Taʼlim krediti olish tartibi qanday?

14:19 12 Avgust 2020 Iqtisodiyot
850 0

Oilamizdan ikki kishi oʻqishga topshirganmiz. Agar shartnoma asosida oʻqishga kirsak, toʻlash uchun taʼlim krediti olishimizga toʻgʻri keladi. Taʼlim krediti olishning tartibi haqida maʼlumot bersangiz. Ushbu savolga Markaziy bank axborot xizmati rahbari Akmal Nazarov javob berdi.

"Taʼlim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining kunduzgi boʻlimlariga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan talabalarning oʻqishi uchun ularning oʻziga, ota-onalariga yoki vasiylariga berilishi mumkin.

Taʼlim kreditlari, oliy taʼlim muassasalarida oʻqish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga qabul qilingan talabalarga — 10 yilgacha, magistratura bosqichi talabalariga — 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.

Hozirgi karantin davrida taʼlim krediti ajratish xizmatini masofaviy ravishda koʻrsatilishi tijorat banklari tomonidan mustaqil belgilanadi.

Taʼlim kreditini olish uchun qarz oluvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) taʼlim krediti berish toʻgʻrisidagi ariza;

b) talaba va oliy taʼlim muassasasi oʻrtasidagi toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma. Ushbu shartnomada oʻqishning belgilangan muddati va bir yil uchun toʻlov miqdori koʻrsatilgan boʻlishi lozim.

g) kreditni qaytarishning taʼminlanishi toʻgʻrisida hujjat;

d) imtiyozli taʼlim kreditlari olish huquqiga ega boʻlgan chin yetimlar, “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam taʼminlangan oila farzandlari tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Kredit qaytmasligi xavfining oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi taʼminlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim:

▫️mol-mulk yoki qimmatli qogʻozlarni garovga qoʻyish;

▫️uchinchi shaxs kafilligi;

▫️sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchi kreditni qaytara olmasligi xavfi sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi;

▫️fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kafilligi (bu hujjat faqat chin yetimlar va “Mehribonlik uylari”da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam taʼminlangan oilalardan chiqqanlar uchun soʻraladi).

Taʼlim kreditini olish tartibi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyuldagi 318-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy oʻquv yurtlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari berish toʻgʻrisidagi nizom”da va tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida keltirilgan", dedi Nazarov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?