Xalq ta’limi vazirligi xususiy maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

18:37 12 Iyul 2018 Jamiyat
663 0
Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Joriy yilning 11 iyul kuni Xalq ta’limi vazirligida xususiy maktablarning mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda xususiy maktablarni rivojlantirishdagi muammolar muhokama qilindi. Xususan, dividendlar olish imkoniyati yo‘qligi, soliq imtiyozlari mavjud emasligi, o‘quv korpuslari va binolarni ijaraga olish, qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar sabab xususiy maktablar maktab bitiruvchilariga attectat bera olmasligi kabi muammoli holatlarga to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning malaka oshirish institutlarida malaka oshirishi masalasi muhokama qilindi.

O‘z navbatida Xalq ta’limi vaziri nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirishda, jumladan, davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Xususan, mavjud quvvatidan o‘quvchi soni kam bo‘lgan maktablarda davlat-xususiy hamkorligini yo‘lga qo‘yib, xususiy investorlar tomonidan maktabda mavjud o‘quvchilarga bepul ta’lim berish javobgarligini olishi kabi xorijiy davlatlarda mavjud tajribani qayd etildi. Shundagina, xususiy investor bino quvvatidan yanada samarali foydalanish uchun investitsiya kirita oladi, mazkur mikrohududdagi o‘quvchilar, ayniqsa kam ta’minlangan oila farzandlari avval imkoniyatlari yetmagan sifatli ta’limni ortiqcha xarajatlarsiz olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Vazir bunday yondashuv byudjet mablag‘larining bir qismini ozod qilib, ularni boshqa davlat ta’lim muassasalarini, shu jumladan, chekka tumanlardagi maktablar va maktab filiallarini takomillashtirishga yo‘naltirish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi. Yig‘ilishda shuningdek, malaka oshirish markazlarini davlat-xususiy hamkorligi ko‘rinishida tashkil qilish istiqbollari muhokama qilindi. Taraflar bugungi kunda o‘quv-metodik jarayonini rivojlantirish, davlat ta’lim standartlari, darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni yaratishdagi bo‘shliqlarni alohida qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi bilan xususiy maktablar vakillari o‘rtasida yuqorida aytib o‘tilgan muammolarni hal etishda va xalq ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tayyorlanayotgan qaror loyihalariga takliflar kiritishda yaqin hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tadbir ishtirokchilari Xalq ta’limi vazirligi rahbariyatiga mavjud muammolarni hal qilishda hamda ta’limni rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy usullarni qo‘llash bo‘yicha hamkorlik va qo‘llab-quvvatlashgani uchun o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?