Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

09:37 17 Yanvar 2019 Hujjatlar
2770 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5538-son Farmoniga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat inspeksiyasi) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2019 yil 1 martdan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) tartibini joriy etish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi:

a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida alohida boʻlinmalari (filiallari) va qoʻshma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning (keyingi oʻrinlarda – fuqarolar);

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qoʻshma qarori bilan roʻyxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning;

tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining yoʻllanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;

1992 yil 1 yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan fuqarolarning;

Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) toʻlaqonli aʼzolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʻnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;

Amerika Qoʻshma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yoʻnalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;

xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun Oʻzbekiston Respublikasining vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish);

b) taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) toʻgʻrisidagi arizalarni faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Davlat inspeksiyasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalari reytingini tuzish va rasman eʼlon qilish;

oʻquvchilarning bilim darajasini baholash boʻyicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda Oʻzbekiston Respublikasining ishtirokini taʼminlash;

dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy taʼlim muassasalarining ushbu reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish.

3. Milliy oliy taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish hamda ushbu muassasalarda kadrlar tayyorlash sifatini, jumladan, xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish orqali oshirish yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib borish uchun masʼul boʻlgan Davlat inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.

Belgilansinki, Davlat inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda maqomi, tibbiy va transport taʼminoti sharoitlari boʻyicha vazirning birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi.

4. Davlat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 108 nafardan iborat yangilangan tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat inspeksiyasining boshligʻiga, zarur hollarda, xodimlarning oʻrnatilgan cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Davlat inspeksiyasi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

5. Davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

taʼlim muassasalarining reytingini belgilovchi dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik oʻrnatsin;

2019 yil 1 aprelga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish natijalariga koʻra, taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2019 yil 1 iyunga qadar taʼlim muassasalari, pedagog xodimlar, taʼlim oluvchilar, taʼlim-tarbiya jarayoni va boshqa zarur axborotlar toʻgʻrisida yagona maʼlumotlar bazasini shakllantirishni oʻz ichiga olgan taʼlim sifatini taʼminlovchi axborot tizimini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Belgilansinki, 2019 yil 1 fevraldan:

pedagog kadrlarga birinchi va oliy malaka toifasi, yetakchi va bosh oʻqituvchi lavozimi berish, shuningdek, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida mazkur malaka toifasiga va lavozimiga talabgorlarga malaka toifasini berishda toʻlanadigan yigʻimlardan tushadigan mablagʻning 50 foizi Davlat inspeksiyasining byudjetdan tashqari Rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma);

Jamgʻarmaga tushadigan mablagʻlarning 80 foizgacha boʻlgan miqdori Davlat inspeksiyasi boshligʻining qaroriga koʻra, lavozim maoshining 200 foizigacha miqdorda oylik ustamalar toʻlash, moddiy yordam koʻrsatish, xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi uchun mukofot puli, shuningdek, mamlakat ichida va tashqarisidagi xizmat safarlari xarajatlarini toʻlash tarzida xodimlarning moddiy ragʻbatlantirilishiga yoʻnaltirilishi mumkin.

7. Davlat inspeksiyasiga Jamgʻarmaning mablagʻlari hisobidan quyidagi xarajatlarni toʻlashga ruxsat etilsin:

Davlat inspeksiyasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy va oliy taʼlim muassasalari, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlarning malakali mutaxassislari, shu jumladan, taʼlim sohasidagi xorijiy ekspertlar va xorijda yashayotgan vatandoshlarni maslahatchilar sifatida jalb qilish;

Davlat inspeksiyasi xodimlarini ilmiy-tadqiqot, taʼlim va boshqa muassasalarda, shu jumladan, xorijda oʻqitish, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish;

Davlat inspeksiyasi, unga idoraviy mansub tashkilotlar va hududiy boʻlimlarining faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Davlat inspeksiyasi tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Davlat inspeksiyasining bino va inshootlarini rekonstruksiya qilishni Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning kelgusi yillardagi davlat dasturlariga kiritilishini taʼminlasin.

9. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimovga – yuklatilgan vazifalarning lozim darajada bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralarni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu qarorning bajarilishini muntazam koʻrib chiqish yuzasidan;

Davlat inspeksiyasining boshligʻi U.N.Tashkenbayevga –mazkur qarorga muvofiq joriy etiladigan xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) tartibining amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlash, mazkur sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha sifatli va puxta ishlab chiqilgan takliflarni kiritish yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.

10. Davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

a) quyidagi boʻyicha yangi yigʻimlar miqdorlarini tasdiqlash:

xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish);

milliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish;

b) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 16 yanvar


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?