Taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiya ishlarining holati qanday?

10:37 21 Noyabr 2020 Siyosat
175 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida olib borilayotgan huquqiy taʼlim va tarbiya ishlari samaradorligi toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan yuborilgan Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining javobini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Parlament soʻroviga javobda qayd etilganidek, Prezidentimizning 2020-yil 29-apreldagi Farmoniga muvofiq, yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, taʼlim muassasalarida olib borilayotgan huquqiy taʼlim va tarbiya ishlari borasida tizimda uchta — oʻquv-uslubiy, yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy hamda tashkiliy-amaliy yoʻnalishlarda qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Chunonchi, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab, taʼlim muassasalarida oʻquvchi va talabalarning huquqiy bilimlari uzluksiz va tizimli oshirib borilishini taʼminlash mexanizmi joriy etilgan. Shuningdek, oʻquvchi va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan oʻquv dasturlari tubdan qayta koʻrib chiqilgan. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab, kasb-hunar maktablarida boshlangʻich professional taʼlim darajasida umumtaʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumtaʼlim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi taʼlim shaklida taʼlim jarayoni olib borilmoqda.

Yoshlarga oʻz huquqlarini himoya qilishning amaliy mexanizmlarini oʻrgatishga qaratilgan “Street law” (Koʻcha huquqi — oddiy huquq) loyihasi doirasida 40 nafar oʻqituvchi va talabadan iborat guruh shakllantirilib, ular tomonidan Toshkent shahridagi maktab oʻquvchilariga huquqiy savodxonlikni oshirish boʻyicha interaktiv mashgʻulotlar olib borilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti iqtidorli talabalarining tashabbusi bilan “Yosh yuristlar” birlashmasi tashkil etilib, Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Birlashma faollari aholiga huquqiy maslahatlar berish tizimini samarali tashkil etish maqsadida telegram ijtimoiy tarmogʻida (https://t.me/konsultatsiyaonline) onlayn konsultatsiya sahifasini yaratib, faoliyatini samarali tashkil etib kelmoqda.

Parlament soʻroviga javobda taʼkidlanishicha, yurisprudensiya sohasida kadrlar tayyorlash mamlakatimizdagi 5 ta oliy taʼlim muassasasida yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent davlat yuridik universiteti mazkur mutaxassislik boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlashda bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasa hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Samarqand davlat universitetida huquqshunoslik, Namangan davlat universitetida yuridik fakultetlari tashkil qilingan.

Majlisda yosh avlodning huquqiy bilimini yana-da mustahkamlash, huquqiy madaniyatini yuksaltirish, taʼlim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratishga doir qator takliflar ilgari surilib, parlament soʻroviga yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?