Taʼlim tizimi islohotlari Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratadi

16:24 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
1399 0

Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʻ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʻliq.

Shavkat MIRZIYOYEV

Zamonaviy hayotni bugun ilm-maʼrifat va taʼlimning taraqqiyotisiz tasavvur etib boʻlmaydi, insoniyat fan oʻqi atrofida aylanayotgandek goʻyo. Jahonning yetakchi davlatlarida taʼlimni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qoʻlga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

Bugungi kunda universitetlarning taʼlim berish faoliyati yana-da takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon boʻlmoqda. Yoshlarimiz sogʻlom hamda goʻzal turmush kechirish, egallagan kasbi boʻyicha doimiy ish oʻrniga ega boʻlish, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish, insoniy qadr-qimmatini kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, qisqacha aytganda, komillikka erishish uchun harakat qilyapti va bu jarayonda taʼlim olishni eng asosiy shart sifatida koʻrmoqda.

Mamlakatimizda 2019-yilning oktyabrida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi. Konsepsiya mazmuni mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi. Unda oliy oʻquv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda taʼlim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va taʼlim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro eʼtirofga erishish hamda boshqa koʻplab aniq yoʻnalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi taʼlim jarayonini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi daʼvatkor nutqi ham ana shundan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik.

Shakl va mazmun mohiyati

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti oxirgi toʻrt yilda ochiqlik sharoitida, jahondagi bir necha mashhur universitetlarning ilmiy, taʼlimiy va tadqiqot faoliyati, shuningdek, xalqaro taʼlim dasturlari tizimi bilan hamkorlikda ish olib bordi. Bu esa bizni taʼlim jarayonining shakl hamda mazmunini kengaytirish mohiyatini anglashga undaydi.

Mazkur faoliyat Oʻzbekistonning iqtisodiy hayotidagi jadal yangilanish hamda oʻzgarishlar sharoitida taʼlim va fanni innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan holda rivojlantirish maqsadlariga toʻla mos keladi. Bu borada yangi taʼlimiy paradigmalarni, tadqiqot universitetlari tomonidan mamlakatda inson kapitalini oshirish boʻyicha olimlar hamda talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni tushunib yetish kerak boʻladi.

Ayni davrda Oʻzbekiston oliy taʼlim sohasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Bilim dargohlarining qiyofasi oʻzgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanyapti, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilmoqda, jumladan, professor-oʻqituvchilarning daromadlari ham ortyapti. Innovatsiya yoʻnalishidagi alohida davlat tuzilmalari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarida ham yangi boʻlinmalar ochilmoqda. Bularning barchasi oliy taʼlimga boʻlgan yondashuvni oʻzgartirib, uning sifati hamda darajasini koʻtarishga xizmat qilishi aniq. Jumladan, bizning institutda ham.

Shu oʻrinda Prezidentimizning 2016-yil dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida boʻlib oʻtgan olimlaru ziyolilar bilan uchrashuvi yodga tushadi. Oʻshanda davlat rahbari mamlakatimiz sanoati, agrar tarmogʻi va umuman, iqtisodiyotida xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiya hamda jihozlarni joriy etish va ulardan foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratgandi. Oʻzbekistondagi yirik taʼlim dargohining rahbari sifatida men bu fikrni oʻzimga hamda institutimiz jamoasiga ham tegishli, deb qabul qildim. Negaki, gap raqamli yechimlar asosida ishlaydigan murakkab texnologik komplekslardan tortib, to oddiy muhandislik ishlanma va uskunalarigacha chetdan keltirilayotgani haqida borar edi.

Davlat ehtiyojlariga mos holda

Taʼlimning asosiy vazifalarini, mavjud ilmiy salohiyat va alohida shaxslarning isteʼdodini davlatning, uning tuzilmalari hamda iqtisodiyoti tarmoqlarining amaldagi ehtiyojlariga moslashtirish juda muhim. Agar shunday qilinmasa, bir kun kelib, tamaddundan yiroqlashish, mamlakat uchun keraksiz, ortiqcha daxmazaga aylanib qolish ham hech gap emas. Yillar davomida biz rivojlanmadik, kuzatuvchi boʻlib qolaverdik, deyish, albatta, notoʻgʻri boʻlardi. Fanlar akademiyasidagi uchrashuv esa Oʻzbekistonning eng yangi tarixida biz ilmiy hamjamiyatda qanday oʻrinni egallayapmiz, xalqaro taʼlim jarayonida qatnashyapmizmi, oʻzgarishlar va innovatsiyalarni maqsad qilganmizmi — ana shu kabi savollarni koʻndalang qoʻydi.

Xoʻsh, agrar tarmoqni, uning suv xoʻjaligi kompleksini, muayyan fermer xoʻjaligini mustahkamlash, rivojlantirish uchun qanday yangi, aniq texnologiyalar, jihozlar va dasturiy mahsulotlarni taklif qila olamiz? Taʼlim hamda ilmiy tadqiqotlar sohasidagi kuchli raqobat sharoitida innovatsion yechimlarni yaratish va ularni koʻpaytirish uchun institutimiz strategiyasi qanday boʻlmogʻi lozim? Axir hozirgi tezkor zamonda bir joyda qotib qolish, bor bilim hamda malakalarni ham yoʻqotib, savodsizlik tufayli tanazzulga yuz tutish aslo mumkin emas-ku.

Bugun tobora kuchayib borayotgan talablarga javob berish maqsadida harakat qilish zarurligini chuqur his etyapmiz. Oldinga, yangilanish sari bir necha qadam qoʻyish uchun esa xalqimiz asrlar davomida toʻplagan bebaho tajriba, yaʼni kadrlar tayyorlash boʻyicha hamda ilmiy-taʼlimiy sohada erishilgan yutuqlar, uslubiy, tuzilmaviy, moddiy va nihoyat, innovatsion rivojlanish tajribasini hisobga olish hamda undan foydalanish lozim. Ayni shunday yoʻl — yangilanish va kashfiyotlar yoʻli — Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutini zamonaviy tadqiqotlar universitetiga aylantirish yoʻlidir.

Bu — “moda”ga ergashish emas

Tadqiqotlar universitetini yaratish eng asosiy maqsad emas yoki urfga berilish ham emas. Bu taʼlimiy va ilmiy faoliyatni innovatsion rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarni ochish, deganidir. Dunyo tajribasi koʻrsatishicha, tadqiqotlar universitetini shakllantirishning muhim omili uning koʻp funksiyali boʻlishi, taʼlim — fan — ishlab chiqarish “zanjiri”da innovatsion jarayonlarning qoʻllab-quvvatlanishi bilan bogʻliq.

Jahondagi aksariyat yetakchi tadqiqotlar universitetlari insoniy zaxiraning yuqori sifati, yaʼni: professor-oʻqituvchilar tarkibining malakasini doim oshirib borish; ish beruvchilar hamda ilmiy ishlanmalardan foydalanuvchilar bilan hamkorlik qilib, bilimlar va ilgʻor innovatsiyalarni keng yoyish; muassasaning oʻz zamonaviy ilmiy-tadqiqot hamda tajriba oʻtkazish infratuzilmasiga ega boʻlishi kabi koʻrsatkichlar bilan ajralib turadi. Shuningdek, unda akademik, moliyaviy, tashkiliy va kadrlar masalasidagi mustaqillik nuqtayi nazaridan avtonom boshqaruv modeli ham mavjud boʻlishi kerak.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti oʻzining koʻp yillik faoliyati davomida tayyorlayotgan mutaxassislari, professor-oʻqituvchilar tarkibini shakllantirish, fundamental hamda amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar va tajriba-ishlab chiqarish maydonchalari hamda hududlardagi filiallarining mavjudligi kabi yoʻnalishlarda birmuncha noyob tajriba toʻpladi. Oliy dargohimizning taʼlimiy vazifasi irrigator, mexanik, energetik, quruvchi, nasoschi, meliorator, yerdan foydalanuvchi, gidroenergetik, iqtisodchi, suv taʼminotchisi, gidrogeolog va geodezist — jami 33 ta mutaxassislik hamda faoliyat yoʻnalishi boʻyicha kadrlar yetishtirishdan iborat, umumiy ilmiy salohiyati 69 foiz. Innovatsion infratuzilmani esa institutda texnoparklar, texnopolislar, ilmiy-innovatsion klasterlar va laboratoriyalar, biznes-inkubatorlar, yangi zamonaviy kafedralar tashkil etmoqda.

Tijoriy mahsulotga aylantirish uchun

Yuqorida sanab oʻtilgan tuzilmalarni innovatsion korxonalarning oʻziga xos injiniring fabrikasi, deyish mumkin.

Ularning vazifasi — tadbirkorlarga loyihaviy takliflar tayyorlashni, innovatsion biznes-loyiha tuzishni, savodli konsalting yuritishni, sarmoyalarni daromadli biznesga yoʻnaltirish yoki “gʻoyadan — tayyor mahsulotgacha” jarayoni uchun lokal ekomuhit yaratishni oʻrgatishdir. Texnoparklar, klasterlar va inkubatorlar boʻlsa, olimlarga oʻz ilmiy gʻoyalarini tijoriy mahsulot darajasiga yetkazishda yordam beradi.

Shuni bilish hamda tushunish muhimki, mamlakat rahbariyati tomonidan ilgari surilayotgan vazifa — Oʻzbekiston iqtisodiyotiga innovatsiyalarni joriy etishni jadallashtirish — koʻp jihatdan uning yangilanayotgan tuzilmasini shakllantirishga bogʻliq. Tuzilma tarkibida eng ahamiyatli oʻrinni ilmiy-taʼlimiy soha egallaydi. Bu esa institutsional tizimning, yaʼni oliy taʼlim muassasalari, jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining mavqeini yana-da koʻtarish, mustahkamlash bilan chambarchasdir.

Bilim va koʻnikmalar — poydevor sifatida

Oʻzbekistonning agrosanoat kompleksini rivojlantirish strategiyasini tuzishda innovatsiyalar bilan qurollangan yangi avlodning bilim va koʻnikmalariga tayanuvchi iqtisodiyotni shakllantirishdan boshqa yoʻl yoʻq. Ilmiy-taʼlimiy sohaning yuqori salohiyati qishloq xoʻjaligi hamda irrigatsiya sektorida innovatsiyalar joriy etilishini taʼminlar ekan, ushbu ijtimoiy-iqtisodiy tuzilma mamlakatning makroiqtisodiy tizimida alohida oʻrin egallaydi.

Bugungi davr talab etayotgan innovatsiyalarni amalga oshirish uchun esa ilmiy-taʼlimiy sohaning oʻzi ham eng zamonaviy innovatsion texnologiyalarni oʻz faoliyatiga tatbiq qilishi lozim. Bu ish ilmiy-taʼlimiy sohaning innovatsion rivojlanishini boshqarishga moʻljallangan texnologiyalar, mexanizmlar va usullarni takomillashtirishni taqozo qiladi. Bizning institutimiz ushbu yoʻnalishda muayyan tajriba toʻpladi, aniqrogʻi — oʻzini innovatsion rivojlanish vektoriga ega oliy oʻquv yurti sifatida tanitadigan koʻrsatkichlarga erishdi. Bular:

– innovatsion infratuzilmani shakllantirish, uning asosiy elementlari boʻlgan texnoparklar, klasterlar, texnopolislar va biznes-inkubatorlar;

– taʼlim, fan va ishlab chiqarishning makroiqtisodiy integratsiyasi — u institut atrofida klaster tuzilmalari bilan toʻldiriladigan, ixtisoslashtirilgan ilmiy-texnik va iqtisodiy maydonchani shakllantirishga olib keladi;

– qulay taʼlim jarayonini tashkil etish — bunda ilmiy tadqiqotlar, taʼlim hamda fanning innovatsion faolligini oshirishga xizmat qiluvchi sharoitlar, yaʼni oʻqituvchilar, doktorantlar, magistrant va talabalarni ilmiy ishlanmalarga jalb etish hamda mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratiladi;

– ilmiy-texnik hamda iqtisodiyotning innovatsion sohasida ishlashga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash chora-tadbirlari.

Yuqorida keltirilgan, institutning zamonaviy ilmiy-taʼlimiy faoliyatiga tegishli koʻrsatkichlarning aksariyati ushbu sohadagi intilishlarimiz va salohiyatimizdan darak berib turibdi. Ular bosib oʻtilgan rivojlanish bosqichiga xolis baho berish bilan birga, kelgusida tadqiqotlar universitetiga aylanish uchun yoʻl ochib beradi.

Bunday universitetlar MDH boʻyicha qoʻshnilarimiz — Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasida bor. Ularning tajribasi katta qiziqish uygʻotadi, masalan, ushbu oliy dargohlar davlat tashabbusi bilan oʻtkaziladigan, “milliy tadqiqotlar universiteti” toifasi beriladigan oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish dasturlari boʻyicha tanlovda qatnashadi. Rossiyada bunday tanlov universitetning ayni vaqtdagi holati hamda keyingi yillardagi rivojlanish dinamikasini tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Jumladan, bunda universitetning kadrlar salohiyati, taʼlim jarayoni va ilmiy tadqiqotlar infratuzilmasi, taʼlimiy hamda ilmiy-innovatsion faoliyatning samaradorligi, xalqaro va milliy darajada tan olingan yutuqlari, taqdim etilgan rivojlanish dasturining asoslanganligi hamda kutilayotgan natijadorligi singari koʻrsatkichlar hisobga olinadi.

Qozogʻiston misolida oladigan boʻlsak, sanab oʻtilgan mezonlar boʻyicha ayrim koʻrsatkichlar quyidagicha:

– ushbu oliy oʻquv yurti asosiy ish joyi boʻlgan oʻqituvchilar orasidan ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega boʻlganlari — 70 foizdan kam emas;

– oliy taʼlimdan keyingi taʼlim dasturlari boʻyicha tahsilni davom ettirayotgan magistrant va doktorantlar ulushi — umumiy kontingentning 15 foizidan koʻprogʻi;

– “Times Higher Education World University Rankings” reytingiga muvofiq ravishda dunyoning eng yaxshi 200 ta universiteti safiga kirgan xorijiy oliy oʻquv yurti ishtirokida ishlab chiqilgan oliy taʼlimdan keyingi taʼlim dasturlarining ulushi — 20 foizdan kam emas;

– ilmiy-pedagogik xodimlarning umumiy tarkibida chetdan taklif etilgan xorijiy oʻqituvchi va tadqiqotchilar ulushi — 12 foizdan kam emas;

– xorijiy oʻqituvchi va tadqiqotchilar bilan hammualliflikda tayyorlangan ilmiy maqolalar ulushi — keyingi uch yilda xalqaro reytingli jurnallarda chop etilgan ilmiy maqolalarning umumiy soniga nisbatan 10 foizdan kam emas.

Umuman, tanlovni tashkil etishda tanlov gʻoliblari boʻlgan universitetlar (oliy taʼlim muassasalari)ning rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish tartibi va shartlari hisobga olinadi. Albatta, Rossiya hamda Qozogʻistonda oliy oʻquv yurtlarining faoliyatini baholashda qoʻllaniladigan yondashuvlar toʻlaroq va chuqurroq oʻrganishga loyiqdir. Shuningdek, Oʻzbekistonda uni joriy etish koʻzda tutilayotgan boʻlsa, demak, har tomonlama, jumladan, huquqiy jihatdan ham, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi kerak.

Bu borada “QS Quacquarelli Symonds” kompaniyasi konsalting boʻlimi boshligʻi D. Redjioning “Narodnoye slovo” gazetasida chop etilgan tahliliy maqolasi foydali va oʻz vaqtida chiqqan maqola boʻldi. Unda Oʻzbekistonning universitetlari taʼlimiy hamda ilmiy tajriba asosida xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlish harakatini kuchaytirishi lozimligi aytilgan.

Ortda qolish emas, oldinda yurish kerak

Oʻzgarishlar yoʻlidagi islohotlarning yana bir muhim jihatiga toʻxtalib oʻtish joiz.

Yaxshi tushunamizki, tadqiqotlar universitetiga aylanish va uning samarali faoliyat yuritishi uchun zamonaviy, yuqori darajada tashkillashtirilgan innovatsion raqamli bazaga tayanish lozim boʻladi. Bu masalada ancha orqada qolganmiz. Koʻrib turganimizdek, dunyo allaqachon raqamli globallashuv davriga qadam bosdi, bu davr esa axborot, gʻoyalar hamda innovatsiyalar oqimi toʻxtamayotgani bilan ajralib turadi.

Ekspertlarning bashoratiga koʻra, 2021 — 2023-yillarga borib, jahon iqtisodiyotining 25 foizi raqamlashtirilgan texnologiyalarni joriy etishga oʻtadi. Bu jarayon esa davlat, biznes, taʼlim va umuman, jamiyat samarali faoliyat yuritishiga imkon yaratadi.

Bunday sharoitda istiqbolli taʼlim texnologiyalari, yangi axborot-kommunikatsiya vositalari, innovatsion pedagogik yechimlar va ijtimoiy texnologiyalardan keng foydalanayotgan smart-taʼlim tizimi bugungi kun talablariga, davlat hamda jamiyatning intilishlariga toʻla javob beradi. Misol uchun, Yevropada ushbu chaqiriqlarga javoban yagona Yevropa universiteti haqidagi gʻoya ilgari surilmoqda, toki u internet tarmogʻida smart-taʼlimning umumiy standartlari, bitim va texnologiyalari asosida hamkorlikdagi taʼlimiy faoliyatni olib borsin. Rossiya Federatsiyasida “20.35” Milliy texnologik tashabbus universiteti faoliyat yuritadi, u esa insonning raqamli iqtisodiyotdagi kasbiy rivojlanishini taʼminlaydi.

Jahon taʼlim hamjamiyatida shunga oʻxshagan misollar koʻp.

Jahon tendensiyalari sari

Axir biz shunday jahon tendensiyalaridan chetda qolishimiz mumkinmi? Albatta, yoʻq. Bugungi kunda institutimiz mintaqaviy va xalqaro darajadagi aniq loyihalar ustida ishlayapti, yangi raqamli taʼlim platformasini yaratish, infratuzilmada zamonaviy boʻlinmalar tashkil etish boʻyicha innovatsion yechimlar qabul qilmoqda. Shuningdek, koʻplab ilmiy hamda taʼlimiy tadbirlarda ishtirok etyapti.

Biz yangilanishu kashfiyotlar ostonasiga juda yaqin keldik. Maqsadni belgilab olganmiz va bizdan avvalgi ustozlar oʻz hayotini institutga, Vatanga bagʻishlagani singari fidoyilik talab etiladi shunda, albatta, maqsadga yetamiz.

Koʻpchilik bilmasa ham kerak: uzoq 1922-yilda Turkiston davlat universitetining gidrotexnika boʻlimini ilk bora 16 nafar suv tejash boʻyicha mutaxassis bitirib chiqqan. Demak, yaqin orada biz Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari institutining 100-yilligini nishonlaymiz. Ushbu shonli tarixning keyingi toʻrt yili jadal rivojlanish davri boʻldi. 2016-yilda oliy taʼlim dargohimiz qaytadan tiklandi. Institutimizda “Tempus”, “Erasmus” hamda “Erasmus+” xalqaro loyiha va tanlovlari, Yevroittifoqning “Susadisa” hamda “GIZ” loyihalari, Oʻzbekiston — Rossiya taʼlim forumining loyihalari toʻlaqonli amalga oshirilmoqda.

2022-yilda nishonlanadigan bir asrlik yubiley arafasida biz institut tarixidagi yangi yuz yillikka innovatsion yutuqlar bilan, yangi vazifalarni hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan, yangi platformada rivojlanish va muvaffaqiyatlar bilan qadam qoʻymoqchimiz.

Oʻktam UMURZOQOV, 

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti rektori, 

Respublika oliy taʼlim kengashi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?