Taʼlim muassasalari yangi oʻquv yiliga tayyormi? 

16:58 23 Sentyabr 2020 Siyosat
556 0

Bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotganidek, Oʻzbekistonga kirib kelgan COVID-19 pandemiyasi taʼsirini cheklash, bu ofatdan xalqimizni asrash boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida aholining ehtiyojmand qatlamlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanib, tadbirkorlarga moliyaviy va soliq imtiyozlari berilmoqda.

Bunday ishlarning uzviy qismi sifatida, mamlakatimiz taʼlim muassasalarini pandemiya cheklovlariga qaramasdan oʻz faoliyatini davom ettirishi, farzandlarimiz salomatligiga zarar yetkazmagan xolda, ularni uzilishlarsiz bilim olishini taʼminlash uchun masofadan, onlayn rejimida taʼlim berish yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi kunga kelib, sogʻliqni saqlash tizimida koronavirusga qarshi kurash boʻyicha olib borilayotgan izchil ishlar natijasida karantin cheklovlari yumshatilib, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarni oʻz bagʻriga chorladi.

Chunonchi, Xalq taʼlimi vazirligi tavsiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hududiy boʻlinmalarining ruxsati bilan faoliyat boshlagan mazkur ilm maskanlarida oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash borasida zarur barcha choralar koʻrilgan.

Lekin koronavirus pandemiyasining yurtimizda hozirga qadar davom etayotgani, ushbu kasallikdan aholi zararlanishi holati hamon saqlanib qolayotgani, oʻz navbatida, taʼlim berishni anʼanaviy tarzda tashkil etayotgan muassasalarda bir qator tashkiliy va tibbiy-sanitariya choralarini tashkil etishni taqoza qiladi.

Taʼlim tizimida shu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, mavjud muammolarni oʻrganish va tahlil qilib tegishli mutassaddi tashkilotlarga taqdim etish maqsadida joriy yilning 18-sentyabr kuni xalq deputatlari Mirzo Ulugʻbek tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzolari bilan birgalikda tumandagi bir qator umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida quyidagi jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan;

– maktab binosiga kirishda maxsus biriktirilgan tibbiyot xodimi tomonidan termometr yordamida oʻqituvchi va oʻquvchilarning tana harorati oʻlchanishi hamda qoʻllarni antiseptik vositalar bilan dezinfeksiyalashni tashkil qilinganligi;

– boshlangʻich, oʻrta va katta sinf oʻquvchilarining boshqa-boshqa eshiklar orqali hamda aniq grafik asosida belgilangan vaqtda maktabga kirishini yoʻlga qoʻyilganligi;

– 2 metrlik oraliq masofani koʻrsatuvchi belgilar oʻrnatilganligi;

– sinf xonalari, yoʻlaklar va sport zallarini dezinfeksiyalovchi vositalar bilan muntazam tozalanishi;

– har bir oʻquvchining partasida qoʻshimcha tibbiy niqob va antiseptik vositalarning mavjudligi;

–oʻquvchi yoki oʻqituvchida favqulodda kasallik alomatlari aniqlanganda boshqalardan yakkalash maqsadida maxsus izolyatsiya xonasi ajratilib, kerakli shart-sharoitlar yaratilganligi.

Oʻrganishlarimiz doirasida barcha taʼlim muassasalarida yuqoridagi jihatlarga alohida eʼtibor berilayotgani, tibbiyot xodimlari tegishli ravishda ajratilgani va zarur dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlangani aniqlandi. Taʼlim muassasalarida boshlangʻich sinf oʻquvchilarining deyarli barchasi anʼanaviy usulda, sinfda taʼlim olayotgani maʼlum boʻldi.

Oʻrta va katta sinf oʻquvchilarining esa qariyb yarmi anʼanaviy, qolgani masofadan turib tahsil olyapti. Bu holat sinfda bolalarning ijtimoiy masofalanishiga imkoniyat beradi. Sinf xonalari televizor bilan jihozlangan boʻlsa-da, lekin internetga ulanish imkoniyati faqat informatika xonasida mavjud.

Eʼtiborimizni tortgan yana bir holat, maktablar binosining aksariyati 25 yil yoki undan koʻp yillar avval qurilgan. Hozirgi kunga kelib kapital taʼmirga muhtoj boʻlib qolgan. Shu boisdan ushbu taʼlim muassasalar binolarini kapital taʼmirlash dasturiga kiritish gʻoyat muhimdir. Qolaversa, oʻrganilgan maktablarning deyarli barchasida ochiq havoda umumiy yigʻilishlar oʻtkaziladigan maydonlarning asfalt qoplamasi achinarli holatda va taʼmirni talab qiladi. Bu muammoni esa kapital taʼmirni kutib oʻtirmay hal qilish mumkin.

Oʻzaro muloqotlar davomida maktab direktorlari, oʻqituvchilar bilan suhbatlashib, taʼlim sohasidagi muammolar, tizimni yana-da yuqori darajaga koʻtarish uchun qanday ishlarni amalga oshirish lozimligi, zarurat boʻlsa qonunchilikda qanday oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritish kerakligi bilan qiziqdik.

Shu bilan birga, soʻnggi yillarda ishlab chiqilgan oʻquv darsliklari va metodik qoʻllanmalarning sifati va ular bilan taʼminlanish darajasi muhokama qilindi. Pedagog oʻqituvchilar ushbu masalalarda bir qator kamchiliklar va hozirgacha hal etilmagan masalalar haqida gapirdilar. Xususan, darsliklarni koʻplab imloviy va texnik xatolar bilan chop etilayotganiga eʼtibor qaratdilar.

Mazkur uchrashuvlar doirasida tumandagi maktabgacha taʼlim muassasalarida ham boʻlib, u yerda sanitariya qoida va talablari boʻyicha tayyorgarlik ishlari holatini oʻrgandik. Jumladan, 232-maktabgacha taʼlim muassasasida xonalarni joriy taʼmirlash va hududni tozalash ishlari olib borilayotganiga guvoh boʻldik.

Ushbu muassasa uchun ham asosiy muammo – uni kapital taʼmirlash dasturiga kiritilishdir. Chunki muassasa binosi 25 yil davomida bunday taʼmirlanmagan. Shunga qaramay, tarbiyachilar kichkintoylar yashaydigan har bir xonani doimo toza va tartibli ushlab turish, ular uchun koʻrgazmali materiallar tayyorlash, hududdagi manzarali daraxtlarni parvarish qilish ishlarni bilan mashgʻul ekanliklari aniqlandi. Mavjud muammolar yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrildi.

Xulosa qilib aytganda, tuman umumtaʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim muassasalari karantin cheklovlari yumshatilgandan soʻng oʻz eshiklarini yana bolajonlarga ochar ekanlar, buning uchun katta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda. Ushbu ishda, shubhasiz, yutuqlar bilan birga, hal qilinmagan muammolar ham mavjud. Oʻrganishlarimiz zamirida tekshiruv emas, balki ularning rahbarlari, pedagog oʻqituvchilarini oʻylantirayotgan va hali oʻz yechimini topa olgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda koʻmaklashish ekani taʼkidlashni xohlar edik.

Erkin ZOHIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?