʼrifatga doir ish joylarining kengayishiga imkon beradi.

Shuningdek, muhokama chogʻida mazkur Qonun taʼlim tizimini tartibga solish maqsadlariga xizmat qilishi taʼkidlanib, ushbu hujjat yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?