Taʼlim sohasida innovatsion va kreativ fikrlaydigan kadrlar tayyorlanadi

18:04 18 May 2020 Siyosat
435 0

2015-yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston BMT Sammitida eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy darajada bajarilishi boʻyicha shartlarini qabul qildi. Shunga koʻra, 2018-yil 20-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat oʻzida jami 16 ta maqsad va 225 ta vazifani qamrab olgan boʻlib, Yurtboshimiz tashabbusi bilan qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga toʻliq hamohangdir. Uning asosida aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, odamlar salomatligini muhofazalash, iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining toʻrtinchisi – “Sifatli taʼlim”ga bagʻishlangan boʻlib, Oʻzbekiston bu sohada izchil islohotlar jarayonini olib bormoqda.

Yurtimizda taʼlim sohasida innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak maʼnaviyat egalari etib tarbiyalash maqsadida taʼlim tizimini takomillashtirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratilyapti. Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 6 ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21 ta qarori bu sohadagi islohotlarning huquqiy-meʼyoriy asoslarini mustahkamlab berdi.

Ota-onalar, jamoatchilikning istagi inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab taʼlimi tizimi qayta tiklandi. Soʻnggi uch yilda yurtimizda 157 ta umumtaʼlim maktabi yangidan qurildi. Millatimizning buyuk namoyandalari boʻlgan Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomida iqtidorli bolalar maktablari tashkil etilib, ularning qoldirgan boy ilmiy merosini oʻrganish hamda bu sohani taraqqiy ettirish bilan shugʻullanadigan yoshlarning yangi avlodini tarbiyalashdek sharafli jarayon boshlandi. Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Isʼhoqxontoʻra Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomi bilan atalgan ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi”, Prezident maktablarining bunyod boʻlishi esa xalqimiz orasidan yetishib chiqadigan yuqori salohiyatli, oʻtkir zehnli yangi avlod vakillari uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.

Pedagog xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida oxirgi 3 yilda oʻqituvchilarning ish haqi oʻrtacha 2,5 barobar oshdi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qoʻshimcha oylik ustamalar toʻlanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod oʻqituvchini jalb etish imkonini berdi.

Hozirgi kunda “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama qilinmoqda. Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida 20 dan ortiq xorijiy davlatning taʼlim toʻgʻrisidagi qonunlari oʻrganildi. 30 ga yaqin vazirlik va idoralar, taʼlim sohasida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq mutaxassis va 100 dan ortiq fuqaro qonun loyihasi boʻyicha fikr-mulohaza hamda takliflarini bildirdi. Yangi tahrirda ishlab chiqilgan qonunda boblar soni 5 tadan 12 taga va moddalar soni 34 tadan 70 taga yetkazildi. Unda amaldagi qonunning 33 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilib mazmunan toʻldirildi hamda ilgʻor xorijiy davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda 36 ta yangi modda kiritildi.

Yaqinda eʼlon qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek, Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori yurtimizda sohalar boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirishning maqsadli dasturini tasdiqlash, sohaga ixtisoslashtirilgan maktablarni bosqichma-bosqich tashkil etish borasidagi muhim masalalarning hal etilishini taʼminlaydi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy indikatorlari va vazifalari qatorida umumqamrovli va sifatli taʼlimni taʼminlash hamda barchaga butun umri davomida taʼlim olish imkoniyatini ragʻbatlantirish maqsadi boʻyicha 2030-yilgacha oʻqituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish orqali oʻqituvchilar sonini jiddiy ravishda koʻpaytirish moʻljallangan.

Oydin ABDULLEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?